9.5. Tayyor mahsulotlarni sotish xarajatlari hisobi
Mahsulotni realizattsiya qilish bir qancha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Bunday turdagi xarajatlar sotish xarajatlari deb yuritiladi. Ushbu turdagi xarajatlarni to‘g‘ri, aniq va o‘z vaqtida aks ettirish har bir korxonaning moliyaviy natijalarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sotish xarajatlarini hisobga olish «Xarajatlar tarkibi to‘g‘risidagi Nizom»ga asosan amalga oshiriladi. Nizomga binoan sotish xarajatlari tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
- temir yo‘l, suv, avtomobil, ot-ulovda tashish xarajatlari hamda transport vositalari bekor turib qolganligi uchun to‘langan jarimalar;
- savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining ish xarajatlari;
- mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni sotish bilan bog‘liq mehnatga haq to‘lash xarajatlari, ma’muriy-boshqaruv xodimlaridan tashqari;
- ularning ijtimoiy sug‘urta ajratmalari;
- savdo ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar, inshootlar va xonalarni ijaraga olish, saqlash va tuzatish xarajatlari;
- asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
- sanitariya kiyim-boshi, oshxona dasturxon va sochiqlari, oshxona idish-tovog‘i va anjomlari eskirishi;
- gaz, yoqilg‘i, elektr energiyasi xarajatlari;
- tovarlarni saqlash, ularga ishlov berish va ularni sortlarga ajratish xarajatlari;
-savdo reklamasi xarajatlari;
-tashish, saqlash va sotish chog‘ida tovarlarning norma doirasida va undan ortiqcha yo‘qotilishi;
-o‘rash-joylash materiallari xarajatlari;
-mol-mulkni majburiy sug‘urta qilish xarajatlari;
- mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi xarajatlari;
- ventilyatorlar, mashinalar va ularning harakatlanuvchi qismlarini o‘rnatish va saqlash, tuynuklar, o‘yiqlar va boshqalarning atrofini o‘rash bo‘yicha joriy (nomukammal tusdagi) xarajatlar;
-maxsus kiyim-bosh va poyafzalni yuvish va tuzatishga materiallar qiymati;
-umumiy ovqatlanish va savdo xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun tibbiyot muassasalariga haq to‘lash;
- kassa xo‘jaligini va tushum inkassattsiyasini yuritish chiqimlari;
- umumiy ovqatlanish korxonalarida qog‘oz salfetkalar, qog‘oz dasturxonlar, qog‘oz stakanlar va tarelkalar, bir marta foydalaniladigan anjomlar qiymati;
- sotish bozorlarini o‘rganish bo‘yicha belgilangan normativlar doirasida va undan ortiqcha xarajatlar (marketingga, reklamaga sarflangan xarajatlar);
- ilgari ish joyi bo‘yicha lavozim oklad miqdorini saqlagan holda boshqa tashkilotlar korxonalardan, shuningdek, vaqtinchalik o‘rindoshlik bo‘yicha xodimlarga to‘lanadigan okladlardagi farq;
- sovun, apteka, dori-darmon vositalarining qiymati;
- soliqlar (er uchun, mulk uchun, avtotransport vositalari uchun);
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlashga va ta’mirlashga ajratmalar;
- bank xizmatlariga to‘lovlar;
Yuqorida biz keltirgan xarajatlar 9410-«Sotish bo‘yicha xarajatlar» hisobvarag‘ida hisobga olinadi. Ushbu schyot tranzit schyot bo‘lib, qaysi davr bo‘lmasin, uning oy boshida qoldiq summasi bo‘lmaydi. Uning debet tomonida tovarlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar ko‘rsatilsa, kredit tomonida ushbu xarajatlarning hisobdan chiqarilishi aks ettiriladi. Bu summa foydaning kamayishiga olib keladi, ya’ni foyda hisobidan qoplanadi.
9410-«Sotish bo‘yicha xarajatlar» hisobvarag‘ining analitik hisobi 15-sonli qaydnomada xarajatlarning debet va kredit oboroti bo‘yicha ko‘rsatiladi. Debet oborotining jami summasi №1, 2, 7, 10/1-jurnal-orderlarida aks ettirilsa, kredit bo‘yicha oborot summalari esa №11-jurnal-orderda aks ettiriladi.
Sotish xarajatlari har oyda to‘liq summada quyidagi yozuv bilan moliyaviy natijalarga o‘tkaziladi:
D-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
K-t 9410-«Sotish xarajatlari».
Do'stlaringiz bilan baham: |