Abdug'ofur rasulov. Shafoat yog'dusidan bahramandlik (1991)



Download 21,16 Kb.
Sana31.12.2021
Hajmi21,16 Kb.
#262200
Bog'liq
ABDUG'OFUR RASU


ABDUG'OFUR RASULOV. SHAFOAT YOG'DUSIDAN BAHRAMANDLIK (1991)

(Yoshlar qissalari haqida qaydlar)

Yoshlar roman yozishga botina olmaydilar-u, tezroq qissaga qo‘l uradilar. Qissa janri tabiatida jalb qilish xususiyati kuchli: bekorga uning ocherk bilan «birodarligini» ta’kidlamaydilar. Oltmishinchi, yetmishinchi, undan keyingi o‘n yillikda ham yoshlarda qissa yozishga rag‘bat kuchli bo‘lgan. Hozir ham qissanavis yoshlar ko‘p. Men Normurod Norqobilning «Oqbo‘yin», Xurshid Do‘stmuhamadning «Oromkursi», Bahodir Murod Alining «Ko‘kto‘nliklar», Isajon Sultonovning «Munojot», Shuhrat Musoning «Rahna» qissalari haqida fikr-mulohazalarimni bayon etmoqchiman.

Badiiy adabiyotda, xususan, Sharq adabiyotida odamni tabiat farzandi, tirik mavjudotning tarkibiy qismi sifatida tasvirlash adabiy udum, an’ana. Realistik metod paydo bo‘lgach, inson badiiy adabiyotdagi asosiy kuch, ijtimoiy munosabatlar tayanchi, o‘zagi bo‘lib qoldi. Mashhur san’atkorlar-realistlar insonni hamisha jonli mavjudotlar birligida aks ettirganlar. O’zbek sho‘ro kitobxoni o‘tmish adabiyoti, san’atidan ma’lum muddat uzilib qolganligi sababli insonni adabiyotning birdan-bir qahramoni, xarakter yaratish badiiy adabiyotning yagona vazifasi deb, biryoqlama qarashlarga ishonib yashadi.

Og‘zaki ijod namunalari, «Qissasi Rabg‘uziy» singari asarlarning chop etilishi kitobxonni go‘yo mislsiz kengliklarga olib chiqdi. U borliqning yaratilishi, Odam Ota va Momo Havo haqidagi rivoyatlarni o‘qishga muyassar bo‘ldi. Kitobxon ko‘z o‘ngida tirik mavjudot inson bilan apoq-chapoq harakat qila boshladi. Qiziq, maxluqot olamida insonni ulug‘lash, unga sajda qilish, unga madad berish harakati oliy bir kuch tomonidan boshqarilib turgandek... Mayli, chop etilayotgan asarlar dunyoqarashimizda ancha mustahkamlanib qolgan «Bunday bo‘lishi mumkin emas. Bular — afsona», degan to‘siqqa urilaversin. O’sha afsona asarlarda ruhimizni erkalaydigan allanima bor, g‘aroyib bir kuch: «Mana shunga ishon, e’tiqod qo‘y»,— deyayotganday bo‘ladi.

Sho‘ro adabiyotida tabiatni — dov-daraxt, o‘t-o‘lan, daryo-dengiz, maxluqot olamini harakatda, jonli kuch sifatida aks ettirish an’anasi kuchayib bormoqda. Boshqa adabiyotlaru yozuvchilarni qo‘ya turaylik-da, zamonaviy turkiy adabiyotning zabardast san’atkori Chingiz Aytmatov ijodiga nazar tashlaylik. Urush tufayli eri, uchta alpomishday o‘g‘li, suluv kelinidan judo bo‘lgan To‘lg‘anoy Momo yer bilan suhbat quradi. Momo yer To‘lg‘anoyning o‘t bo‘lib yonayotgan qalbiga taskin beradi, sabr-bardosh ato etadi. Bironta kitobxon: «Yer gapirmaydi. U oyoq ostidagi tuproq-ku!» demaydi. Ona bug‘u («Oq kema»), Qoranor («Asrga tatigulik kun»...), Toshchaynar, Akbara («Qiyomat») singari obrazlar, menga qolsa, eng kuchli xarakterlar bilan bellasha oladi. Mo‘min chol, Bola qalbini Ona bug‘usiz, Edigey yuragidagi to‘fonlarni Qoranorsiz, saxiy tabiatning dono farzandi Chingiz Aytmatov anduhlarini Toshchaynar, Akbara bo‘rilarsiz, vahshiy odamlar tomonidan qirilayotgan sayg‘oqlarsiz anglash mumkin emas.



Badiiy adabiyotda maxluqot olamini aks ettirishda nozik, badiiy bir sir bor. San’atkor inson qalbidagi mehr nuri, shafqat tuyg‘usi nuqtai nazaridan hayvonlar, parrandalar olamini aks ettiradi. Qoranor bizga shuning uchun suyukliki, uni Edigey o‘z farzandiday ardoqlab o‘stirgan, mehrini qo‘ygan. Akbara, Toshchaynarlar yirtqich: imkoniyat tug‘ildi deguncha qonxo‘rlik qiladilar. Yozuvchi bu yovuz yirtqichlarni chekinayotgan tabiat, insoniy yovuzlik oldida ayanch ahvolga tushib qolgan kuch sifatida aks ettiradi. Badiiy asarlar, kinofilmlar ta’sirida xom sut emgan bandalar ilonni, timsohni, bo‘rini, ayiqni katalakday uylarida asrayaptilar. Bunday mehribonlik hozircha faqat salbiy natija beryapti. Badiiy adabiyot tabiatga, tabiat quchog‘idagi erkin parrandayu darrandalarga mehr uyg‘otadi.

Hozirgi o‘zbek adabiyotida maromiga yetkazib tasvirlangan hayvonlaru parrandalar obrazlari ko‘p emas. Vaholanki, tabiatga hujum davrida biz katta talofatga uchradik, hayvonot olamiga qiron yetdi. Shukur Xolmirzaev, Egam Rahim, Mengziyo Safarov, Emin Usmon, Nurali Qobul va yana bir necha yozuvchilar ijodida tabiat, uning «fuqarolari» obrazi aks etgan. Normurod Norqobilning «Oqbo‘yin» qissasi («Sharq yulduzi», 1990 yil, 9-son) samimiyligi, vafodor it obrazini ishonarli tasvirlagani bilan diqqatni jalb etadi. O’. Umarbekovning «Ko‘kyol», Nurali Qobulning «Tubsiz osmon», Bahodir Murod Alining «Oqto‘sh» asarlarida ham it obrazi yaratilgan. Lekin N. Norqobil qissasida Oqbo‘yin, uning yashash tarzi o‘ta tiniq va xolis chizilgan. Yozuvchi hayotni Oqbo‘yin ko‘zi bilan ko‘radi, tevarak-atrofni, odamlarni, parrandalarni, itlarni uning qabul qilishi, his etishi darajasida tasvirlaydi. Qissada katta ijtimoiy voqealar, hayotni keng ko‘lamda tasvirlash yo‘q. Ammo unda badiiylik, kitobxon qalbini rom etadigan samimiylik bor. Mana, Oqbo‘yin endigina ildamroq yurishni o‘rgangan, atrof-muhitga murg‘ak ko‘z bilan qarashga odatlanayotgan payt. Uni ko‘rishi hamono baroq mushuk tuklarini hurpaytirdi, «pix» etgan ovoz chiqardi, so‘ng shataloq otib qochdi. Oqbo‘yinning «tashrifi tovuqlarga yoqmadi. Xo‘roz esa, ochiqdan-ochiq tahdid qilmoqqa o‘tdi. O’z qanoti bilan yer supirib, yaqinlashma, yomon qilaman. degan yo‘sinda joyida chir aylanarkan, ketiga tislanib, tepmoqqa chog‘landi. Oqbo‘yin yarim yo‘lda sarosimada turib qoldi, begona joyga qadam bosganini payqadi». Oqbo‘yin ulg‘aya borgach, uning raqiblari ko‘paydi, kurash-yashash vositasi ekanligi tabiatidan ko‘rina bordi. Qissada Oqbo‘yinning Malla, Oqto‘sh laqabli aka-ukalari tabiati, taqdiri tiniq tasvirlangan. Oqbo‘yin yoshligidanoq vahshiyligi anglashib qolgan inisi — Malla bilan hayot-mamot jangiga kirishadi. Yengilishiga bir bahya qolganda Mallaning orqa oyog‘i Oqbo‘yinning og‘ziga to‘g‘ri kelib qoladi. U oyoqni jon-jahdi bilan tishlaydi, suyakning qars-qurs singani eshitiladi, Malla jon holatda vangillab yuboradi. Qissaning fazilatlaridan biri shundaki, yozuvchi, asosan Oqbo‘yinni, uning qiliqlarini, ayovsiz g‘ijinishlarini diqqat markazida tutsa-da, voqea ro‘y berayotgan chekka qishloq kishilari, ularning yashash tarzi, o‘zaro munosabatlarini ostki oqim tarzida aks ettiradi. Qishloq kishilari ilg‘or kolxozchi, ferma mudiri, ilg‘or brigadir sifatida tasvirlanmaydi. Zinhor. Agar shunday yo‘l tutilsa, qissaning ohori, o‘zligi tamoman yo‘qolardi. Yovuzchi odamlardagi o‘zlikni, tabiiylikni ochishga intiladi. Normurodning mahorati shundaki, qissada, personajlar tasviri-da mutanosiblik saqlangan. Oqbo‘yin o‘z tabiatidagi tug‘ma belgilarni namoyon etganiday, kishilar ham suratga tushayotgan yoxud o‘zga joydan kelgan noma’lum odam bilan sergaklanib suhbatlasha-yotganday sun’iy holatga kirmaydilar. Tabiiy muhitda odamning mohiyati, o‘zagi ko‘zga yarq etib tashlanadi. Sodiq aka, Erkin puchuq, Kimsan xola, Salom do‘xtir, Xidir xira, Karim podachi, Mamarajab juvozkash, Keldiyor lo‘li singarilar ma’lum kasb-kordagi, turli mavqedagi kishilar. Lekin ularning boy-kambag‘alligi, amaldoru oddiyligi yozuvchini qiziqtirmaydi. U tirik odamlar tabiatini ishonarli aks ettirishni maqsad qilib qo‘ygan. Karim podachi itfe’llikda Oqbo‘yindan o‘tsa o‘tadiki, kam emas. Jo‘jabirday oila boshlig‘i, muloyim Sodiq aka ham bir tajanglashsa, gojlik qilsa, Karimdan qolishmaydi, tutgan yerini uzmasdan qo‘ymaydi.

«Sen bola ko‘-o‘p achchig‘imni qo‘zg‘atma! — g‘azabdan podachining rangi bo‘zarib ketdi. — Surishtirib kelsak, o‘sha axta bo‘lgur kuchugingni bo‘ynida itimning xuni bor. Otish kam, etini nimtalasam arziydi, Xudo nasib etsa, bu ishni qilaman ham.

Sodiq aka bosh barmog‘ini barmoqlari orasidan chiqarib, qo‘lini podachi tomon cho‘zdi.

— Mana qilasiz!

Karim podachi qo‘lidagi piyolani jahd bilan otdi. Piyola tokcha qirrasiga tegib, parchalanib ketdi. Sodiq aka dasturxondagi chinni kosalardan birini qo‘liga oldi. Podachi irg‘ib o‘rnidan turdi:

— Qoch, yo‘limni to‘sma! — dedi oraga tushganlardan birining ko‘kragidan itarib.— Ketaman! Qolsam, yomon bo‘ladi! Manovuni tikkalay so‘yib qo‘yishim mumkin! Qo‘yvor qo‘limni! Qo‘limni qo‘yvor deyapman».

Qissada qishloq kishilari orasida Karimga o‘xshash og‘zi kattalar, Salom do‘xtirga o‘xshash samimiylar, Xidir xiraday qahri qattiqlar, juvozkashday maqtanchoqlar borligi ko‘rsatiladi. Bu qissa, burungi paytlardagiday, sotsialistik qishloqlarimizni, mehnatsevar kolxozchilarni ulug‘lash niyatida yozilmagan. Asarda haqiqiy hayot, tirik jonli odamlar bor. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, u berilib o‘qiladi, kitobxonni befarq qoldirmaydi.

Normurodning qissasida uncha-muncha kitobxon e’tibor beravermaydigan bir fikr bor: «...jonivorlar, ayniqsa, it zoti kimgadir mehr qo‘ymasdan yasholmaydi. U atrofdagilardan birini tanlarkan, umr bo‘yi bor mehru sadoqatini yolg‘iz o‘sha odamga bag‘ishlaydi». Inson ham mehrga mehr bilan javob beradi. Xalq o‘rtasida itning vafodorligi qancha ulug‘lansa, otning yigit (erkak) kishi qanoti ekanligi madh etiladi. Inson shuning uchun ham insonki, u qalbi buyurgan ishni qiladi, aqlini ishlatib e’tibor topadi. Tabiatdagi hamma narsa inson uchun yaratilgan. Hatto yaratuvchi barcha maloiklarni insonga sajda qildirgan. Inson, chindan ham, ulug‘, hech kim, hech narsaga tobe’ bo‘lmasligi lozim. Hozirgi insonlar kiroyi sevganlaridan emas, to‘qlikka sho‘xlik qilganlaridan itu mushuklarga shohona sharoit yaratmoqdalar. Hatto itning tuvagi oltindan, mushukning to‘shagi pardan bo‘lmoqda. Buning boisi shundaki, ba’zi odamlar tirik mavjudotlarga bezak sifatida qarab, soxta shuhrat ilinjida ularga afsonaviy sharoitlar yaratmoqdalar. Odamlar orasida latta-putta, jihoz-buyum, yengil mashinayu magnitofonlarga ishqibozlik ortib boryapti. Bir guruh kishilar esa amal, unvon, mukofotlar gadosi. Bir so‘z bilan aytganda, inson o‘zining ulug‘ligini, tabiatning sarvari ekanligini unutib qo‘ymoqda. Kundalik ovoragarchiliklar, boyvachchalik tuyg‘usi uni uvoq, mayda qilib qo‘ymoqda. Adabiyotda hamisha mol, jihoz, pul-boylik shaydolari obrazlari yaratilgan. Biz uzoq vaqtlargacha Solih maxdum, Qori ishkamba, Inoyat oqsoqollarni o‘zimizdan tashqari deb bildik, bu baxillar ustidan kulib qo‘ya qoldik. Besh qo‘l barobar emas-ku, deya o‘zimizga taskin berdik. G’afur G’ulom maqolalaridan birida yozishicha, gramafon endi-endi udum bo‘lib kelayotganida, serzavqbir ayol shu matohni qattiq sevib qolibdi. Shu darajaga borib yetibdiki, pirovardida oilasi, bola-chaqasini tashlab, gramafon egasiga turmushga chiqibdi. Bu hodisaga ham yoqa ushlab qo‘yaqolganmiz.

Zamon o‘zgardi, odamlarda mol-mulkka o‘chlik avj oldi. Shu darajaga borib yetdiki, yengil mashinasini bola-chaqasidan ortiq sevadiganlar, dang‘illama uy-joy qurish uchun odamgarchilikni, insof, diyonatni butunlay unutganlar, gilam yoxud jihozga zarar yetkazgani uchun ota-onani rosa do‘pposlaganlar paydo bo‘ldi. Odam mol-mulkning quliga aylanayozdi. «Hozir mening dard-kasalimni eshitgan odam kulishi muqarrar, kim kulsa kulaversin, lekin ana o‘n-yigirma yillardan keyin odamzod qavmi orasida oromkursini sevish kasalligi tarqasa nima bo‘ladi? Qani, xo‘sh?! Vabodek, o‘latdek tarqasa?... Kursi deb odamlar odamlardan bezib ketsa, kursidan orom topish ilinjida bola otasining, ota xotinning bahridan o‘tsa, yoppasiga shunday bo‘lsa!.. Oromkursi jinnisiga aylanish spiddek yopishsa odamlarga u hozirgi mehr-oqibatlardagi sovuqchilik, inkorni inkorlar holva bo‘lib qoladi, Ko‘klamali janoblari!... Ana o‘shandagina insoning oromkursiga ishqi tushgan birinchi odam — Ko‘klam Tongotarovni eslaydilar...» Mazkur ko‘chirma Xurshid Do‘stmuhammadning «Oromkursi» qissasidan («Sharq yulduzi», 1990 yil, 10-son) olindi. Qissani o‘qib chiqqan ko‘pchilik kitobxonlar hayron bo‘lishlari, hatto og‘zi katta munaqqid ham: «Xo‘sh, nima bo‘pti?» deyishi tayin.

Milliy nasr ham misoli jonli mavjudot: bolalik pallasidan o‘tadi, o‘smirlik ajoyibotlarini boshidan kechiradi, balog‘at bosqichiga yetadi. Kitobxon ham xuddi shunday... U «O’tgan kunlar»ni o‘qiganda yozuvchining etagiga mahkam yopishib olgan: «Bu nima, bu kim?» deya tinimsiz savol bergan bolakay edi.

Hozir jahon adabiyotidagi yangi yo‘nalishlar sezgir ijodkorlar tomonidan tez ilg‘ab olinmoqda. Bugungi ilg‘or nasrda imo-ishora, ramz, har bir jumla, ibora, so‘zga iloji boricha ko‘proq ma’no joylash xususiyati aniq sezilyapti. Nasrda his-tuyg‘udan ko‘ra aql-zehn, sezgirlik yetakchilik qilmoqda. Haqiqiy nasr har doim ruhiyatni asosiy «ish maydoni» deb anglagan. Avvallari nasrdagi voqea emas, xarakterning o‘sish-o‘zgarish yo‘ligina diqqatimizni jalb etardi. Hozir shunday voqealar, hodisalar tasvirlanadiki — u hayotda ko‘p, kam uchrashidan qat’i nazar — ularda serma’nolilik, ostki, ichki oqim kuchli. Yozuvchi bir voqeani tasvirlay turib butunlay boshqa maqsadni ko‘zlashi mumkin. Xullas, hozirgi nasrdagi izlanishlar adabiyotshunoslikdagi bir mahallar jiddiylik bilan o‘qitiladigan hayot haqiqati, obrazning milliyligi, tipiklik, adabiy an’ana singari masalalarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.

«Oromkursi» — Xurshidning yetuk qissasi emas. Ammo unda voqea-hodisalarga, inson tabiatiga yangi nuqtai nazardan qarash aniq seziladi. Qissadan olingan ilk taassurot shuki, yozuvchi, garchi oromkursi haqida yozgan bo‘lsa-da, amalkursini nazarda tutadi. Ko‘klamali Tongotarov viloyat miqyosidagi amaldor bo‘lgan: atrofida yelpataklari, dastyorlari, farmonbardorlari xizmat qilgan. Bunday fikrga kelishimizga sabab shuki, milliy nasrimizda takabbur, sersalobat, farosatsiz To‘ra To‘raevichlar obrazi ko‘plab yaratilgan edi. Buyumni yurak-yurakdan sevib qolish, narsaning quliga aylanish, o‘zligidan judo bo‘lish — adabiyotimizdagi yangi masala. To‘g‘rirog‘i, hozir odamlar o‘rtasida keng tarqalgan baxillik, molparastlik, ma’naviy bo‘shlik «Oromkursi»da qattiq qoralangan. Qissada g‘alati bir ohang bor. Uni kesatiq, piching yoki romantik mayl ifodasi deb ham atash mumkin. Ko‘klamali Tongotarov... Nom-chi? Ko‘klamali «sevgilisi» orom-kursini yana ham go‘zal ko‘rishni istaydi. Oromkursini xusnini «ochadigan» jihoz, mol-mulk, latta-putta topishga intiladi. Ko‘klamali qip-qizil matodan parda tutadi. Oppoq oromkursi derazadan tushayotgan alvon nur og‘ushida ajib tovlanadi: qahramon chunon xuzurlanadiki, aytib ado qilish mushkul. Shu payt tartib o‘rnatuvchilar xush kayfiyatni buzadilar. Rasmiy kishilarning rasmiy gap-so‘zlari, so‘zlash ohanglari, begunoh kishini aybdor qilib qo‘yish usullari «oshiq» Ko‘klamalining toqatini toq qiladi.

Ijarachi kampirning gap-so‘zlarida piching sezilmaydi. Qishlog‘i haqida o‘ylarkan, Ko‘klamali yuragida samimiylik, mehr jo‘sh uradi. Ko‘klamali ashyoga ko‘ngil qo‘ygan ilk oshiq sifatida tas-virlanadi. U osma supaga chiqadi-da, oromkursini pastga uloqtirmaydi: o‘zi oromkursining ustiga chiqib pastlikka sho‘ng‘iydi. O’ziga xos xotima. Qissada imo-ishora, har bir voqea, obrazga ko‘proq ma’no singdirishga harakat seziladi. «Oromkursi» Xurshid asarlari ichida o‘z qiyofasi, tabiati, tasvir yo‘li bilan ajralib turadi.

«Ko‘kto‘nliklar» — jiddiy qissa, roman nafasi sezilib turgan asar. Muallif uni yozishga puxta tayyorlanibdi. Ko‘pchilik yoshlarda sezilmaydigan so‘zga talabchanlik, matnning pishiqligiga e’tiborni «Ko‘kto‘nliklarnda ko‘rdim. Milliylik barcha mualliflar asarlarida mavjud, lekin Bahodir Murod Ali qissasi yana ham milliyroq. Bu xususiyat «yog‘iy», «ulus», «mashoyix», «navkar», «g‘oza», «iymon», «savqi tabiiy», «egri karnay» singari o‘z o‘rnida qo‘llangan so‘zlardagina emas, qissaning umumiy ruhida, o‘ta o‘zbekona tafakkur tarzida seziladi. Qissani o‘qigan kitobxon «O’ziga ishonish — xotirjamlik, xotirjamlik — lazzat, lazzat esa g‘aflat ekan», «Suyganlarim bekor, tuyganlarim sarob, eshitganlarim yolg‘on, ko‘rganlarim soxta», «Do‘st deb birov ko‘ngil qo‘ymaydi, dushman deb qatorda sanamaydi, ikkisiga ham munosib emasday yuradi, gapiradi, to‘yu azada qatnashadi, biroq odamlikka da’vogarlik qilmaydi. Do‘stsiz, dushmansiz odam odammi?», «Erkakning erkakligi qon ko‘rganligida, qon ko‘rmaganlar sotadi, sotiladi, qon ko‘rganlar otadi, otiladi» singari matalsimon jumlalar, ulardagi purma’nolarga diqqat qilmasligi mumkin emas.



«Ko‘kto‘nliklar» qissasining mavzusi qaltis: qariyb yetmish yildirki bosmachilik haqida asarlar yaratiladi, bosmachilarning salbiy vahshiyligi fosh etiladi. Badiiy adabiyot, san’atda yaratilgan bosmachilar obrazi miqdor jihatidan hayotdagidan o‘n chandonlar ortib ketdi desam xato bo‘lmas. Bosmachi degan so‘z faqat qoralik, salbiylik ramzi edi. Hech kim: «Nega bosmachi?», «U qaerni bosib olgan?» deb o‘ylab ko‘rmagan. Ikki-uch yildan beri bosmachilik mohiyati qaytadan o‘rganilmoqda. Ayniqsa, 1990 yilda Markaziy, mahalliy matbuot bosmachilik harakatining tagzamini xususida, bosmachilarning maqsad-muddaolari to‘g‘risida qimmatli maqolalar chop etdi. Bosmachilik, to‘g‘rirog‘i, milliy ozodlik harakatini tamoman yangicha badiiy nigoh bilan yoritish mavridi yaqinlashyapti. «Sharq yulduzi» oynomasida (1991 yil, 3-son) e’lon qilingan «Bosmachilik: haqiqat va uydirma» nomli davra suhbati shu yo‘nalishdagi ilk dadil qadamlardan bo‘ldi. «Ko‘kto‘nliklar» adabiyotimizdagi bir necha roman, pesa, qissa qatori, bosmachilik harakatini yangicha yo‘nalishda yoritgan asarlardan biri. Siyqalashib ketgan mavzuni yangi o‘zanga burish mustaqil nigoh bilan aks ettirish mushkul. Bahodir Murod Ali qissasida eskicha qarashning tazyiqi, siquvi sezilib qoladi. Qissada, tabiiyki, ikki qarama-qarshi kuch — qizillar va bosmachilar o‘rtasidagi kurash tasvirlangan. Jaloliddin, Sorokin, Mansur, Qirg‘iy bola singarilar qizillar namoyandalari, Asqarali, Umaralibek, Shomirzabek, singarmlar «bosmachilar» yetakchilari, qo‘rboshilar. Asarda xalq asosiy kuch sifatida tasvirlangan. Yozuvchi bosmachilar tomonida ham emas, qizillarni ham to‘la qo‘llamaydi. Uning kuzatuv nuqtasi xalq orasida. U har ikki zid kuchga xalq ko‘zi, didi bilan boqadi. Juda ko‘p asarlarda xalq qizil qo‘shinlar uchun fon, hammaslak vazifasini o‘tardi. Bahodir Murod Ali qizillarni ham, bosmachilarni ham donishmand xalq tushunchasi nuqtai nazaridan baholaydi. Xalq qissadagi hal qiluvchi kuch. Uning ruhida inqilobiylik sezilmaydi. Turmushni yangichasiga qurish ham bosh maqsad emas: Jaloliddinning otasi, enasi uyni oppoq qilib kafanday bo‘yab qo‘ygan tatar muallimga nojo‘ya ishi uchun tanbeh beradilar. Ularni Jaloliddin qarashlaridagi yangilikdan ko‘ra, kitobni bosh yalang o‘qishi, tik turib peshob qilishi ko‘proq tashvishlantiradi. Xo‘sh, Jaloliddinning ota-onasi shu darajada omi, tushunmaganmi? Uning bobosi ham, otasi ham haj qilgan. Qodirqulhoji masjidning imomi. Lekin imomlikdan tushgan mablag‘ni zinhor ro‘zg‘orga ishlatmaydi. Oilasini bog‘dan chiqqan mahsulot evaziga boqadi. Jaloliddinning oilasidagilar iymonli odamlar «Ko‘kto‘nliklar» qissasida iymon insonning eng muqaddas tuyg‘usi ekanligi asosiy qahramonlar obrazi orqali tasdiqlanadi. Umaralibek o‘limi oldida ham iymonni mustahkam ushlashni vasiyat qiladi. Asqarali, Shomirza, Latofat, Nisora singarilar ba’zan shaytonning so‘ziga kiradilar, xato qiladilar, lekin oxir-pirovardda iymonni mustahkam tutadilar. Bahodir Murod Ali qissasida roman nafasi borligini aytdik. Bu narsa Asqaralibek oilasining fojiasida aniq ko‘rinadi. Oila tanazzulini yana ham jiddiyroq yoritish joiz edi. Asqarali, uning oilasidagilar tasvirida allaqancha nuqtalar ochilmay qolganligi seziladi.

«Ko‘kto‘nliklar» qissasida badiiy mahorat yetishmay qolgan o‘rinlar ko‘zga yaqqol tashlanadi. E’tibor bering, asar kitobxonni o‘ziga darhol jalb qiladi, qahramonlar xatti-harakati qiziqish bilan kuzatiladi. Lekin bu qiziqish asta-sekin, ayniqsa, asarning ikinchi qismidan boshlab susaya boshlaydi. Xo‘sh, nima bo‘ldi, badiiy mahoratga taalluqli qaysi murvat ishlamay qoldi? Kamchilik qissa kompozitsiyasi — ichki qurilmasida. Mahoratshunos Matyoqub Qo‘shjonov iborasi bilan aytganda, yozuvchi vaqtida o‘zini tiya olmaydi. To‘plagan materialini to‘liq ishlatib yuborishga behuda urinadi. Asar boshlaridayoq ko‘kto‘nlik va qirg‘iy o‘rtasidagi asriy dushmanlik bilingan, Asqarali fojiasi shu nuqtaga bog‘langan edi. Keyinchalik ko‘kto‘nlik va qirg‘iy mojarosi birinchi o‘ringa chiqib qoladi: ikki urug‘ning tarixi so‘zlab beriladi. Albatta, qissa janri bunday og‘ir g‘oyaviy yukni ko‘tara olmaydi. Natijada, voqealar yo‘nalishida izchillik, taranglik emas, halqoblik, ko‘pso‘zlilik aniq ko‘rinadi.

Jaloliddinning kundaligi shaklida berilgan tasvir o‘zini oqlamaydi. «Kundalik» qachon tugagani-yu, muallif tasviri qachon boshlanganini kitobxon ko‘pincha payqamay qoladi. Ilk qissada badiiy mahoratga oid kamchiliklarning bo‘lishi tabiiy edi: yangi tandirdan uzilgan non sal kuyib qolishi, kesak yopishgan holda qo‘lga chiqishi turgan gap. Lekin shunisi haqiqatki, nasrimizga umidli, zahmatsevar adib kirib kelyapti.

Isajon Sultonov — hozirgi nasrimizdagi yangi nomlardan biri. «Munojot» qissasi bosilguncha I. Sultonovning bir-ikki hikoya, novellasi oynomalarda chop etilgan edi. Yosh yozuvchining mo‘‘jazgina qissasida o‘ziga xos, adabiyotimizda avvallari unchalik sezilmagan qahramon obrazi yaratildi. Qissa qahramoni mehnatda o‘rnak ko‘rsatib, dong taratmaydi, sinfiy hushyorligiyu siyosiy ongliligi bilan atrofdagilarni qoyil qoldirmaydi. Lo‘ndasini aytganda, qissa qahramoni G’arib zinhor Pavlik Morozovga o‘xshamaydi. Faraz qilaylik, zumrasha Pavlik Morozov o‘z tengdoshi G’arib bilan uchrashib qolsa, uni idealistdan olib idealistga solishi, g‘ayritabiiy holatlari ustidan miriqib kulishi aniq edi. G’arib o‘ta iste’dodli o‘smir; u o‘zgalardan boshqacharoq fikrlaydi, ko‘zlari uncha-muncha odam ko‘rmaydigan narsalarni tiniq ko‘radi. Qissa qahramoni ko‘ziga har xil odamlar ko‘rinadi: u o‘sha odamlar bilan bemalol gaplashadi, bahslashadi; goh qo‘shiq aytadi, goh yig‘laydi. Bunday holatlar sof mistika — so‘fiylik, zohidlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin hayotda shunday kishilar bor, ularning obrazini yaratish mumkin. Qishloq kishilari uni ochiqdan-ochiq devonaga chiqarib qo‘yganlar. Chindan ham, G’arib tug‘ilgan qishloq kishilari o‘ta sodda, jaydari, shumlik-quvlikni bilmaydi. G’aribning onasi Adol opa, kayvoniy Fotima ena, qo‘shni Malika xola, go‘zal Zarofatning tajang otasi Nu’mon akalar turmush ikir-chikirlariga ko‘milib qolgan, dunyo ko‘rmagan, kitob tushirmagan kishilar. Oddiy odamlar-ku mayli-ya, maktab o‘qituvchisi — ziyokor odam G’aribga g‘alati munosabatda bo‘ladi, uning yomon o‘qishidan zorlanadi. Qahramonning g‘ayriodatiy gap-so‘zlari, qilmishlarini «shu atrofdagi biror dindorning ta’siriga tushib qolganlikka yo‘yadi. Maktablarda hanuz dinni afyun deb anglash va talqin qilish davom etayotganidan, quyushqondagi adabiy qahramonlar ko‘tar-ko‘tar qilinyapti. Shunday muhitda G’aribga o‘xshash qahramonlarning yo‘l topib ketishi, iste’dodini voyaga yetkazishi mumkinmi?

G’aribda shoirona, sinchkov nigoh bor: «Kunlarning birida bolakay yalpizlar orasida, ariq bo‘yida xayol surib yotib, nohos poyadan o‘rmalab borayotgan ulkan boshli qizil chumolini ko‘rib qoldi. Chumoli qari edi, gavdasining kattaligi, rangining to‘qlashib, ayniyotganligi va qoramtir ketidagi ko‘pdan-ko‘p ajinsimon halqalar shundan dalolat berib turardi. U shundoqqina bolaning ko‘zi ro‘baro‘sidan o‘tib borar, salom-alik o‘tining uzunchoq urug‘ini qiynala-qiynala surgayotgandi. Yengil urug‘ po‘stlog‘ining o‘tkir uchi yalpiz poyasining g‘o‘dirish joyiga tiralib qolgan, uni sudrash uchun avvalo orqaga xiyol itarmoq lozim edi, chumoli esa joni boricha kuchangan ko‘yi tortishda davom etardi... Chumoli tinmay chiranaveradi va pirovardida, tuyqusdan sip-silliq orqasi yorildi, yoriqlardan oqish-sarg‘ish suyuqlik oqib chiqa boshladi, havoni chumoli zahrining o‘tkir isi tutib ketdi. Shunda ham urug‘ni tortib olmoqqa tirishar edi. Birdan bolaning ongida nimadir yarqirab ochilib ketganday bo‘ldi, tomirlari bo‘ylab allanima oqa boshladi. Tevarak-atrof juda keksa, olam xuddi munkillab, qarib qolgan cholga o‘xshardi. Bahorda yerdan unib chiqqan maysa ham, qarib qolgan cholga o‘xshardi. Bahorda yerdan unib chiqqan maysa ham, aslida, millionlab yillar avval tug‘ilib bo‘lgan edi. Unda... unda nima boqiy? Azal-abad yosh va navqiron nima bor bu garduni dunyoda? Abad yoshlik xuddi abad qarilik singari mazmunsiz emasmi?»

Asar qahramoni chumoli harakatini kuzatayotib hayot, mangulik haqida fikr yurita boshlaydi. Boshqalarni bilmadim-u, men G’aribning holatiga, undagi ruhiy o‘zgarishlarga ishondim. Allaqanday muqaddas ruh, shafoat yog‘dusi uni qo‘llayotganligi seziladi. Bu yerda yana bir shubha uyg‘onadi: muallif qarashlari qahramon dunyosi bilan qorishib ketmayaptimi? Qizig‘i, tasvirda sun’iylik, uydirmachi his etilmaydimi? Kitobxon G’arib ruhiyatidagi jarayonlarni to‘ppa-to‘g‘ri qabul qiladi. Qissa qahramoni o‘t-o‘lan, dov-daraxtni mangu harakatda ko‘radi. Bu ham yetmaganday, qari bir daraxt juda qadim zamonda yashab o‘tgan donishmand mo‘ysafidning qotib qolgan timsoli bo‘lib tuyuladi. Hamma dong qotib uxlaydigan tunlarda G’arib ajdodlar ruhi bilan suhbat quradi. Ko‘zga ko‘rinmas ruhlar G’aribni goh yig‘latib, goh kuldiradilar: qalbiga behalovatlikni singdiradilar. Xullas, qissada reallikning teskari tomoni, inson ruhiyatining sirli manzaralari yaxshi tasvirlangan. Inson ruhi har qancha murakkab, pinhon bo‘lmasin, u real borliqda sinovdan o‘tishi, aniq ishlarda namoyon bo‘lishi kerak. «Munojot» qissasining mana shu qirg‘og‘ida ancha murakkabliklar ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, qahramonga G’arib debmi, Mashrab debmi ism qo‘yishda muallif ikkilanib qoladi. Qahramonga Fotima enaning qat’iyati tufayli G’arib deb ism qo‘yadi-yu, asar davomida uni goh G’arib, goh Mashrab deb ataydi. G’arib qishloq bolalari singari o‘t yuladi, molga qaraydi, ro‘zg‘orga yordamlashadi. Lekin, e’tibor bering, qissada bironta bola, G’aribning o‘rtog‘i ko‘rinmaydi. Bolalarning sho‘xligi, o‘yin-kulgisi eshitilmagan qishloq go‘ristonday ma’yus, yurakni siquvchi bo‘lib qolarkan. G’aribning muhiti yaratilsa, uning g‘ayritabiiy qilmishlari sinovdan o‘tardi, hayotiylik kasb etardi. Qissada qahramonning Mashrab g‘azallarini zavqbilan o‘qishi aytilgan. Bunga ishonish mumkin. Qahramonning kuy chalishi, qo‘shiq xirgoyi qilishi ham o‘z yo‘liga. Ammo umrida rang buyoq tutmagan, ustod ko‘rmagan G’aribning ajabtovur rasmlar chizishi kishini ishontirmaydi. G’arib ichki nigoh bilan o‘sha rasmlarni ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Ammo mashqsiz, tayyorgarliksiz yetuk rassom bo‘lishi afsona. Ustiga ustak, nom qozongan rassom G’aribning asarini o‘ziniki qilib oladi, oynomada bostiradi. Qissadagi mana shu o‘rinlar kitobxonni sira ishontirmaydi. Yozuvchi qahramon ruhiyatini har xil yo‘llar bilan ochishi mumkin. Ayni vaqtda u qahramon qilmishlari real voqealik sinovidan o‘tishi zarurligini hamisha yodda tutishi kerak.

«Munojot» qissasida kitobxonni rom etadigan nozik tasvirlar, ruhiyatni berishdagi o‘ziga xosliklar bilan bir qatorda, yozuvchi uslubi endi-endi shakllanayotganligini ko‘rsatuvchi tomonlar ham talaygina. I. Sultonov qissasidagi samimiylik, ravon tasvir kabi ijobiy xususiyatlar yozuvchi istiqboliga umid bilan qarashga undaydi.

Shuhrat Musoning «Rahna» qissasini o‘qigan kishi yosh adib katta umidlar bilan ijod yo‘liga kirib kelayotganini sezadi. Ammo, «Rahna»ni katta ijod yo‘lining boshlanidagi yutuq deya olmay-miz. Birinchi hikoya, dastlabki qissa, ilk bor qalamga olingan maqola yozuvchi ijodida nihoyatda mas’uliyatli hisoblanadi. Ijodkor hamisha mana shu mas’uliyatni his etmog‘i joiz. Chingiz Aytmatov «Jamila»dan so‘ng romanga qo‘l ursa, hech kim hech narsa demas edi. Buyuk yozuvchi hali roman yozishga tayyor emasligini angladi. Vasil Bikov — o‘ndan ortiq ajoyib qissalar muallifi: romanga hanuz qo‘l urgani yo‘q. Ehtimol, roman yozmas. Ammo uning adabiyotidagi o‘rni ba’zi romannavislarnikidan yuqori. Gap janrning katta-kichikligida emas. Asosiy masala badiiy mahoratda, tanlangan janrda san’atkorona asar yaratishda. Yosh yozuvchida katta nasrga tezroq o‘tib ketish ishtiyoqi kuchli bo‘ladi. Afsuski, behuda kuchanish, maqolda aytilganday, kishini nogiron qilib qo‘yadi. Badiiy asar — yaxshidir-yomondir, yetukdir-xomdir — yozuvchi tarjimai holida o‘chmas voqeaga aylanadi. Ayni vaqtda, san’at asari kitobxon mulki sifatida o‘z hayot yo‘lini boshlaydi, obro‘-e’tibori bilan yozuvchini ulug‘laydi. Bo‘sh ijodkorlar, yo‘q bo‘lganidan ko‘ra, yomon, bo‘sh bo‘lsa-da, asarning bosilib qolgani harna, deb o‘ylaydilar. Bu gapda ham mantiq bor: yomon asar bir-ikki yil og‘izdan-og‘izga o‘tadi, so‘ng unutiladi. Yozuvchi ijodining mevasi bo‘lib qolaveradi. O’zbek sho‘ro adabiyotida, hatto kitob bo‘lib bosilmagan romanlar yozilgan. Ular unutildi. Ayni vaqtda, badiiy adabiyot ixlosmandlari oldida duppa-durust yozuvchilarning obro‘sini to‘kib yubordi. Menga qolsa, yozuvchining kitobxonlar orasidagi obro‘sini reyting hisobi bilan baholashni taklif qilardim. Nobel mukofoti berilishida bekorga reyting balli hisobga olinmaydi. San’at asari reyting balini oshirsa, chala, hom asar uni yemiradi. Bunday usul yozuvchining ijodkorlik mas’uliyatini kuchaytirgan bo‘lardi.

«Rahna»da yozuvchining kitobxonga aytadigan aniq gapi yo‘q. Qissa asosida qanday g‘oya yotganligi tushunarsiz. To‘g‘ri, asarda o‘zbek yigiti qirg‘iz qizini sevib qolganligi voqeasi bor. Ammo bu bilan xalqlar do‘stligi g‘oyasini ifodalab bo‘lmaydi.

«Mulla xayolga toldi: bu qanday ko‘rgulik? Fojiadan baxt yaralsa, baxtdan fojia? So‘ng boshini ko‘tarib ularga tik qaradi:

— Bolalarim, endi sizlar qiyomatli do‘stsizlar. Allohning irodasi shunday ekan. Bugun Abrorni deb sen odam o‘ldirding. U kishi — o‘z otang edi,— dedi Dehqonboyga.

— Nyma? — yigitning yuragida bir nima uzilib tushdi...

Ammo bu rahna bo‘lib chiqdi. Ertasiga Dehqonboy tog‘dan bosh olib ketib qoldi».

Musahoji — dindor shaxs. Ma’lumki, 30-yillarda din, dindorlarga qarshi yoppasiga yurish, hujum bo‘lgan. Pixini yorgan kolxoz raisi nahotki Mulla buvaga suyangan, unga nozik topshiriq bergan bo‘lsa...

Qissaga jeztirnoq haqidagi afsona deb afsonamas, haqiqat deb haqiqat bo‘lmagan voqea kiritilgan. Jeztirnoqliklarning «tarbiyalanishi» shubha uyg‘otadi. Buyog‘i afsona deb qo‘ya qolaylik. Suluvning jeztirnoq tomonidan o‘g‘irlab ketilishi hayratlanarli. Jeztirnoq shunday yovuz, dahshatli qilib tasvirlanadiki, uni uncha-buncha botir yenga olmaydi. Qarangki, o‘spirin yigitcha Dehqonboy jeztirnoqni otib tashlaydi. Suluvni omon-eson qaytarib olib keladi. Hech narsa bo‘lmaganday yana Abror Suluv bilan ahdu paymon qilaverishadi. Badiiy asar afsona bo‘lsin, ertak bo‘lsin, kitobxonni ishontirishi kerak-da!

Xullas, «Rahna» qissasining mavzui ham, yozuvchig‘oyasi ham, qahramonlar ham xom. YOSH yozuvchini pishiq, mas’uliyat hissi bilan yozilgan asarlar elga tanitadi, kitobxon oldida hurmatini oshiradi. Shuhrat Musoning katta ijod yo‘li «Rahna»dan boshlaganligi bizni qoniqtirmadi.

Hozirgi o‘zbek nasrida yangilanish jarayoni davom etyapti. Bu narsa uslubiy izlanishlarda, eski mavzularni yangicha talqin qilishda, nihoyat, qahramon ruhiyati, murakkab qiyofasini yaratishda aniq sezilyapti. Hozirgi adabiy qahramonlarda o‘zlik, ma’naviy-ruhiy boylik kabi fazilatlar milliy betakrorlikda ko‘zga yaqqol tashlanmoqda.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.

0

НАЗАДВперёд



Получи образование в Дубае!

РЕКЛАМА


Купить надувные буи

Дистанционное высшее в Казахстане

Оборудование для мясопереработки!

SAYTIMIZ RIVOJIGA HISSA

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

РЕКЛАМА


Редкие кадры Второй мировой войны

16+


Первое свидание случится сегодня

Топ рейтинг www.uz



© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.
Download 21,16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish