Nazorat savollari
Neytral davlat deganda qanday davlatni tushunasiz?
Agarda, hozirgi kunda ham Uimbldon ishidagi kabi nizo yuz bersa, Xalqaro Sud bunday nizoni qay yo‘sinda hal etadi, deb o‘ylaysiz?
Shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar davlatning konstitutsiyasidagi asosiy prinsiplarga zid kelib qolsa, davlat o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishi lozim deb hisoblaysizmi?
Sizningcha, 3-savolda nazarda tutilgan holat amalda yuzaga kelishi mumkinmi?
Foydalanilgan adabiyotlar
Jan Klabbers “Clinching the Concept of Sovereignty: Wimbledon Redux”, Austrian Review of International and European Law, Vol. 3, (1998), 345-367 pages.
Michel Cosnard, “Sovereign Equality – the Wembledon sails on,” M. Byers and G. Nolte eds., United States Hegemony and the Foundations of International Law (2003), 117-134 pages.
Martti Koskenniemi, “What Use for Sovereignty Today?”, Asian Journal of International Law, Vol. 1 (2011), 61-70 pages.
Tabata Shigejiro, “Xalqaro hamjamiyatda davlat suvereniteti”, Ommaviy huquq tadqiqoti, 3-son, 1-bet.
Okuvaki Naoya, “Yaponiyaning Xalqaro ommaviy huquq fani sohasida hududiylik asoslarining rivoji”, Xalqaro 96-jild, 4-5 qismlar, 86-bet.
V. Xalqaro huquqning prinsiplari va yurisdiksiya. O‘zbekiston va Metal-Tech ishi 2013-yil.
Metal-Tech Ltd. v Republic of Uzbekistan (ICSID Case No. ARB/10/3).
Nizoning yuzaga kelishi. 2000-yilda Isroilning molibdenium ishlab chiqaruvchi Metal-Tech jamoa shirkati O‘zbekistonning ikki davlat korxonasi AGMK hamda UzKTJM bilan molibdenium ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan zavod qurish va uni boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etdi. Unga ko‘ra, Metal-Tech o‘zining texnologiya, nou-xou va moliyaviy mablag‘larini yangi Uzmetall deb nomlanuvchi qo‘shma korxona uchun taqdim etdi. Bundan tashqari, Metal-Tech bilan birgalikda qo’shma korxona tashkil etish xalqaro bozorga chiqish imkoniyatini ham taqdim etar edi. O‘z navbatida, O‘zbekiston korxonalari ham yangi zavodni ishga tushirish uchun binolar, qurilish materiallari, mashinalar, asbob-uskunalar hamda molibdenium xomashyosini yetkazib berdilar.
Biroq 2006-yilga kelib Toshkent viloyati prokuraturasi qo‘shma korxonaning bir qancha rasmiylariga nisbatan o‘z mansab vakolatlarini va O‘zbekiston Respublikasiga moddiy zarar yetkazishda ayblab jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bir oydan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qo‘shma korxonaning molibdenium xomashyosini talab qilish va molibdeniumni eksport qilishga bo‘lgan mutlaq huquqini bekor qilish bo‘yicha qarori chiqarildi. Natijada O‘zbekiston korxonalari qo‘shma korxona borasidagi o‘z shartnomalarini to‘xtatdi va unga nisbatan bankrotlik protsedurasi boshlanadi. Metal-Techning qarshiligiga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyati xo‘jalik sudi tomonidan qo‘shma korxona likvidatsiya qilindi hamda 2009-yilda yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan chiqarildi.
Shundan so‘ng Metal-Tech Investitsion nizolarni hal qilish markaziga (ICSID) da’vo bilan chiqdi.
Metal-Techning da’volari. Metal-Tech o‘z da’vosida O‘zbekiston o‘z ichki huquqida belgilangan majburiyatlarini hamda O‘zbekiston-Isroil BITidagi majburiyatlarini buzganligini ta’kidlaydi. O‘z da’vosining asosi sifatida O‘zbekiston yuqorida keltirib o‘tilgan normativ-huquqiy hujjatlardagi adolatli va xolis munosabatda bo‘lish mezoni, yetarli darajada himoya qilish va kafolatlar berish qoidasi, qo‘shma korxona bo‘yicha kelishuvni buzganlikda hamda Metal-Tech mulkini qonunga xilof ravishda ekspropriatsiya qilganligini keltirib o‘tadi. Bundan tashqari, ekspropriatsiya qilishda hech qanday sabablarsiz investor mulki tortib olinganligi va diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilganligi hamda O‘zbekistonning bu harakatlari da’vogarni o‘z mulkiga egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf etish hamda uni boshqarishdan mahrum etdi.
O‘zbekistonning vajlari. O‘zbekiston tomoni esa da’vogarning barcha da’volarini rad etdi. Shuningdek, Sud O‘zbekiston – Isroil BITiga ko‘ra mazkur ish bo‘yicha yurisdiksiyaga ega emasligini ta’kidlab, Metal-Techning noqonuniy xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha qarshi da’vo kiritdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |