Asarlari
Birinchi marta respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan sheʼri chiqqan paytda Abdulla Oripov talaba edi. Shoirning birinchi [sheʼrlar toʻplami] „Mitti yulduz“ esa 1965-yilda chop etilgan. Undan keyin „Koʻzlarim yoʻlingda“ (1967), „Onajon“ (1969), „Ruhim“ (1971), „[O’zbekiston]“, „Qasida“ (1972), „Xotirot“ (1974), „Yurtim shamoli“ (1974), „Jannatga yoʻl“ (1978), „Hayrat“ (1979), „Hakim va ajal“ (1980), „Najot qalʼasi“ (1981), „Yillar armoni“ (1983), „Haj daftari“ (1992), „Saylanma“ (1996), „Sohibqiron (sheriy drama) “ (1996), toʻrt tomlik „Tanlangan asarlar“ (2000–2001) singari qator kitoblari bosilib chiqdi.
Abdulla Oripov xalqimizni dunyo adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirish borasida ham talay ishlarni amalga oshirgan. U Dantening (rus.)"Ilohiy komediya" asarini, L.Ukrainka, T.Shevchenko, N.Nekrasov, Q.Quliev, R.Hamzatov singari shoirlarning sheʼrlarini mahorat bilan oʻzbekchaga oʻgirgan.
Abdulla Oripov sheʼrlarida falsafiy teranlik joʻshqin lirizm va insoniy samimiyat bilan uygʻunlashib ketgan.
Uning „Bahor“, „Birinchi muhabbatim“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Munojotni tinglab“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Olomonga“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“, „Chuvaladi oʻylarim sensiz“ va boshqa qator sheʼrlarida mana shu xususiyat yaqqol seziladi.
Bu asarlar oʻzbek milliy sheʼriyatining mumtoz namunalari boʻlib, yuksak badiiyligi, mantiqan kuchliligi, joʻshqinligi, yoqimliligi va lirik tuygʻularga boyligi bilan ajralib turadi.
Mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov soʻzi bilan aytiladi.
Millat maʼnaviyati va estetik tafakkurini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun shoir Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi boʻlib, 1998-yilda „Oʻzbekiston Qahramoni“ degan yuksak unvonga sazovor boʻldi.
САЛОМ–АЛИК
Умримдан минг марта розиман, бироқ
Гоҳида кўксимни ортиқ керибман.
Ёшлик – ғўрлик экан, англамай, кўпроқ
Катта шайтонларга салом берибман.
Вақтнинг тезлигига ҳайрон қоламан
Ва кулиб қарайман бунинг барига.
Энди ёшим улуғ, алик оламан
Кичик шайтонларнинг саломларига.
ҚЎРИҚЧИ ИТ
Орзу қилган экан бойвачча йигит,
Уй қурди, ақчани сарф этди талай.
Уйни қўриқларди, лекин чўлоқ ит,
Бўйнигача қўтир, бир кўзи ғилай.
Шундоқ иморатни қурдингми, Одам,
Топиб қўй-да энди, лойиқ итни ҳам.
СОҒИНЧ
Сени соғинсинлар,
Сен кўп соғиндинг,
Чора йўқ барибир икки ҳолда ҳам.
Дарёдек тошардинг, кўл каби тиндинг,
Фақат руҳинг қолди сен билан ҳамдам.
Афсус, соғинчнинг ҳам бордир адоғи,
Кейин унутилиш, бари абасдир.
Соғинган одамнинг кўнглида доғи,
Соғинтирганга ҳам осон эмасдир.
МЕҲР
Негадир ёш бола ва ёки бемор,
Гуноҳ иш қилгандек боқар жавдираб.
Овозингни баланд қилдингми бир бор,
Улар ҳадик ичра қолар довдираб.
Йўқ ахир уларнинг зарра гуноҳи,
Мудрар қалбларида бардош ва сабот.
Фақат меҳрга зор улар нигоҳи,
Кутганлари эса шафқат ва нажот.
Do'stlaringiz bilan baham: |