3. Xalqaro maydonda korrupsiyaga qarshi kurash tajribasi
Korrupsiya – har qanday davlatning siyosiy tuzulishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, butun dunyoda global muammo hisoblanadi. Jumladan, yaqin o’tmishda Osiyo qit’asida joylashgan Janubiy Koreya, Turkiya va Pokiston davlatlarining sobiq rahbarlariga va yuqori martabali mansabdor shaxslari o’z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganliklari uchun ularga nisbatan parlament tomonidan tekshiruvlar o’tkazilgan. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarda ham davlat xizmatidagi mansabdor shaxslarning korrupsiyalashuvi tez-tez uchrab turadi. Misol uchun, 90-yillarning ikkinchi yarmida Germaniyada 2 mingga yaqin mansabdor shaxslarga nisbatan poraxo’rlik holatlari bo’yicha rasman jinoyat ishlari qo’zg’atilib, tergov qilingan. AQShning Oq uy ma’muriyati esa, doimiy ravishda siyosiy kompaniyalar uchun ajratilgan mablag’lardan noqonuniy ravishda foydalanilganligi haqidagi ayblovlar bilan kurashib keladi. Har bir mamlakat, xalq “jinoyat” va “korrupsiya” kabi tushunchalarni o’z dunyoqarashi, tafakkuri va mentaliteti darajasiga ko’ra har xil tasavvur qiladi. Ayrim mamlakatlarda korrupsiya poraxo’rlikning sinonimi hisoblanadi, ayrim mamlakatlarda esa u kengroq – davlat hokimiyati va hatto jamiyatning ma’naviy inqirozi sifatida talqin etiladi.
Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Ammo bu korrupsiya hammayoqda bir xil degan ma’noni anglatmaydi. Korrupsiyaning vujudga kelish sabablari turli mamlakatlarda har xil bo’lib, tarixiy bosqich va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi. Shu bois korrupsiyaning oldini olish va unga barham berishning universal ma’muriy-huquqiy vositalarini ishlab chiqish deyarli mumkin emas.
Ayrim tadqiqotchilar fikriga ko’ra, korrupsiya darajasi eng past bo’lgan davlatlardan biri Finlyandiya hisoblanadi. Hozirgi kunda Finlyandiyada yiliga 3-4 ta poraxo’rlik bilan bog’liq jinoyat ishlari ko’rilar ekan. 1980-1989 yillarda, 81 nafar shaxslar pora olganlik uchun, 49 nafar shaxslar pora berganlik uchun jazolangan. Shunisi e’tiborliki, Finlyandiya Jinoyat kodeksida “korrupsiya” degan tushuncha majud emas. Unda mansabdor shaxslarning poraxo’rligi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo’lib, bunday jinoyatni sodir etgan mansabdor shaxslar uchun qilmishning ijtimoiy xavfliligiga qarab jarimayoki 4 yilgacha bo’lgan muddatga turmaga qamash jazosi tatbiq etiladi. Ajablanarlisi, Finlyandiyada maxsus korrupsiyaga qarshi kurash haqida qonun mavjud emas, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus organ ham tuzilmagan. Korrupsiyaga umumiy jinoyatchilikning bir qismi qabilida kurash olib boriladi. Finlyandiya Konstitusiyasi, Jinoyat kodeksi, Fuqarolik xizmati to’g’risidagi qonun, ma’muriy boshqaruvga oid yo’riqnomalar va boshqa qonunosti hujjatlar korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hujjatlar hisoblanadi. Bularning orasida eng muhimi Ahloq qoidalaridir. Finlyandiyada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hujjatlar ijrosi ustidan nazorat mamlakat Prezidenti tomonidan tayinlanadigan, biroq, mutloq mustaqil faoliyat yurituvchi Adliya kansleri va parlament vakili Ombudsman tomonidan olib boriladi. Ular butun hokimiyat tarmoqlari faoliyatini nazorat qilish vakolatiga egalar. Yuqori martabali mansabdor shaxslarni ayblash haqidagi jinoyat ishlari maxsus tashkil etilgan Davlat sudi tomonidan ko’rib chiqiladi. Bu sud hattoki davlat rahbariga nisbatan bo’lgan ishlarni ham ko’rib chiqishi mumkin. Unga Adliya kansleri, parlament vakili Ombudsman, hukumat vakillari, Oliy sud va ma’muriy sud sud’yalari a’zo bo’lishi mumkin. Ikkinchi Jaxon Urushidan keyin Davlat sudi bor-yo’g’i bir marta chaqirilgan xolos. Davlat xizmatchilari soni unchalik ko’p emas. Ayniqsa, 90-yillardan keyin davlat xizmatchilari soni deyarli teng yarimiga, ya’ni 230.000 dan 127.000 ga qisqartirilgan. Finlyandiyada davlat xizmatchilarini korrupsiyalashuvidan saqlovchi muhim omillardan biri – ularning moddiy va ijtimoiy ta’minlanganligidadir. Alohida ta’kidlash lozimki, Finlyandiyada ommaviy axborot vositalari ijtimoiy nazoratning muhim vositasi bo’lib xizmat qiladi. Hukumat esa ommaviy axborot vositalariga nafaqat erkinlik yaratib bergan, balki har bir e’lon qilingan korrupsiya holati bo’yicha aniq choralarni ko’rib boradi. Finlyandiya korrupsiyaga qarshi bir qancha xalqaro hujjatlarga qo’shilgan, xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini faol olib boradi.
Davlat hokimiyati organlarini korrupsiyaning zararli ta’siridan saqlash zaruriyati AQSH hukumatini korrupsiyaga qarshi kurashni XIX asrdayoq davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida belgilashga majbur qilgan. Lekin bu yo’nalishdagi ishlar faqat XX asrning o’rtalariga kelib faol tus oldi. Shu narsa diqqatga sazovorki, AQSH qonunlarida nafaqat davlat xizmatchisi o’z vazifasini bajarishi chog’ida yuzaga keladigan manfaatlar to’qnashuvi, balki davlat hokimiyati organlarida o’z xizmatini to’xtatgan shaxs bilan shunday holatning ro’y berishi ham nazarda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |