Qoidalar o`z navbatida yirik qoidalar yig`indisiga jamlanadi.Bu jamlanma tamoyillar (prinsiplar) deb yuritiladi.
Bu qoidalar orfografiyaning quyidagi tamoyillari asosida yaratiladi : fonetik tamoyil, morfologik tamoyil, etimologik tamoyil, tarixiy-an’anaviy tamoyil, differensiatsiya tamoyili.
Fonetik tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra so’zlar va so’z tarkibidagi affikslar qanday talaffuz qilinsa, xuddi o’shanday yoziladi. Masalan, 1) ong so’ziga –la affiksini yoki son so’ziga -a affiksini qo’shish bilan yasalgan so’zlar ongla yoki sona tarzida emas, angla,sana tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi; 2) oxiri a unlisi bilan tugagan so’zlarga v yoki q undoshi bilan boshlanadigan affikslar qo’shilganda, a unlisi o tarzida aytiladi va shunday yoziladi: tanlov (tanla+v), ishlovchi (ishla+ vchi), taroq (tara+q),qaynoq (qayna +q), sayroqi (sayra +qi); 3) oxiri i unlisi bilan tugagan so’zlarga v undoshi bilan boshlanadigan affikslar qo’shilganda, i unlisi u tarzida aytiladi va shunday yoziladi: o’quv (o’qi +v), to’quvchi (to’qi+vchi ); 4) q yoki k undoshi blan tugagan so’zlarga egalik qo’shimchasi qo’shilganda, q undoshi g’ tarzida, k undoshi g tarzida aytiladi va shunday yoziladi: qishlog’i (qishloq+i), etagi (etak+i); 5) o’g’il, og’iz, singil, burun, zahar, shahar kabi so’zlarga egalik affikslari qo’shilganda, ikkinchi bo’g’indagi a,i, u unlilari talaffuzda ham, yozuvda ham tushub qoladi: o`g`li, burni, shahri kabi.
Ko’rinadiki, orfografiyaning fonetik tamoyili yozuvni jonli talaffuzga yaqinlashtiriladi.
Morfologik tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra so’zlar va ularning tarkibiy qismlari talaffuz qilinishiga qarab emas, asliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) maktab, kitob, borib, kelib, yuzlab, kuylab, ozod, obod kabi so’zlarning oxiridagi b va d undoshlari p va t tarzida aytilsa ham, asliga muvofiq b va d yoziladi; 2) bog’bon, kaptarboz kabi so’zlar tarkibidagi yasovchilardan b undoshi v tarzida aytilsa-da, asliga muvofiq b yoziladi; 3) shanba, manba, sunbul kabi so’zlar tarkibidagi n undoshi m tarzida aytilsa ham, asliga muvofiq n yoziladi; 4) do’st, past, sust, farzand, xursand kabi so’zlarda yonma-yon kelgan undoshlarning oxirgisi talaffuz qilinmaydi, ammo yozuvda saqlanadi.
Morfologik tamoyil orfografiyaning yetakchi tamoyili sanaladi.
Tarixiy-an’anaviy tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra, boshqa tillardan (masalan, arab, rus yoki rus tili orqali boshqa tillardan) o’zlashgan so’zlar hozir ham o’tmishdagi shakliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) muomala, muhokama, munosabat kabi so’zlar arab tilidan o’zlashgan bo’lib, ularning uchinchi bo’g’inidagi a unlisi i tarzida aytiladi, ammo yozuvda tarixiy-an’anaviy shaklini saqlaydi; 2) rus tilidagi schyot, shyotka so`zlari o`zbek tiliga cho`t, chotkatarzida o`zlashtirilgan. Bu so`zlarning manba tilda asli qanday yozilishi ma’lum bo`lsa ham, an’anaga muvofiq cho`t, chotka tarzida yoziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |