2. Dj.Kellining shaxs konstruktlari nazariyasi
Djordj Kelli (1905-1966 yy.) - amerikalik psixolog, Ogayo universiteti professori. 1955 yilda nashr etilgan, o‘zining asosiy ishi bo‘lgan “Shaxs konstruktlari psixologiyasi” ustida Kelli 20 yil ishlagan. Uning nazariy konsepsiyasi E.Erikson, A.Maslou va boshqalar psixologlarniki singari boy amaliy va psixoterapevtik tajribaga tayanadi. Eng asosiysi, ularni bir fikr birlashtiradi. Unga ko‘ra, shaxsga alohida elementlarga bo‘lib bo‘lmaydigan, bir butun sistema sifatida qarash kerak. Shunga qaramasdan, Kellining nazariyasi psixoanaliz va gumanistik psixologiya doirasida ishlab chiqilgan klassik ishlardan ajralib qoldi7.
Har bir shaxs nazariyasi o‘zining konkret tushuntirish prinsipiga asoslangan markaziy nuqtasiga ega. Misol uchun, psixoanalizda markaziy tushuncha – bu “ongsizlik ta’siri” hisoblanib, shaxs modeli ikki asosga ko‘ra quriladi. Bular ongsizlik holati va jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalardir. Z.Freyd instinktiv kuchlar (ong osti, ong oldi va ong) shakllanish darajasiga e’tibor qaratib, shaxs podsistemasini uchga bo‘ladi (Id, Ego, Super-Ego). Shaxs dinamikasi ong osti faoliyat natijasi hisoblanadi. K.Rodjers nazariyasining asosini shaxs o‘zi haqida tasavvurga ega bo‘lishi va o‘z-o‘ziga baho berishi tashkil etsa, K.Levinda esa maydon tushunchasi yetakchi o‘rinda turadi. Ko‘pchilik zamonaviy psixologlar uchun shaxs tahlilining asosiy ob’ekti – shaxsning motivasion sohasi, uning yo‘nalganligi, prinsipi esa psixik determinatsiya hisoblanadi.
Ba’zi bir ishlarda shaxsning individual xususiyati sifatida barqaror kognitiv strukturalari qabul qilingan. Bu – shaxs bilish jarayonining tarkibiy eleenti hisoblanadi.
Odatda, an’anaviy shaxs kotsepsiyalarida kognitiv (ong oldi) xarakteristika boshqa tushunchalar yordamida ifodalangan. Bir necha o‘n yillar avval Amerika, shuning bilan birga jahon psixologiyasining bir qismini bixeviorizm maktabiga tegishli deb hisoblashgan. XX asrning 50-yillaridan chet el psixologiyasida psixika tuzilishining asosi ong deb qaralgan. Shu bilan birga, G‘arbda eksperimental psixologiya sohasida yangi yo‘nalish – kognitiv psixologiya vujudga kelishi bilan bog‘liq o‘ziga xos revolyusiya sodir. Bilish jarayonlari – idrok, tafakkur, diqqat va xotira bilan bog‘liq tadqiqot ishlari soni ko‘paydi.
Psixologiyaning predmet va metodlari yangicha talqin etila boshladi. Kognitivistlarning fikricha, shaxsning xulq-atvorini uning bilimlari boshqarardi. Bilimlar rolini ajratish tadqiqotchilarning umumiy yo‘nalishini belgilab berdi. Endi tashqi shart-sharoitlar va stimullarni tasniflash birdan bir maqsad bo‘lmay, bilimlar tizimini, ya’ni ob’ektlar, holatlar va boshqa insonlarning ichki reprezentativlari(tasavvurlari)ni namoyon qiluvchi vosita sifatida chiqdi.
Shunday qilib, kognitiv psixologiya, zamonaviy psixologiyaning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylanib, bixevioristlar tomonidan psixologik jarayonlar shakllanishining ichki strukturasini rad etilishi va psixoanaliz tomonidan shaxs faoliyatida bilimning rolini pasaytirilishiga qarshi reaksiya sifatida vujudga keldi.
Kognitiv psixologiya psixik jarayonlar kechishidagi va shaxs xulq-atvoridagi bilimlar, kognitiv strukturalar va sxemalarning hal qiluvchi roliga asoslangan holda shakllanadi. Kognitiv psixologiya rivojlanishining birinchi bosqichi D.Brodbent, U.Naysser, R.Atkinson va boshqa olimlar tadqiqotlari bilan bog‘liqdir. Dj.Bruner, S.Shexterlar emotsiyaning kognitiv nazariyasi asoschilari hisoblanadi. M.Ayzenk esa individual farqlarning kognitiv nazariyasini taklif etgan bo‘lsa, Dj.Kelli, M.Makoni va Tomslar shaxs muammolari bilan shug‘ullanishgan.
Biz faqat Dj.Kellining shaxs kognitiv nazariyasiga to‘xtalib o‘tamiz. U yerda shaxs konstruktlar sistemasi sifatida talqin etiladi.
“Ong” kategoriyasi ichidagi xulq-atvor ko‘rsatkichlari sifatida yo bizning tasavvurlarimiz tarkibi (o‘z-o‘zini baholash, sotsial tarkib), yoki bo‘lmasam ongning formal xarakteristikasi (kognitiv maydon strukturasi, kognitiv balansning mavjudligi yoki dissonans) qabul qilinadi. Ongning formal xarakteristikasi (masalan, kognitiv dissonans, konsonans) bilan Leon Festinger shug‘ullangan. U ishlab chiqqan maxsus nazariyaga ko‘ra, individning ongida biron-bir ob’ekt yoki hodisa haqida qarama-qarshi ma’lumotlarga duch kelinsa, unda noqulaylik hissi vujudga keladi. Sub’ekt bu noqulaylikdan qutilish uchun ushbu ob’ekt haqidagi bilimlarini qaytadan yangilashga, yoki bo‘lmasam o‘zining sotsial ustanovkalarini o‘zgartirishga intiladi. Qarama-qarshilikdan qutilish konsonans holatiga olib keladi.
Kellining konsepsiyasi kognitiv deb nomlanishiga, unda insonning unga ta’sir qiluvchi stimullarni idrok etishi, ushbu stimullarni o‘z xulq-atvorida talqin qilish va o‘zgartirish yo‘llari e’tiborga olinishi sabab bo‘lgan. L.Festingerdan farqli o‘laroq, Dj.Kelli ongning nafaqat formal, balki mazmuniy xarakteristikasini tadqiq qilishga harakat qilgan8.
U o‘zining tadqiqot metodi va nazariyasini ishlab chiqishga 20 yildan ko‘proq vaqt sarflagan. 1955 yilda uning “Shaxs konstruktlari psixologiyasi” nomli kitobi nashrdan chiqqanida unchalik muvaffaqiyatga erisholmagan. Chunki, o‘sha paytda faqat kamdan-kam nazariyalardagina psixika analizi birligi sifatida “kategoriya” tushunchasi ishlatilgan (ularning ichida I.Tolmen va Dj.Brunerlar bo‘lgan). Hozir esa shaxs konstruktlari nazariyasi psixologiyadagi asosiy fundamental nazariyalardan biri hisoblanadi.
Kellining fikricha, insonning bilish bilan bog‘liq faoliyati real faktlarning klassifikatsiyasi hamda interpretatsiyasi bilan boshlanadi. oxirgisi o‘z holicha emas, balki faoliyat sub’ektiga bo‘lgan munosabatidagi reallik sifatida o‘rganiladi. Interpretatsiya tushunchasining o‘rniga, u “konstruktlash” so‘zini ishlatadi. Inson faktlar ma’noga ega bo‘lgan konstruktlar sistemasidan foydalangan holda reallikni konstruktlaydi (uni tushuntiradi, talqin qiladi). Allaqachon qurib bo‘lingan konstruktlar sistemasiga asoslanib, inson voqea va hodisalarni prognoz qilishga harakat qiladi. Shaxs psixikasining asosiy funksiyasi – kelajakni prognoz qilish hamda xulq-atvorni boshqarish maqsadida realikni tadqiq etishdir. Dj.Kelli nazariyasining asosiy postulati ham aynan shunda.
Do'stlaringiz bilan baham: |