Tarmoqda ma'lumot uzatish bosqichlari
Xabarlar, ma'lumotlar, fayllar kompyuter tarmog`i bo`ylab uzatilaetganda bir necha bosqichlarni bosib o`tadi. Bu bosqichlar soni 7 ta bo`lib, ularning har biri berilmalar aniq va o`z vaqtida uzatilishini ta'minlash uchun xizmat qiladi.
1. Ilovalar bosqichi foydalanuvchi kuzata oladigan yagona bosqich bo`lsa-da, bu bosqichda bajariladigan amallarning ko`pchiligidan foydalanuvchi bexabar qoladi. Bu bosqichda ma'lumotlar bitlar ketma-ketligiga aylantiriladi va unga sarlavha qo`yiladi. Bu sarlavhada, xususan, uni jo`natayotgan va oladigan kompyuterlar manzillari ko`rsatiladi.
2. Taqdimot bosqichida ma'lumotlarni kodlash uchun alifbo turi (masalan, ANSII, Unicod) tanlanadi, hajmni kamaytirish uchun siqiladi, boshqalarning qo`liga tushganda oshkor bo`lmasligi uchun kriptografiya yordamida shifrlanadi.
3. Sessiya bosqichida aloqa o`rnatish boshlanadi. Bu bosqichda ma'lumotning chegaralari (boshi va oxiri) belgilanadi. Bu amalni yana ma'lumotni qavsga olish deb ham atashadi. Bundan tashqari, aloqa turi tanlanadi. Aloqa yarim dupleks tarzida bo`lsa, kompyuter har bir vaqt momentida ma'lumotlarni qabul qilish yoki uzatish tartibidan birida ishlaydi, hamda bu tartiblarning biridan ikkinchisiga o`tib turadi. Aloqaning to`liq dupleks turida kompyuter bir vaqtda ma'lumotni uzatishi va qabul qilib olishi mumkin. Aloqa turi ham sessiya sarlavhasiga yoziladi.
4. Transport bosqichida jo`natiladigan ma'lumotlar tasodifiy o`zgarishlardan himoyalanadi. Buning uchun ma'lumot bo`laklarga, ya'ni segmentlarga ajratiladi, har bir segment uchun nazorat yig`indisi hisoblanadi. Nazorat yig`indisi – bu segmentdagi barcha bitlarning matematik yig`indisi bo`lib, ma'lumot uzatilgach, uning nazorat yig`indisi qayta hisoblanadi va bu qiymat nazorat yig`indisining qabul qilingan qiymatiga teng bo`lsa, demak ma'lumot bexato jo`natilgan bo`ladi. Bu bosqichda ma'lumotlardan nusxa olinadi va u ma'lumot uzatilguncha saqlab turiladi. Har bir segment uchun sarlavha yaratiladi va unga segmentning tartib raqami, nazorat yig`indisi kiritiladi.
5. Tarmoq bosqichida ma'lumotlarni uzatish yo`li (marshruti) aniqlanadi. Segmentlardan paketlar yaratiladi, paketlar soni, ketma-ketligi, ma'lumotlarni jo`natayotgan va qabul qilib oladigan kompyuter manzillari paketlarning sarlavhalari (konvert)ga kiritiladi.
6. Ma'lumotlarni uzatish bosqichida ma'lumotlarni uzatish boshqariladi. Unda har bir paketdan nusxa olinadi, uning nazorat yig`indisi hisoblanadi. Bu bosqichda har bir paket nusxasi ular marshrutining keyingi nuqtasiga bexato etib borguncha saqlab turiladi.
7. Fizik bosqichda paketlar fizik aloqa kanallarining muhitida uzatiladigan signallarga aylantiriladi va ularni uzatish boshlanadi. Masalan, telefon liniyalari uchun paketlar analogli signallarga, radiokanallar uchun modulyatsiya qilingan radiosignallarga aylantiriladi.
Ma'lumotlar to`liq qabul qilib olingandan keyin, bu bosqichlar teskari tartibda bajariladi. Fizik bosqichda signallar bitlarga aylantiriladi. Ma'lumotlarni uzatish bosqichida nazorat yig`indisi qayta hisoblanadi, paketning etib kelgani tasdiqlanadi va bu narsa paket sarlavhasiga qayd qilinadi. Tarmoq bosqichida paketlar qayta sanab chiqiladi. Transport bosqichida nazorat yig`indisi qayta hisoblanadi va paketlar segmentlarga o`tkaziladi. Sessiya bosqichida segmentlar to`planib, yig`iladi. Taqdimot bosqichida siqilgan va shifrlangan ma'lumot qayta tiklanadi. Ilova bosqichida hosil bo`lgan ma'lumot belgilar ketma-ketligiga o`tkaziladi va kerakli ilovaga beriladi.
Tarmoqning oraliq tugunlari (marshrutizatorlar)da har bar paketning nazorat yig`indisi qayta hisoblanadi. Zaruriyat bo`lganda, oraliq tugunlarda ma'lumotlarni uzatish marshruti (yo`li) tarmoq kanallarining zo`riqishining oldini olish maqsadida o`zgartirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |