9-mavzu. Ekspert tizimlar
Ekspert tizimlar sun’iy intellektning amaliy jihatdan bitta mustaqil yo‘nalishi sifatida 1970-yilning oxirlarida shakllandi va 1980-yillarda tijorat yo‘lidagi dasturiy ta’minot sifatida alohida-alohida sohalarda ishlatila boshlandi.
Ekspert tizimlar aniq bir predmet sohadagi muammoli vaziyatlarni bartaraf etishda ekspert-mutaxassislar o‘rnini qisman bosa oladigan kompyuter dasturi bo‘lib, bunday intellektual maqomdagi dasturiy ta’minotni yaratish g‘oyasi dastlab 1832-yilda S.N.Korsakov1 tomonidan ilgari surilgan edi.
Muayyan predmet sohasidagi masalalarni amaliy yechishga mo‘ljallangan intellektual tizimlar ekspert tizimlar deb ataladi.
Yetakchi olimlar tomonidan sun’iy intellekt, shu jumladan, kompyuter lingvistikasi sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasi oxir-oqibatda ekspert tizimlarda o‘zining amaliy tatbiqini topdi.
Ekspert tizimlar tayinli bir sohaga ixtisoslashgan bo‘ladi va aynan shu sohadagi amaliy masalalarni yechish bilan shug‘ullanadi.
Darhaqiqat, ekspert tizimlarning amaliy tatbiqini bugungi kunda juda ko‘plab sohalarda ko‘rish mumkin:
tibbiy tashxis va davolash;
kimyoviy analiz va sintez;
molekulyar biologiya va gen muhandisligi;
qishloq xo‘jaligi;
sanoatda rejalashtirish va ishlab chiqarish;
qurilmalar nosozligini tekshirish va tashxis qo‘yish;
elektronika va hisoblash texnikalari;
matematika va fizika;
metereologiya;
geologiya va razvedka;
yurisprudensiya;
kosmik texnikalar va hk.
Ekspert tizimlarning boshqa an’anaviy dasturlardan ajralib turuvchi alohida belgilari quyidagilarda ko‘rinadi:
1) kompetentligi (chuqur bilimga asoslanganligi);
2) simvolik mushohadaga asoslanganligi;
3) teran “fikrlay” olishi;
4) o‘zini o‘zi “anglashi”, mohiyatan tushunishi.
Ekspert tizimlarning boshqa an’anaviy dasturlashdan yana bir asosiy farqi shundaki, an’anaviy dasturlashda aniq qonuniyatga asoslangan algoritmlarga, boshqacha aytganda, formallashtirilgan ma’lumotlarga tayaniladi. Ekspert tizimlar esa formallashtirilmagan bilimlarga tayangan holda murakkab hayotiy masalalarni yechishga mo‘ljallanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Tuzilishi jihatidan ekspert tizimlar quyidagi komponentlarni o‘z ichiga oladi:
1) foydalanuvchi interfeysi;
2) foydalanuvchi;
3) bilimlar bazasining intellektual muharriri;
4) ekspert;
5) bilimlar muhandisi;
6) ishchi (tezkor) xotira;
7) bilimlar bazasi;
8) masalani yechuvchi qism (xulosalash mexanizmi);
9) tushuncha beruvchi qism.
Quyida eng ko‘p tarqalgan ekspert tizimlar ro‘yxatini keltiramiz:
1. CLIPS – ekspert tizimlarni yaratish (qurish) uchun mo‘ljallangan dasturiy vosita.
2. MYCIN – bakterial infeksiyalarni aniqlash, kuzatish va tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
3. Wolfram Alpha – bilimlar bazasi va intellektual hisoblash algoritmlari to‘plami.
4. IBM Watson – tabiiy tilda berilgan savollarni tushunadigan va ma’lumotlar bazasidan bu savollarga mos javobni topib bera oladigan superkompyuterlar (IBM firmasiga qarashli).
5. Акинатор – интернет-ўйин дастури.
Ekspert tizimlarni yaratishda quyidagi uch soha vakillari faol ishtirok etishadi:
1) ekspertlar;
2) bilimlar bo‘yicha muhandislar;
3) dasturchilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |