MOSUVO ETMAGIN MA’RIFATINGDAN
Besh illat bor, qalbni aylagay qaro,
O’zni asramasang, duch kelgay balo.
Ko’p yeyish, ko’p deyish hamda yalqovlik,
Behuda kulmoqqa bo’lmoq mubtalo.
Yana noshukurlik – ko’p og’ir illat,
Yuzni qilgay qaro xaloyiq aro.
Iloho, bulardan asra bandangni,
Ojizlar dardiga aylagin chora.
A’molim mezonga qo’yar chog’ingda,
Gunohlarim kechir, etma oshkora.
Qalbni yoritguvchi besh fazilat bor,
Kim unga muyassar, Alloh bo’lar yor.
Oz yemoq, tafakkur aylamoq ko’proq,
“Ixlos”ni ixlosla o’qimoq bisyor.
Olimlar suhbatin mudom istamoq,
Istig’for aytmoqlik yana har sahar.
Iloho, bularga esh et qalbimni,
Zikringda saharlar aylagin bedor.
Mosuvo etmagin ma’rifatingdan,
Toki jamolingga bo’lay muyassar.
Do'stlaringiz bilan baham: |