8–ma’ruza
Mavzu: Kavsharlar
8.1. Umumiy qoidalar va qisqacha tasnifi.
8.2. Mis kavsharlar.
8.3. Kumush va palladiy kavsharlar.
8.4. Nikel kavsharlar.
8.5. Qalay-qo’rg’oshinli kavsharlar.
8.1. Umumiy qoyidalar va qisqacha tasnifi
Kavsharlash – kavsharlanadigan (asosiy) qattiq metall bilan suyuq qo’shimcha kavsharlash materiali (kavshar) ning o’zaro ta‘sirlashuvi natijasida birikma hosil bulish jarayonidir. Ana shu o’zaro ta‘sirlashuv oqibatida chok va detallarning biriktiriladigan sirtlari chegarasidagi o’tish qatlamlari ulanmalar deb ataladi.
Ulanma hosil bo’lishi uchun, biriktiriladigan sirtlardan oksid pardasi yo’qotilishi va qattiq hamda suyuq metallning o’zaro ta‘sirlashuv sharoiti yaratilishi kerak. Kavsharlanadigan detallar materiali bilan o’zaro ta‘sirlashgan oson eruvchi bog’lovchi metall kristallanganda kavsharlangan birikma yuzaga keladi.
Kavsharlash payvandlashga o’xshasa-da, ammo ular orasida jiddiy farqlar ham bor. Masalan payvandlashda asosiy va qo’shimcha materiallar payvandlash vannasida erigan holatda bo’ladi, kavsharlashda esa kavsharlanadigan material erimaydi. Kavsharlashda chokning shakllanishi biriktirilayotgan detallar orasidagi tirqishning kavshar bilan to’lishi orqali yuz beradi, ya‘ni kavsharlash jarayoni kapilyar oqish hodisasi bilan bog’langan, eritib payvandlashda esa bunday bo’lmaydi. Kavsharlash, eritib payvandlashdan farqli o’laroq, kavsharlanadigan metallning erish haroratidan past haroratda amalga oshiriladi va haroratlarning keng oralig’ida sodir bo’lishi mumkin. Kavsharlashning afzalliklaridan biri buyumni tashkil etuvchi ko’pgina elementlarni bir galda yaxlit qilib birlashtirish mumkinligidir. Shu bois kavsharlash, biriktirishning boshqa usullaridan farqli ravishda, ko’plab ishlab chiqarish talablariga javob beradi. U boshqa - boshqa metallarni, shuningdek metallni shisha, keramika, grafit va boshqa nometall materi- allar bilan biriktirishga imkon beradi.
Kavsharlashda kavsharlanayotgan detallarning chetlari erimaydi, shu sababli qizdirish jarayonida buyumning talab etiluvchi shakli hamda o’lchamlarini saqlab qolish oson bo’ladi. Past haroratda kavsharlash biriktiriladigan detallar metallining tuzilmasi va xossalarini o’zgarishsiz saqlab qolish imkonini beradi. Kavsharlashning muhim afzalligi, ya‘ni kavsharlangan birikmalarni ajratish mumkinligi uni montaj va ta‘mirlash ishlarida tengi topilmaydigan qiladi.
Texnologik jarayonning o’ziga xos tomonlari va xususiyatlariga ko’ra kavsharlash quyidagicha tasniflanadi:
ulanma yuzaga kelganda qattiq va suyuq metallning o’zaro ta‘sirlashuv turiga binoan;
kavsharlangan birikma hosil bo’lish texnologiyasining o’ziga xos xususiyatlariga ko’ra;
qizdirish usullariga binoan.
Asosiy metallning erigan kavshar bilan o’zaro ta‘sirlashuvi turiga va asosiy metall-kavshar chegarasidagi bog’lanishlar tabiatiga ko’ra ulanmalarning to’rt xili: shimilmaydigan, erib shimiladigan, teginma- reaksion va yoyilgan xillari ajratib ko’rsatiladi.
Kavsharlangan birikmaning hosil bo’lish texnologiyasi xususiyatlariga (kavsharlash rejimi, kavsharni kiritish usuli, chokning shakllanishi) binoan kapilyar kavsharlash, shimdirib, teginma-reaktiv, reaktiv-flyus ostida va nokapilyar kavsharlash ajratib ko’rsatiladi.
Kavsharlar tilimlar, folga, sim, chiviq, quyma, kukun ko’rinishida tayyorlanadi. Tuzma (kompozitsion) kavsharlar qiyin eriydigan va oson eriydigan kukunlar (tashkil etuvchilar) dan tayyorlanadi, bu esa katta tirqishli buyumlarni kavsharlashga hamda kavsharlangan birikmalarning mexanik xossalarini oshirishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |