9.2.Valyuta tizimining rivojlanish bosqichlari
Klassik oltin standarti (1815 -1914 yy.)
Jahon tsivilizatsiyasining asrlar davomida rivojlanishi, dunyodagi turli mamlakatlar ijtimoiy - iqtisodiy hayot tarziga turlicha ta’sir ko’rsatdi. Shu nuqtai nazardan XIX asrni tom ma’noda g’arb tsivilizatsiyasining oltin asri yoki klassik oltin standarti hukmronligi asri deyishimiz mumkin. Bu davrda muomalada oltin bilan birga kumush ham to’lov vositasini bajargan, lekin mamlakatlar o’rtasidagi hisob - kitoblar oltinda amalga oshirilar va jahon mamlakatlari iqtisodiyoti oltin standarti ostida birlashgan edi.
Mamlakatda amal qilgan milliy valyutalar (dollar, funt, frank va h.k.) esa, faqatgina belgilangan oltin qiymatini o’lchov birligi bo’lib xizmat qilgan. Masalan, dollarning nomlanishi - 1/20 untsiya og’irlikka teng bo’lgan oltinni anglatgan, funt sterling nomi esa - oltinning j untsiya og’irligini anglatgan. Shundan kelib chiqib, ayirboshlash kurslari davlat ishtirokisiz qat’iy belgilangan baholarda amalga oshirilgan. Mamlakat milliy valyutalari o’lchov birligiga bog’liq ravishda bir - biriga doimo mos kelgan. Ya’ni, 1 funt (o’lchov birligi) doimo 16 untsiyaga, xuddi shunday 1 funt sterling (oltin o’lchov birligi) 4,86 dollarga teng bo’lgan.
Xalqaro oltin standarti insonlarga juda katta imkoniyatlar yaratgan va butun jahonda amal qiluvchi universal pul vazifasini o’tagan. AQShning rivojlangan va boy mamlakat darajasiga etishining asosiy sabablaridan biri sifatida, dunyoning deyarli barcha davlatlarida dollarning to’lov vositasi sifatida amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Buni iqtisodiyotning rivojlanishida mehnat taqsimotida, xalqaro kapital oqimida, xalqaro ishchi kuchi migratsiyasida va boshqalarda ko’rishimiz mumkin.
Shuni qayd etish joizki, oltinni erkin iqtisodiyotda amal qilishi, barcha tovarlarga erkin ayriboshlanadigan umumiy ekvivalent “maxsus tovar” sifatida tan olinishi uchun 100 yillar talab qilindi va davlatning bu jarayonlardagi o’rni unchalik katta emas. Chunki, oltinni muomalaga chiqishi davlat ixtiyori bilan emas, balki bozor talabidan kelib chiqib belgilangan. Xalqaro oltin standartining amal qilishi mamlakatda sun’iy inflyatsiyani yuzaga kelishiga yo’l qo’ymasligi bilan birga, mamlakat to’lov balansining muvozanatini ta’minlagan.
Mamlakatda pul taklifini ortishi mahalliy tovar va xizmatlar bahosining ortishiga olib keladi. O’z navbatida aholining nominal daromadlari ortadi, bu esa importning o’sishiga ta’sir ko’rsatadi. Chunki, import tovarlar bahosi mahalliy tovarlarga nisbatan ancha past bo’ladi. Natijada mamlakatda eksportning hajmi importga nisbatan qisqaradi. O’z navbatida mamlakat tashqi savdo balansida taqchillikni keltirib chiqaradi. Bu esa mamlakat oltin valyuta zaxiralarini kamayishiga olib keladi. Shu o’rinda aytish joizki, bank depozitlarining sun’iy ravishda oshishi va bank tomonidan beriladigan kreditlar hajmining ortishi ham oltin - valyuta zaxiralarini kamayishiga olib keladi. Chunki, bu holda ham importerlar yoki bank mijozlari depozitlarni oltin miqdorida qaytarishni talab qiladilar. Shuning uchun mamlakatda pul taklifini kamaytirish va uning tegishli me’yorini saqlash lozim bo’ladi. Pul taklifining pasayishi tovarlar narxini tushishiga olib keladi va shu tariqa bozorda narxlar muvozanati ta’minlanadi. Bu esa eksport hajmini oshirish ehtiyojini tug’diradi va mamlakatga oltin oqimining ortishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Bu holat o’zaro savdo - iqtisodiy munosabatda bo’lgan barcha davlatlarda narxlar muvozanati ta’minlangunga qadar davom etadi.
O’z davrida davlatning oltin standarti pul tizimini mustaqil amal qilishiga aralashuvi, uning samaradorligiga salbiy ta’sir qilgan va ushbu pul tizimining mukammalligidan qat’iy nazar inflyatsiya, retsessiya natijasida iqtisodiy tsiklning izidan chiqish holatlari yuz bergan. Oltin tangalarni zarb etish ustidan davlat nazoratini o’rnatilishi, qonuniy to’lov vositalarining davlat tomonidan belgilab qo’yilganligi, qog’oz pullarni joriy etilishi va inflyatsiyani rag’batlantirilishi kabi yo’nalishlar orqali davlat erkin pul bozorini boshqarishga harakat qilgan. Davlatning pul muomalasiga ta’sir etish choralarini joriy etilishiga qaramay, ushbu sohadagi o’zgarishlar asosan bozor talabidan kelib chiqib amalga oshirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |