III.Yangi mavzu bayoni: Angliyada 1377- yilda "jon solig’i" deb ataluvchi soliq joriy etilgan. Bu Fransiya bilan olib borilayotgan urush (yuz yillik urush) xarajatlarining tobora ortib borishi oqibati edi. Bunday soliq Angliya tarixida hech qachon bo’lmagan edi. Qonunga ko’ra, 14 va undan katta yoshdagi barcha fuqarolar jon solig’i to’lashga majbur edilar. Bu soliqni belgilash chog’ida mulkiy holat hisobga olinmagan. Bu dehqon oilalarini holdan toydirgan. Oqibatda dehqonlar qo’zg’oloni yuz bergan. Qo’zg’olonning yetilishida kambag’al ruhoniylar targ’iboti ham ma’lum rol o’ynagan. Ular krepostnoylikka qarshi edilar. Ruhoniylar dehqonlar orasidagi o’z va’zlarida: ,,xudo hamma kishilarni teng qilib yaratgan, binobarin, yer-suv hammanikidir", - der edilar. Ular: "Odam Ato yer haydab, Momo Havo charx yigirgan paytlarda kim dvoryan (katta yer egasi) bo’lgan, axir?" - degan qochiriqli so’zlarni ko’p qaytarganlar.
Qo’zg’olon 1381- yilning may oyida Esseks grafligida boshlandi. Qo’zg’olonchilar katta yer egalarining mol-mulklarini yakson qildilar. Barshchina va obrok majburiyatlari qayd etilgan hujjatlar yoqib yuborildi. Tez orada qo’zg’olonchilarga Kent grafligi dehqonlari ham qo’shilganlar. Ayrim shaharlar qo’zg’olonchilarni qo’llab-quvvatlaganlar. Kentlik Uot Tayler qo’zg’olonga rahbarhk qildi. U vaqtincha bo’lsa-da, qo’zg’olonchilarni birlashtira oldi. Uot Tayler asli hunarmand edi. U yuz yillik urushda qatnashgan va harbiy sohani o’rgangan edi. Uot Tayler qo’zg’olonchilarni Londonga boshlab borgan. Ularning maqsadi qirol bilan uchrashish va uning oldiga o’z talablarini qo’yish edi. 13- iyun kuni London shahri egallandi. 15-iyun kuni qirol qo’zg’olonchilar rahbari Uot Tayler bilan uchrashgan. Bu uchrashuvda Uot Tayler o’ldirilgan. Boshqa grafliklardan to’plangan qirolga sodiq ritsarlar qo’shini qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirgan.
Qo’zg’olon yengilgan bo’lsa-da, Angliya feodallarini dahshatga soldi. Xalq qo’zg’olonining qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ularni yon berishga majbur etdi. Chunonchi, barshchina bekor qilindi. Dehqonlarga qarshi qaratilgan qonunlar yumshatildi. XV asr davomida ingliz dehqonlarining deyarli barchasi to’lov evaziga erkin bo’lib oldilar. Mamlakat aholisining juda katta qismi yanada ko’proq mustaqil xo’jalik yurituvchi erkin dehqonlardan iborat bo’lib qoldi. Erkin dehqonlarning chek yerlardan foydalanganligi uchun to’laydigan haqi aniq belgilab qo’yildi.
Yuz yillik urush tamom bo’lgandan keyin ko’p vaqt o’tmay, Angliya davlati ichida 30 yilga (1455 - 1485) cho’zilgan o’zaro urushlar boshlanib ketdi. Feodallar bir-biriga dushman ikki guruhga bo’lindi. Ularning har qaysisi taxt uchun kurashayotgan zodagon oiladan birining tarafini olardi. Bu oilalardan birining gerbiga qizil gul shakli, ikkinchisining gerbiga oq gul shakli solingan edi. Shuning uchun bu urush Qizil va Oq gullar urushi nomini oldi. Feodallar ulardan qaysi birining qo’li baland kelsa, o’sha guruhga o’tib ketaverardi. Urush juda og’ir kechdi. Halok bo’lganlarning qarindosh-urug’lari o’z dushmanlarining oilalaridan qasos olganlar. Qasos yo’lida hatto bolalari ham o’ldirilgan. Feodallar bir-birlarini deyarli batamom qirib tashlaganlar. Bu urushda bir-biri bilan kurashayotgan oilalardan birining namoyandasi Genrix VII Tyudor g’olib chiqdi. Shu tariqa Angliyada tyudorlar sulolasi hukmronligi boshlandi. Genrix VII shaharning yirik mulkdorlari bilan aloqa o’rnatgan. Genrix VII (1485 - 1509) itoatsiz feodallarning qasrlarini to’pga tutib, vayron qildi. Feodallardan ba’zilarini qatl etdi, ularning yerlarini o’z yeriga qo’shib oldi. Genrix VII davrida parlament yig’ilishlari davom etdi. Yirik feodallarning ko’pchiligi halok bo’lgach, qirol o’z ishonchiga sazovor bo’lgan kishilarni lordlar palatasiga kiritdi. Umum palatasida majlis qurgan ritsarlar va shaharliklar qirol yuborgan qonun loyihalarini so’zsiz tasdiqlar va unga yangi soliqlar yig’ishga ruxsat berardi. XV asr oxiri - XVI asr boshida Angliyada qirol hokimiyati yanada kuchaydi.