KAPALAKLAR
Kapalaklar, tangachaqanotlilar (Lepidoptera) — toʻliq metamorfoz bilan rivojlanadigan hasharotlar turkumi. Mezozoyning boshlarida kelib chiqqan; asosiy oilalari paleogenning boshlarida shakllangan. Qazilma qoldiqlari, asosan, boʻr davridan maʼlum. Koʻpchilik K.ning ogʻiz organlari yuksak ixtisoslashgan soʻruvchi hartumdan iborat boʻlib, boshining ostki tomonida spiral shaklda oʻralib turadi. Pardasimon qanotlari rangli tangachalar bilan qoplangan. Qanotlarining rangi, ayniqsa, ularning turli rangda tovlanishi rangsiz tangachalarning yorugʻlik nurini har xil burchak ostida singdirishi bilan, qora, sariq va boshqa rangli dogʻlar esa pigment bilan bogʻliq. Moʻylovlarining shakli va uzunligi har xil. Yozilgan qanotlari 3,2 mm dan (mitti kuyachalar) 300 mm gacha (tunlamlar). Tuxumlarining shakli har xil boʻlib, sistematik ahamiyatga ega. Qurtlarida 3 juft koʻkrak oyokdari bilan birga 5 juft soxta qorin oyoqlari ham boʻladi. Gʻumbaklari yopiq (koʻpincha, pilla ichida), tuban vakillarida ochiq (erkin) boʻladi. K. odatda, tuban K. (teng qanotlilar) va yuksak K. (har xil qanotlilar) kenja turkumlariga boʻlinadi. Ayrim hollarda ogʻiz organlari kemiruvchi tipda boʻlgan tishli kuyalar alohida kenja turkumga ajratiladi. K. turkumining sistemasi aniq ishlab chiqilmagan, 100 dan 200 gacha oilaga ajratiladi. 140 mingga yaqin turi maʼlum. K. faunasi, ayniqsa, tropik mintaqada xilma-xil. Oʻzbekistonda 1500 ga yaqin turi aniklangan. Tunlam kapalaklar, odimlovchilar, barg oʻrovchilar oilalari, olovrang K.lar, kuyalar katta oilalari, ayniqsa, turlarga boy.
Koʻpchilik K. shomda yoki kechasi, ayrimlari kunduzi faol hayot kechiradi. Voyaga yetgan K. gul nektari yoki oʻsimlik (baʼzan qayvonlar) shirasi bilan oziqlanadi. Koʻpchilik K. imagosining ogʻiz organlari reduksiyaga uchragan, oziqlanmaydi (afagiya). Tishli tunlamlar gul changi bilan oziklanadi. K. voyaga yetgan davrida bir necha kun, hatto bir necha soatdan (oziqlanmaydigan turlari) bir necha oygacha (voyaga yetgan davrida qishlaydigan K.) yashaydi. Koʻpchilik K.ning qurtlari fitofag, lekin saprofaglar, kerotofaglar (yung va patxoʻrlar), yirtqichlar, hatto parazitlar (tropikada) ham uchraydi. Yillik rivojlanish sikli turlicha; koʻpchilik turlari (monovoltinlar) yilda bir marta, boshqalari (bi-va polivoltinlar) ikki yoki koʻp marta nayel beradi; daraxtlarning yogʻochlik qismida rivojlanadigan turlari generatsiyasi 2—3 yil davom etadi. Odatda, qurtlik davrida, baʼzi turlari imago yoki tuxum davrida qishlaydi. Ayrim turlarining diapauzasi turli rivojlanish davrlarida oʻtadi. Baʼzi K., ayniqsa choʻlda tarqalgan turlari yezda ham diapauzaga oʻtadi. Koʻpchilik K. (aksariyat, ixtisoslashganlari) oʻsimliklarni changlatishda ishtirok etadi. Tut, aylant va xitoy dub ipak qurtlari K.i ipak olish maqsadida qoʻlda boqiladi. Koʻpchilik K. qurtlari (tunlamlar, kuyalar va boshqalar) qishloq xoʻjaligi ekinlari, oʻrmonchilik xoʻjaliklari (odimlovchilar, barg oʻrovchilar va boshqalar), oziq-ovqat zahiralari, yung va moʻynadan tayyorlangan mahsulotlarga (kuyalar, tunlamlar va boshqalar) katta ziyon keltiradi. Oʻzbekiston qududida K.ning 100 dan ortiq turi mevali daraxtlar va qimmatbahr yovvoyi oʻsimliklarga ziyon keltiradi. Baʼzi turlari (mas, kuzgi, undov, gʻoʻza, kichik quruqlik tunlamlari va boshqalar) gʻoʻza hamda unga yoʻldosh ekinlar zararkunandalaridir. Koʻpchilik K., ayniqsa, kunduzgi turlarining soni yashash muhitining buzilishi, zaharli kimyoviy moddalar va oʻgʻitlarning qoʻllanilishi tufayli keskin kamayib bormoqda. K.ning bir qancha turlari muhofaza qilinadi. Aloviddin Hamrayev.[1]
Do'stlaringiz bilan baham: |