8-sinf O’zbekiston davlati va huquqi asoslari fani 2-mavzu
Shaxs
Odam har qanday tirik organizm kabi jonli tabiatning bitta a’zosi, elementidir.
Lekin odam tabiatdagi boshqa mavjudotlardan o‘zining ko‘plab jihatlari bilan farqlanadi.
Inson – tabiatdagi eng rivojlangan, ongli mavjudotdir. U xuddi boshqa jonzotlar kabi tirik tanaga ega. Odam ongli, aqlli mavjudot sifatidagi jihatlarini namoyon qila boshlaydiki, bu jihatlar faqatgina tabiatning odamzot deb atalmish qismining vakili bo‘lgan insongagina xosdir. Har bir alohida odam – bu individ. U ayol yoki erkak, yosh yoki qari, baland yoki past bo‘yli, oriq yoki semiz deb tavsiflanadigan umumiy xususiyatlarga, ovqat, suv, boshpana, kiyim kabi umumiy ehtiyojlarga, ota-onaga, o‘z uyiga bog‘liqlik, sog‘inch, muhabbat kabi tuyg‘ularda namoyon bo‘ladigan his hayajonga ega. Shaxs ham, albatta odam, inson, individ. Lekin unda tabiiy xususiyatlar, ehtiyojlar, his-hayajon, tuyg‘ulardan tashqari bir qadar ahamiyatliroq bo‘lgan jihatlar mavjud. Shaxs uchun qator qadriyatlar muhim.
Bu qadriyatlarga misol qilib o‘z uyi – oilasi, mamlakati – vatani, mahallasi – qo‘ni-qo‘shnilari, o‘quv dargohi – sinfdoshlari yoki kursdoshlari, ishxonasi – hamkasblari kabilarni keltirish mumkin.
Shaxsga yashash prinsiplari, atrofdagilar bilan munosabat qonun qoidalari, o‘zi yashayotgan, faoliyat yuritayotgan muhitda obro‘-e’tiborga, nufuzga ega bo‘lish istagi kabilar xosdir. Shaxs o‘z his-hayajon va ehtiyojlarini jilovlay oladi. Unda ong va iroda kuchli. Shaxs o‘z ichki dunyosini biladi, tushunadi va ma’lum tizimga sola oladi. Shaxs faqat o‘z-o‘zi bilan ovora emas. U atrofdagilar, hayot, mahalla, mamlakat, vatan haqida doimo o‘ylaydi, qayg‘uradi, g‘amxo‘rlik qiladi. Biz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimizni tilga olganimizda ularni buyuk shaxslar deb ulug‘lashimiz ham shaxs tushunchasining naqadar salobatli ekanligini bildiradi. Shaxs sifatida shakllangan kishi yetarli darajadagi aql-idrok, bilim, zakovat, kuch-quvvat, tajriba, kasbiy mahorat, ilmiy salohiyat, jismoniy va ma’naviy salomatlikka, ya’ni inson kapitali deb atalmish boylikka ega bo‘lishi lozim. Insonning ma’naviy boyligi - uning dunyoqarashi, xulqi, odobi, madaniyati kabi ruhiy dunyosi bilan bog‘liq fazilatlari inson kapitalining asosiy tashkil etuvchilaridan hisoblanadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi qilib aynan inson kapitalini rivojlantirish belgilanganligi ham bejiz emas.
Chunki, inson kapitali – mamlakatimizning jahon arenasidagi raqobatbardoshligini ta’minlab beradigan omildir.
Savol va topshiriqlar: 1. Odamning uni boshqa tirik mavjudotlardan farqlantirib turuvchi jihatlarini sanab bering. 2. His-hayajon va ehtiyojlar inson hayotida qanday o‘rin tutadi? 3. Inson shaxs sifatida shakllanishiga qanday omillar ta’sir qiladi? 4. Shaxs uchun qadriyatlarning qanday ahamiyati bor? 5. Shaxs uchun e’tiborli bo‘lgan qadriyatlarga misollar keltiring. 6. Shaxsning shakllanishida davlatning qanday ahamiyati bor? 7. Davlatimiz yosh avlodning yetuk shaxslar bo‘lib kamol topishi uchun qanday imkoniyatlar yaratmoqda? Bu imkoniyatlarga misollar keltiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |