KORRUPSIYA VA UNGA QARSHI KURASH BORASIDAGI MILLIY-XALQARO HUQUQIY NORMALAR
Hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora ko’p qo’llanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir. Korrupsiya albatta bugun paydo bo’lgan illat emas, u qadimdan buyon mavjud bo’lib kelmokda. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan:“Har qanday davlat tizimida qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerak-ki, unda mansabdor shaxslarni noqonuniy yo’l bilan boyishiga yo’l qo’ymaslik lozim”. Fransuz mutafakkiri Sharl Monteskye esa bu borada “Asrlar tajribasidan ma’lumki, har qanday hokimiyat vakolatiga ega bo’lgan shaxs, uni suiiste’mol qilishga moyil bo’ladi va u ma’lum bir maqsadga erishmaguncha shu yo’nalishda yuradi” degan fikrlarni bildirgan.
G’arbiy Yevropa davlatlarining keyingi tarixida ham korrupsiyaning turli ko’rinishlari va korrupsion munosabatlarning avj olishi nafaqat tarixiy manbalarda balki, o’sha davrning ilg’or yozuvchi faylasuflarining asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Xususan, Shekspirning “Venesiyalik savdogar”, “Qonga qon, jonga jon” , Dantening “Do’zax”, “Tozalovchi” kabi asarlarida ham yoritilgan. Dante korrupsionerlarni do’zaxni eng qorong’i va eng chuqur joyiga tashlash kerak degan fikrni bildirgan
Korrupsiyaning kelib chiqishi tarixi va rivojlanishi masalalarini Nikkolo Makiavelli o’rganib, uni yo’talga qiyoslab shunday degan edi, “Korrupsiyani ham yo’talga o’xshab oldin aniqlash qiyin, ammo davolash oson, lekin bu kasalni o’tkazib yuborsangiz uni aniqlash oson, ammo davolash qiyin”. Mana shu so’zlardagi haqiqatni bugungi kunda dunyo bo’yicha keng tarqalgan korrupsiya ko’rinishlariga nisbatan ham qo’llash mumkin bo’ladi.
Ma’lumki “Korrupsiya” tushunchasi lotin tilidagi “corruptio” so’zidan olingan bulib, mazmuni “buzish, sotib olish” ma’nosini beradi va uning grammatik bir ildizli ma’nosi yana “korroziya” suzi ya’ni “chirish” yoki “zanglash” degan mazmunni ham beradi. Shundan kelib chikib bu so’zni ijtimoiy ko’rinishi hokimiyatni buzish, chiritish orkali sotib olish” degan ma’noni beradi.
Milliy qonunchiligimizda mazkur atamaning aniq huquqiy ta’rifi mavjud emas, biroq xalqaro huquqning ayrim manbalarida xususan, Korrupsiya muammolari bo’yicha Yevropa Kengashi Guruhlarining 1-sessiyasi (1995 yil 22-24 fevral, Strasburg)da “Korrupsiya”ga shunday ta’rif berilgan.“Korrupsiya - pora olish (o’ziga og’dirish), davlat yoki xususiy sohada muayyan vakolatga ega bo’lgan shaxs, mansabdor shaxsning yoki xususiy sohada faoliyat yuritadigan shaxs yoki mustaqil agentning o’z mansab vazifasidan yoki shunga o’xshash munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarini buzadigan, shuningdek, o’zi yoxud o’zga shaxslar manfaati uchun har qanday shakldagi afzalliklarga ega bo’lish maqsadida ifodalangan xatti-harakat”.
Mansabdor yoki mansabdor bo’lmagan shaxslar tomonidan yuqorida nazarda tutilgan xatti-harakatlar sodir etilishi oqibatida fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko’p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkaziladi.Shuningdek, “Korrupsiya – mansabdor shaxs tomonidan muayyan harakat yoki harakatsizlik sodir etish (etmaslik) evaziga moddiy manfaatdor qilayotgan shaxsning manfaatini ko’zlab mansab vazifasini buzgan yoki buzmagan holda, turli shaklda moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko’rishi.” (BMT mansabdor shaxslarining odob-axloq Kodeksi 17.12.1979 y).
“Korrupsiya – shaxsiy manfaati yo’lida davlat hokimiyati vazifalarini suiiste’mol qilishi (BMTning Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash bo’yicha axborot hujjati).
Korrupsiya – bu shaxsiy manfaat uchun davlat hokimiyati mansab vazifasini suiiste’mol qilish (Butunjahon banki hisoboti, 1997 y).
Bundan tashqari O’zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ham mazkur turdagi jinoyat uchun shunday ta’rif berilgandi: “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu – korrupsiya va poraxo’rlik. Jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin”.
“Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo’lish yoki to’g’ridan-to’g’ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishdir”.
Korrupsiyaga qarshi kurash ishlarini tashkillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 3 martdagi “O’zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tuzilmasida tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi poraxo’rlik, o’g’irliklar va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi kurash boshqarmasini tashkil etish to’g’risida”gi; 1994 yil 11 maydagi “Xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni korrupsiya, reket va uyushgan jinoyatchilikning boshqa ko’rinishlaridan himoya qilishning tashkiliy chora-tadbirlari to’g’risida”gi; 1997 yil 28 maydagi “Korrupsiya, reket va terrorizmga qarshi kurashni takomillashtirish ishlarini yanada rivojlantirish to’g’risida”gi qarorlari qabul qilindi va ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
BMT Rivojlanish Dasturining (“UN Development Program”) nazariy tahliliga ko’ra korrupsiyani vujudga kelishida quyidagi omillar katta rol o’ynaydi: vakolat yoki xokimiyatga, shaxsiy manfaat va o’zboshimchalik, hisobdorsizlik va oshkorasizlik.
Jahon miqyosida quyidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha xalqaro-huquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlab o’tish lozimdir:
a) BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi”;
b) Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgorlik to’g’risidagi Konvensiyasi;
v) Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun fuqaroviy javobgarlik to’g’risida”gi Konvensiyasi;
g) Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi doirasida “Korrupsiyaga qarshi siyosatning qonunchilik asoslari to’g’risida”gi model qonuni;
d) “Osiyo Taraqqiyot Banki va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki Osiyo va Tinch okeani korrupsiyaga qarshi harakat dasturi”;
Umuman olganda, korrupsiyani vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
- o’tish davridagi qiyinchiliq
- ijro etish tizimining yomonlashuvi;
- huquqiy nigilizm;
- jamiyatda insonlarning huquqiy madaniyati
- iqtisodiy aspektlar.
Dunyodagi mamlakatlarda korrupsiyaning mamlakat boshqaruvi, iqtisodiyoti va boshqa sohalariga ta’sirini xalqaro nodavlat-notijorat “Transparency International” - “Transperensi interneshnl” tadqiqotlariga asosan baholab kelinadi.
Shuningdek, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yil 31 oktyabr kungi Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi (2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan bo’lib, mazkur hujjat muqaddima hamda 8 ta bob, 71 ta moddadan iborat)ga O’zbekiston Respublikasining qo’shilishi to’g’risida”gi 2008 yil 07 iyul kungi O’RQ-158-sonli Qonuni qabul qilindi.
Qonunchilik tahlili korrupsiya bilan bog’liq qilmishlarga qarshi kurashish faoliyatining huquqiy asoslari ko’proq O’zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksida o’z ifodasini topgan. Buni quyidagilarda ko’rishimiz mumkin:
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Korrupsiya bilan bog’liq jinoyatlar”ni nazarda tutuvchi quyidagi moddalar:
O’zlashtirish yoki rastrata yo’li bilan talon-toroj qilish (167-modda);
Soxta tadbirkorlik (179-modda);
Soxta bankrotlik (180-modda)%;
Bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish (182-modda);
Soliqlar yoki boshqa majburiy to’lovlarni to’lashdan bo’yin tovlash (184-modda);
Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda);
Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (206-modda);
Mansab soxtakorligi (209-modda);
Pora olish (210-modda);
Pora berish (211-modda);
Pora olish-berishda vositachilik qilish (212-modda);
Tovlamachilik yo’li bilan haq - berishni talab qilish (214-modda);
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda);
Kontrabanda (246-modda) mavjud bo’lsada, xalqaro huquqda va amaldagi qonunchiligimizda “Korrupsiya” tushunchasining o’ziga ta’rif berilmagan. Ushbu moddalar korrupsiyaning mohiyatini nafaqat to’laligicha ochib bera olmaydi, balki korrupsion harakatlarga yetarli darajada baho berishga imkon yaratmaydi.
Afsuski amaldagi jinoyat qonunchiligida ko’pgina bugun mavjud bo’lgan korrupsion qilmishlar uchun javobgarlik belgilanmagan. Masalan, ma’lum bir siyosiy maqsadni amalga oshirish uchun yashirin mablag’lar yig’ish, biror bir yuqori lavozimga ishga o’tish uchun mablag’ yoki boshqa haq to’lashni amalga oshirish, tashkilotlarning aksiyalarini taqsimlashda yoki auksionlar o’tkazishda “tanish-bilishchilik” qilish, ma’lum haq evaziga soliq yoki bojxona to’lovlarida imtiyozlar yaratib berish, manfaatdor mansabdor shaxslar tomonidan o’z ta’sir doirasidagi turli xo’jalik yurituvchi subyektlarni himoyasi ostiga olish shular jumlasiga kiradi.
Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murrakab ijtimoiy hodisa bo’lib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qo’llash samarali hisoblanmaydi. Ushbu faoliyat kompleks-majmuaviy tarzda amalga oshirilishi lozim. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsadi va obyekti sifatida alohida olingan korrupsioner emas, balki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarini bartaraf qilish va profilaktik oldini olish choralarida namoyon bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |