Sun’iy changlarga sanoat korxonalarida va qurilishlarda insonning bevosita yoki bilvosita ta’siri natijasida hosil bo‘ladigan changlar kiradi.
Changlarning o'ziga xos xususiyati shundaki, ular asosan qattiq moddalarning zarrachalari hisoblanadi, lekin ularning tarkibida kimyoviy reaksiyalar natijasida hosil bo'lgan zarralar ham anchagina miqdomi tashkil qiladi. Masalan, energetika sohasida yoqilg'i sifatida ishlatilayotgan moddalar yongandan keyin hosil bo'ladigan qoldiq mahsulot, ya’ni kul xuddi shunday zarralar qatorini egallaydi. Bunday changlarning atmosferaga chiqarib yuborilgan qismi kattaligi 5 mk dan kichik changlardan tashkil topganligi sababli va ularning solishtirma og'irligi atmosfera havosi solishtirma og'irligiga tengligini hisobga olsak, bu changlar deyarli yerga qo'nmay atmosfera havosining bir qismi sifatida doim suzib yuradi.
Bu changlarning atmosfera havosida ko'payishi quyosh nurlarining yerga yetib kelishini qiyinlashtiradi, ya’ni notabiiy soyalar vujudga keladi, bu esa o‘z navbatida shamollarning harakatlanish yo'nalishlarini o'zgartirib yuboradi, ularning tarkibidagi bulutlar doimiy yurish joylarini o'zgartirib, yog'ishi kerak bo'lgan yomg'ir butunlay boshqa hududlarga yog'adi. Keltirib o'tilgan m ulohazalrdan chiqadigan xulosa shuki, hozirgi kunning ekologiya vaziyati m uvozanat buzilish nuqtasida turganligi va bunga hozirgi kunda mavjud bo'lgan sharoit iloji boricha bu jarayonni tezlatishga xizmat qilmoqda.
Havodagi changlar miqdori aspiratorlar yordamida aniqlanadi. Kelib chiqishi bo‘yicha chang zarralari organik (o’simlik va hayvon changlari), organik bo’lmagan (mineral va metall changlari) va aralashgan holda bo’lishi mumkin. Chang ko’zga, nafas olish yo’llariga, o’pkaga va teriga zararli ta’sir qiladi. Changlarning fizik va kimyoviy xossalari ularning dispyersligi, zarrachalarning shakli, erish qobiliyati hamda kimyoviy tarkibiga bog’liq. Changlarning havoda muallaq holatda bo’lishi davomiyligi, nafas olish organlariga kirib borish chuqurligi, fizik va kimyoviy faolligi va boshqa xossalari chang zarrachalarining o’lchamlariga bog’liq bo’ladi.
Changni kattaligi (ya’ni dispers tarkibi) bo‘yicha uch guruhga bo‘lib qaraladi:
a) kattaligi 10 mk(mikron) dan katta bo‘lgan changlar yirik changlar deb yuritiladi. Odatda bunday changlar o‘z og‘irligi ta’sirida yerga qo‘nadi;
b) kattaligi 0,25 mk dan 10 mk gacha bo‘lgan changlar. Bu changlarni mayda yoki mikroskopik changlar deb yuritiladi. Ular yerga ma’lum sharoitlar bo‘lganda, masalan yomg‘ir, qor va shabnam kabi yerga yog‘iladigan og‘ir zarralarga ilashib qolgan holatlarda qo‘nishi mumkin;
v) kattaligi 0,25 mk dan kichik bo‘lgan changlar ultra mikroskopik changlar deb yuritiladi va bu changlar hech qachon yerga qo‘nmay broun harakati qoidalariga bo‘ysungan holda uchib yuradi. Bunday changlar bir-birlari bilan to‘qnashishlari natijasida yiriklashib (koagulyasiya), yerga qo‘nishlari mumkin. Nafas olingan havodagi ultramikroskopik changlarning 60-70 foizi o‘pkada ushlanib qoladi.
Qurilish korxonalarining ishlab chiqarish xonalari havosida 70-80 % 5 mk gacha kattalikdagi chang zarrachalari bo’ladi. Changning biologik faolligi xususan inson organizimiga ta’siri uning kimyoviy tarkibiga bog’liq. Changning dispersligi ortishi, ya’ni maydalangan moddalarning solishtirma sirtining kattalashishi bilan uning kimyoviy faolligi ortadi.
Changning eruvchanligi katta ahamiyatga ega. Zaharli changlarning hujayra suyuqliklarida yaxshi eruvchanligi juda zararli hisoblanadi. Kattaligi 5 mk bo’lgan va undan katta chang zarrachalari yuqori nafas olish yo’llarida, burun bo’shlig’ida ushlanib qoladi va ular shilliq pardani shikastlaydi, yallig’laydi. Buning oldi olinmasa u zo’rayib burun bo’shlig’ining tozalash (filtrlash) xususiyati pasayadi. O’lchami 5 mk dan kichik chang zarrachalari o’pkaga kirib boradi. Nafas olish yo’llariga chuqur kirib, bu yerda uzoq turib qolgan changlar har xil og’ir kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Changlar organizmga gigienik ta’siridan tashqari texnologik jihozlarning yemirilishini tezlashtiradi, qimmatbaho materiallarni ishdan chiqarib, iqtisodiy zarar yetkazadi. Changlar ishlab chiqarish muhitining umumsanitariya holatini yomonlashtiradi, jumladan, deraza va yorituvchi asboblarni ustini qoplashi oqibatida yorug‘likni kamaytiradi. Changning ba’zi turlari, masalan, ko‘mir, yog‘och changlari yong‘in va portlashning yuzaga kelishiga sharoit yaratadi.
Changning ishchilar salomatligiga zararli ta’siri eng ko‘p quyidagi omillarga bog‘liq bo‘ladi:
- chang zarralarining fizik-kimyoviy xossasiga;
- kattaligi (dispersligi) va shakliga;
- havodagi changning miqdoriga;
- smena davomida ta’sir etish muddati va kasbda ishlash davriga va h.k.
Changning asosiy ta’siri eng avvalo nafas olganda vujudga keladi. Changli havo bilan nafas olish asosan nafas organlarining zararlanishi: bronxit, pnevmokonioz yoki umumiy zararlanish (zaharlanish, allergiya) rivojlanishini vujudga keltirishi mumkin. Ba’zi bir changlar qo‘shimcha kasalliklar tug‘dirish xususiyatiga ega. Changning bu asosiy bo‘lmagan ta’siri yuqori nafas yo‘llari, ko‘zning shilliq qavati, teri kasalliklarida ko‘zga tashlanadi. Changning o‘pka yo‘liga kirishi zotiljam, sil, o‘pka rakining kelib chiqishiga sharoit yaratishi mumkin.
Silikoz kasalligi juda changli sharoitda, odatda, ko‘p yil ishlash yoki og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanish natijasida rivojlanadi. Bu kasallik tog‘ ishchilarining kasb kasalligi bo‘lib, qadimdan ma’lum. Silikoz kasalligi halloslash, yo‘tal, ko‘krakda og‘riq bo‘lishidan boshlanadi. Kasallik kuchaygan davrda nafas yetishmasligi va halloslash oddiy ishlarni bajarganda va hatto tinch holatda ham ro‘y beradi.
Ishlab chiqarishdagi chang nafaqat pnevmokonioz, balki nafas yo‘llari, teri va shilliq qavatning boshqa kasalliklarini ham keltirib chiqaradi. Bularga teri hujayralarining ko‘chishi, har xil toshmalar, ekzema, dermatitlar kiradi.
Chang zarralarining shakli har xil bo‘lishi mumkin: sferik, yassi, ko‘p burchakli, tayoqcha shaklda bo‘ladi. Chetlari o‘tkir tishli chang zarrachalari (shisha tola, slyuda kabi chang turlari) nafas yo‘llariga kirganda yuqori nafas yo‘llari hujayralarini mikrozararlashi, ko‘zning shilliq qavati va teriga ta’sir ko‘rsatishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |