STATUTE OF THE INTERNATIONAL COURT OF JUSTICE 129
O‘zbekiston Respublikasining ba’zi xalqaro shartnomalari 144
Atamalar lug‘ati (Glossary) 164
Sud ishlari ro’yxati 169
Kirish
Ommaviy axborot vositalari orqali muloqot qilish juda ham rivojlangan bir paytda dunyoning turli taraflaridan ba’zi bir noxush xabarlarni eshitib turamiz. Bularga misol qilib etnik muammolar, nizolar, tabiiy ofatlar, savdo bilan bog‘liq kelishmovchiliklar, chegaralardagi otishmalar, bosh tortish (boykot) e’lon qilish, inson huquqlariga zid xatti-harakatlar va, albatta, qochoqlar muammosini keltirib o‘tishimiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, XXI asrga kelib oldingi asrlardagi misli ko‘rilmagan global urushlar, qon to‘kishlar yoki garovga olish kabi muammolar keng miqyosda yuz berayotgani yo‘q. Insoniyat ushbu asrda har sohada globallashuvga shohid bo‘lmoqda – davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar tobora rivojlanib, global iqtisodiyot va siyosat tobora davlatlarning bir-biri bilan o‘zaro hamkorlikda ish yuritishini talab etmoqda.
Lekin, Yaqin Sharqdagi Isroil-Falastin muammosi, millionlab insonlarni o‘z vatanidan judo qilgan Suriyadagi ichki urush, Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi natijasida yuzaga kelgan tarang vaziyat, Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi harbiy bazalar qurilishi, Afrika davlatlarida tugamayotgan keng miqyosdagi ocharchilik, G‘arbiy Yevropa davlatlariga doimiy ravishda kirib kelayotgan qochoqlar muammosi hamda Bangladesh-Myanmar chegarasida yaqindagina vujudga kelgan dunyodagi eng zich qochoqlar lageri (Rohingyaliklar muammosi) dunyoning bugungi kundagi holatini yaqqol namoyon etib turibdi.
Biroq, BMT Xalqaro Sudi sudyasi professor Jeyms Kroford 2013-yilgi Gaaga shahrida yozgi akademiyada so‘zlagan o‘z nutqida dunyoning turli joylaridan yig‘ilgan 300 dan ziyod xalqaro huquqni o‘rganuvchi talabalariga, “Kamina ham o‘sha baxtlilar orasida, dunyo hech qachon bunchalik tinch, osuda va farovon bo‘lmagan. Bunday bo‘lishida esa, shubhasiz, davlatlarning, asosan, ikki yoki ko‘ptomonlama tuzgan bitimlari, xalqaro shartnomalari juda katta rol o‘ynaydi. Asrlar davomida misqollab yig‘ilgan xalqaro odat huquqining ahamiyati ham tobora ortmoqda. Chunki biz aynan shunday shartnomalar va urush qilishni umumiy huquq prinsiplariga zid deb e’lon qilgan xalqaro huquq sohasining ma’lum darajada marhamatiga tufayligina boshimizdan bombalar yog‘ilmasligiga amin bo‘lgan holda yashamoqdamiz. Xalqaro huquq Birinchi va Ikkinchi jahon urushi kabi o‘ta achchiq tajribalar natijasida insoniyat tinchligi va farovonligi uchun ishlab chiqilgan, ishlab chiqilayotgan va kelajakda ham yuksalishdan to‘xtamaydigan huquq sohasidir” degani bejiz emas.
Afsuski, o‘tgan asrdagi global urushlar qoldirgan asoratning inson xotirasidagi izi o‘chib borishi bilan insoniyatning yana salbiy tomonlarga mayl qilishi kuchaymoqda. Oldin umuminsoniy tashabbuslar uchun jonini berishga tayyor ko‘p sonli va iqtisodiy jihatdan anchagina baquvvat bo‘lgan davlatlar va millatlar ham iqtisodiy, siyosiy va tarixiy vajlarni ko‘rsatgan holda eski davrdagi populizm, shovinizm, millatchilik, proteksionizm kabi illatlarni yana boshidan kechirmoqda. Afg‘oniston mojarosi esa yana qaytadan kun tartibiga kirib kelmoqda. Insoniyatning tomonidan rivojlantirilgan sun’iy aql (artificial intelligence) esa odam bolasi kutmagan xavflarni o‘zi bilan birga yetaklab kelmoqda.
Dunyoga tom ma’noda ochilish – yurtimizning eksport salohiyatini ko‘tarish, inson omilini oldinga olib chiqish, hududiy ichki turizmni rivojlantirish, yaqin paytgacha bizni bezovta qilib kelgan xalqaro daryolar suvlaridan o‘zaro manfaatli ravishda tinch yo‘l bilan foydalanish, odam savdosining oldini olish kabi muammolarga qarama-qarshi turgan O‘zbekiston Respublikasi huquqshunoslaridan ham bunday qiyin va tez o‘zgaruvchan paytda xalqaro huquq qoidalari, ularni ishlatish uslublari va nihoyat nizo chiqqan paytda ularni to‘g‘ri talqin eta olish kabi kuchli tahliliy qobiliyatlar talab etiladi. Shu sababli ham yosh huquqshunoslarimiz xalqaro huquq sohasini yuksak darajada o’zlashtirishlari zarur deb hisoblaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |