2. Bolalar ruhiyatida kechayotgan ijodiy jarayonni rag‘batlantirish
Bolalar ruhiyatida kechayotgan ijodiy jarayonni kattalar o‘z o‘rnida, me’yorida rag‘batlantirmoqlari lozim. Ularning qobiliyati va ijro imkoniyatiga qarab, yo‘l-yo‘riq berib turmoqlari zarur. Xato qilsa, sira kamsitmay, ohista, samimiy tushuntirib turilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayniqsa, ota-ona mehnat jarayonida farzandlarini yonlarida olib yursalar, ularga zerikib qolmaydigan darajada ish buyursalar, o‘zlari qo‘shiq xirgoyi qilib ishlasalar, bu norasidaning ham aqliy, ham jismoniy o‘sishi uchun eng asosiy omillardan an’anaviy o‘zbekona tarbiya usullaridan bo‘ladi.
Turli o‘yinlar jarayonida bolalar tabiat, hayvonot dunyosi va hokazolar bilan tanishadilar. Masalan, bolalar toshlar bilan o‘ynayotganlarida ularning rangi, shakli, og‘irligi va hokazolarni bilib oladilar, toshlar ana shu xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanishini tushunadilar. O‘yinlar jarayonida ularning nutqi o‘sadi, tafakkuri rivojlanadi, lug‘at boyligi kengayadi.
O‘tmishda o‘z otlariga ega bo‘lgan oilalardaga bolalar kichik yoshlaridan chavandozlikni o‘rgana boshlagan. Inqilobgacha o‘tgan ayrim mualliflarning kitoblarida o‘zbeklar o‘g‘il bolalarni besh yoshidan otga mindirganini va ular o‘n yoshlaridan jang o‘yinlari hamda chavandozlik poygalarida qatnashgani tilga olingan.
Yozma manbalarda o‘zbeklarning faqat erkaklari emas, balki ayollari ham ot minishni yaxshi bilgani qayd qilingan. Rasmiy nashrlarda yozilganidek, o‘zbek ovullarida ot poygalari har qanday kulay hollarda, hatto, yangi uy solinishi munosabati bilan ham o‘tkazilgan. Bunday musobaqalarga kishilar qunt bilan tayyorgarlik ko‘rganlar, o‘z otlarini tayyorlaganlar va bunday ishlarda o‘smirlar hamda yoshlar zimmasiga ko‘p vazifalar yuklangan. Ayrim kishilar o‘zining butun hayotini poyga otlarini tayyorlash kasbiga bag‘ishlagan. Otalar yoki bobolar o‘zlarining ana shu sohadagi tajribalarini va chavandozlarga muhabbatini kichkintoylarga o‘rgatgan.
O‘zbek bolalar o‘yinlarining ayrimlari harbiy o‘yinlar bo‘lib, buning sababi vatan mudofaachilarini tayyorlash va tashqaridan tez-tez bo‘lib turadigan hujumlarni muvaffaqiyatli qaytarish zarurligadan edi. “Kamon otish”, “Nayzabozlik”, “Urush” va boshqalar harbiy o‘yinlarga kirgan. O‘zbek bolalari orasida 5-6 yoshlaridan boshlab kamon otish o‘yini juda ommaviy tus olgan. Jamoatchilik bu o‘yinni ma’qullagan va kattalar doimo bolalarni qamon otishga rag‘batlantirganlar. Xalq tarbiyada kamon otish o‘yiniga qanchalik e’tibor berganini shundan ham anglash mumkinki, onalar o‘z allalarida o‘g‘lining kuchli va kamon otishda mohir bo‘lishi haqidagi istaklarni kuylaganlar. Uzoq o‘tmishda o‘zbeklar o‘lgan kishining qabriga ham kamon o‘qini qo‘yib ko‘mganlar. Boshqacha aytganda, o‘zbek uchun kamon o‘qi qabristongacha hamroh bo‘lgan. Kamon otish jasurlikni tarbiyalagan, mohir kamonchi-jangchilar tayyorlashning yaxshi maktabi bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |