Prezident (lot. “praesidens”-oldinda o‘tiruvchi). Respublika boshqaruvi shaklidagi davlatlarda davlat va hukumat rahbari. Odatda Prezident ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i hisoblanib, davlatning ichki va tashqi siyosatida xalq nomidan ish yuritadi. Jahonda birinchi Prezidentlik boshqaruvi XVIII-asr oxirida AQSHda joriy qilingan. O‘zbekistonda prezidentlik boshqaruvi ilk bor 1990 yil 24 martda joriy qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti butun O‘zbekiston fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov prinsipi asosida saylanadi.
Respublika (lot. Res-ish, publicus-xalq, jamoatchilik)-davlat boshqarish usullaridan biri bo‘lib, bunda davlat organlari xalq tomonidan saylab qo‘yish orqali shakllantiriladi. Hozirgi vaqtda dunyoda 230 ga yaqin davlat mavjud bo‘lsa, shulardan yarmi respublika shaklida boshqariladi.
Referendum (lot. “referendum” e’lon qilinishi lozim bo‘lgan xabar)-jamiyatni demokratik boshqarish jarayonida qo‘llaniladigan tadbirlardan biri, ba’zi muhim masalalarni umumxalq ovoziga, umumxalq so‘roviga, xalq muhokamasiga qo‘yib hal etish.
O‘zbekiston Respublikasida referendum o‘tkazishning huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lib, u 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida”gi qonuni bilan mustahkamlangan.
O‘zbekiston Respublikasida referendum ilk bor 1991 yil 29 dekabrda “Davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?”, ikkinchi marotaba esa 1995 yil 26 martda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatini 1997 yildan to 2000 yilga qadar uzaytirishga rozimisiz?” va 2002 yil 27 yanvarda “Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?”, hamda “Siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolat muddati 5 yildan 7 yil qilib o‘zgartirilishiga rozimisiz?” kabi mavzularda umumxalq referendumlari o‘tkazilgan.
Siyosiy tizim-davlat ichki tuzilishidagi o‘zaro munosabatlarning xususiyatlarini ifodalovchi, ijtimoiy-siyosiy hokimiyatni, umuman, davlat muassasalari tizimini va ularning asosiy tashkiliy shakllarini belgilab beradi. Siyosiy tizim, odatda, mamlakat Konstitutsiyasi va shu asosda chiqarilgan boshqa qonuniy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yiladi.
O‘zbekistonda siyosiy tizim hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi tamoyili asosida tuzilgan. Alohida tarmoqlarni boshqarish vazirliklar, davlat qo‘mitalari va konsernlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari viloyat, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlarning xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining siyosiy tizimi hozirgi davrdagi ilg‘or davlatlarning tajribasini, xalqimizning tarixiy an’analari va mukammal jamiyat to‘g‘risidagi orzu-umidlarini, mutafakkirlarimiz va jamiyatshunoslarning tavsiyalarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Suverenitet (fransuzcha “souverainite”-oliy hokimiyat)-quyidagi mazmunlarda ishlatiladi:
1.Davlat suvereniteti-hozirgi davlatshunoslik fanida davlatning ichki va tashqi siyosatidagi to‘la mustaqilligi sifatida talqin etiladi.
O‘zbekiston Respublikasida davlat suvereniteti masalasiga alohida bob ajratilgan bo‘lib, uning 1-moddasida “O‘zbekiston-suveren demokratik respublika” deyilgan.
2.Xalq suvereniteti-xalqning davlatni boshqarishdagi to‘la hukmronligi, xalq hokimiyati, xalq boshqaruvi ma’nolarini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |