8 – Mavzu. MOLIYVIY HISOBOT
Reja:
1. Moliyaviy hisobotning maqsad va vazifalari
2. Moliyaviy hisobotlarni tuzish tartibi
3. Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish
Tayanch so‘z va iboralar: hisobot, hisobot davri, hisobot davrining yakunlanishi, mahsulotning haqiqiy tannarxi, sof tushum, soliqqa tortiladigan baza.reglamentlashtirilgan, standart va universal hisobotlari, buxgalteriya o’tkazmalari bo’yicha hisobot, bosh kitob, hisobotlarni davlat organlariga elektron topshirish
1. Moliyaviy hisobotning maqsad va vazifalari
Hisobot – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘tgan vaqt ichidagi ishlari natijalari va sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui bo‘lib, undan faoliyatini tahlil, nazorat qilish va boshqarish maqsadida foydalaniladi.
Hisobot tuzish va taqdim etish “Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asos” va 1-sonli “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot” nomli BHMS bilan tartibga solinadi. Konseptual asos maqsadi quyidagilarga yordam berishdan iborat:
1. Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini tartibga soluvchi davlat organi - O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga - buxgalteriya hisobi milliy standartlarini (keyingi o’rinlarda BHMS) rivojlantirish va ularni qayta ko’rib chiqishda;
2. Moliyaviy hisobotni tayyorlovchi shaxslarga - BHMS dan foydalanishda;
3. Auditorlarga - BHMS moliyaviy hisobotiga mos keladigan xulosalarni tayyorlashda;
4. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarga - moliyaviy hisobotdagi ma’lumotlarni tahlil qilishda.
Konseptual asos BHMS hisoblanmaydi va biron-bir nizoli masalani baholash yoki tushuntirish uchun uning ta’riflarini o’z ichiga olmaydi. Ushbu konseptual asosdagi mavjud qoidalar buxgalteriya hisobining alohida bir standartini rad etmaydi.
Ayrim hollarda, agar konseptual asos bilan BHMS o’rtasida ziddiyatlar bo’lsa, - BHMSning talablari konseptual asos talablaridan ustun kelsa, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi BHMSni ishlab chiqishda ushbu konseptual asosga amal qiladi va ana shu ziddiyatlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko’radi.
Konseptual asos buxgalteriya standartlarining amaliy faoliyatini hisobga olgan holda O’zbekisgon Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ko’rib chiqiladi.
Quyidagilar ushbu konseptual asosning asosiy jihatlaridir:
1. Moliyaviy hisobotning maqsadi;
2. Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tamoyillari;
3. Moliyaviy hisobotlarning elementlarini ta’riflash, e’tirof etish va o’lchash.
Konseptual asos moliyaviy hisobotga, shu jumladan birlashtirilgan moliyaviy hisobotga aloqadordir. Moliyaviy hisobot foydalanuvchilar keng doirasining axborotga bo’lgan talabini qondirish uchun tuziladi va vaqti-vaqti bilan taqdim etiladi. Moliyaviy hisobot ko’pchilik foydalanuvchilar uchun asosiy moliyaviy axborot hisoblanadi. Ayrim foydalanuvchilar, tegishli vakolatlar bo’lganda, moliyaviy hisobotda bor bo’lgan axborotga qo’shimcha axborotni talab qilishlari mumkin.
Moliyaviy hisobotlar moliyaviy hisobotning tarkibiy qismi hisoblanadi va BHMS bilan belgilanadi. Moliyaviy hisobot ana shu hisobotlarga asoslangan yoki ular bilan bog’liq bo’lgan izohlar, mo’ljallar va tushuntirishlarni ham o’z ichiga oladi. Bunday axborot sanoat va jug’rofiy hududlarning faoliyat turlari to’g’risidagi moliyaviy axborotni aks ettirishi va narxlar o’zgarishining moliyaviy natijalarga ta’sirini tushuntirib berishi kerak.
Barcha xo’jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etishda konseptual asosga amal qilishlari kerak.
Haqiqiy va bo’lg’usi investorlar, kreditorlar, mahsulot yetkazib beruvchilar, xaridorlar, xodimlar, shuningdek hukumat muassasalari, vazirliklar, idoralar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor foydalanuvchilar moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar qaroriga kiradi. Moliyaviy hisobot axborotiga ehtiyoj quyidagilarda vujudga keladi:
1. Berilgan investitsiyalar bilan bog’liq xatarlar munosabati bilan investorlarda. Aksiyadorlar ham ular xo’jalik subyektining dividendlarni to’lash qobiliyatini baholashga imkon beradigan va aksiyalarni sotib olish, saqlash yoki sotish kerakmi yoki yo’qligini belgilashga ko’maklashadigan axborotdan manfaatdordirlar;
2. O’zlariga tegishli kreditlar va foizlar o’z vaqtida to’lanadimi yoki yo’qmi ekanligini aniqlashga imkon beradigan axborotdan manfaatdor bo’lgan kreditorlarda;
3. O’zlariga tegishli summa o’z vaqtida to’lanadimi yoki yo’qmi ekanligini aniqlashga imkon beradigan axborotdan manfaatdor bo’lgan mahsulot yetkazib beruvchilar va boshqa savdo kreditorlarida;
4. Xo’jalik yurituvchi subyektning uzluksiz faoliyati to’g’risidagi axborotdan manfaatdor bo’lgan xaridorlarda, ayniqsa ular uzoq muddatli bitimga ega bo’lsalar yoki mazkur xo’jalik yurituvchi subyektga bog’liq bo’lsalar;
5. Xo’jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati barqarorligi va rentabelligi to’g’risidagi axborotdan manfaatdor bo’lgan xodimlarda. Ular ham xo’jalik yurituvchi subyektning o’z ish haqlarini, pensiyalarini va keyinchalik ham yollash bo’yicha ishlash imkoniyatlarini ta’minlash qobiliyatiga baho berish imkonini yaratadigan axborotdan manfaatdordirlar;
6. Resurslarning taqsimlanishi va binobarin, subyektlarning faoliyati to’g’risidagi axborotdan manfaatdor bo’lgan davlat boshqaruvi organlarida. Ularga ham xo’jalik yurituvchi subyektning faoliyatini tartib ga solib turish, soliqqa tortish siyosatini belgilash uchun va milliy daromadni hamda boshqa statistik ma’lumotlarni aniqlash uchun asos sifatida axborot kerak;
7. Jamoatchilikda ham, chunki xo’jalik yurituvchi subyektlar mahalliy iqtisodiyotga ko’pgina usullar bilan, shu jumladan aholini ish bilan ta’minlash va mahalliy mahsulot yetkazib beruvchilarni qo’llab-quvvatlash bilan katta hissa qo’shishi mumkin. Moliyaviy hisobot jamoatchilikni taraqqiyot yo’nalishlari va xo’jalik yurituvchi subyektlarning farovonligini yaxshilashda erishilgan so’nggi yutuqlar to’g’risidagi axborot bilan ta’minlab, ularga yordam beradi.
Xo’jalik yurituvchi subyektning rahbari moliyaviy hisobotning tuzilishi va taqdim etilishi uchun javobgardir. Rahbar o’z ehtiyojlarini qondirish maqsadida qo’shimcha axborotning shakli va mazmunini belgilash huquqiga egadir. Biroq bunday qo’shimcha axborot shakllarini muhokama qilish mazkur konseptual asos doirasidan chiqadi.
Moliyaviy hisobotning maqsadi xo’jalik subyektining moliyaviy ahvoli, faoliyati, moliyaviy ahvolidagi o’zgarishlar to’g’risidagi axborotni taqdim etishdan iborat. Biroq moliyaviy hisobot iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur bo’lgan butun axborotni o’z ichiga olmaydi, chunki hisobot asosan avvalgi voqealarning natijalarini aks ettiradi.
Moliyaviy hisobot quyidagilar uchun ham axborotni saqlaydi:
1. Investitsiya qarorlarini va kreditlar berishga doir qarorlarni qabul qilish;
2. Xo’jalik yurituvchi subyektning bo’lg’usi pul oqimiga baho berish;
3. Xo’jalik yurituvchi subyektga ishonib topshirilgan resurslar munosabati bilan uning resurslariga, majburiyatlariga baho berish;
4. Rahbar organlarning ishiga baho berish.
Hisobot axborotlari sotilgan mahsulot, ish va xizmatlar, ularni ishlab chiqarish harajatlari, xo‘jalik mablag‘lari va ularni tashkil bo‘lish manbalari, ishlarning moliyaviy natijalari, soliqqa tortish va dividentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyati ustidan kundalik nazoratni hujjatlar va hisobot registrlariga asosan olib boradilar. Lekin uzoq vaqt (oy, chorak, yil) davomida xo‘jalik faoliyatini yakunini bilish uchun bu ma’lumotlar etarli emas. Ularni umumlashtirish va tizimga keltirish zarur. Bunga hisobot tuzish yo‘li bilan erishiladi.
Hisobotning asosiy vazifasi mahsulotning sifati va assortimentini oshirish, «Nou - Xau» va boshqa tadbirlar ishlab chiqish hisobiga korxona faoliyatini o‘sish va rivojlanish rezervlarini qidirib topish va bozorda barqarorligini ta’minlash bo‘lib hisoblanadi. Hisobot ma’lumotlari bo‘yicha rahbar mulkdorlar va ta’sischilar va boshqa boshqaruv va nazorat tizimi (banklar, moliyaviy organlar) yuqori va hukumat rasmiy va boshqaruv orgnalari oldida hisobot beradi.
Birinchi navbatda, shuni aytish joizki, korxonalar (xorijiy investitsiyali korxonalardan tashqari) majburiy tartibda quyidagi foydalanuvchilarga chorak va yillik hisobotini topshiradi:
ta’sis hujjatlariga binoan mulkdorlar (mulkni boshqarish bo‘yicha vakolatli organlar, ta’sischilar);
davlat soliq inspektsiyasiga (bir nusxa);
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan korxona faoliyatini ayrim tomonlarini tekshirish va tegishli hisobotni olish vazifalari yuksaltirilgan boshqa davlat organlariga.
«Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga binoan: - barcha korxona va muassasalar uchun hisobot yili 1 yanvardan 31-dekabrgacha bo‘lgan davr hisoblanadi.
- yangi tashkil etigan korxona va muassasalar uchun birinchi hisobot yili bo‘lib, ular yuridik huquqqa ega bo‘lgan sanadan shu yilning 31 dekabrigacha bo‘lgan davr hisoblanadi. 1-oktyabrdan keyin tashkil etilgan (tugatilgan, qaytadan tashkil etilgan) korxonalar va ularning strukturaviy bo‘linmalari asosida tashkil etilganlardan tashqari korxonlara uchun ularning yuridik huquqqa ega bo‘lgan sanadan keyin yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davrni birinchi hisobot yili davri hisoblashga ruxsat beriladi.
- korxonalar choraklik va yillik buxgalteriya hisobotlarini O‘zbekiston Respubilkasi Moliya Vazirligi tomonidan belgilangan muddatlarda topshiradilar.
Hisobot rahbar, bosh buxgalter, bashorati korxonaning buxgalteriya hisoboti shartnoma asosida ihtisoslashgan tashkilot yoki mutaxassis tomonidan yuritilsa, hisob yurituvchi shaxs tomonidan imzolanadi.
Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, korxonaning xo‘jalik faoliyati natijalari, mulkiy va moliyaviy holati to‘g‘risidagi yillik buxgalteriya hisoboti foydalanuvchilar (birja, haridor, mol yurituvchi va boshqalar) uchun ochiq bo‘lib nashr etilishi mumkin. Nashr etilgan hisobotning to‘g‘riligi mustaqil auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar qabul qiladigan iqtisodiy qarorlar xo’jalik yurituvchi subyektning pul mablag’larini ko’paytirish, ularning ko’payish vaqtini hisob-kitob qilish va natijaga erishishga umid qilishdagi qobiliyatini baholashni talab qiladi. Bunday qobiliyat pirovard natijada masalan, xo’jalik yurituvchi subyekt o’z xodimlari va mahsulot yetkazib beruvchilariga haq to’lay oladimi, foizlarni to’lab turadimi, kreditlarni uza oladimi va daromadni (foydani) taqsimlay oladimi yoki yo’qmi ekanini aniqlaydi.
Foydalanuvchilar pul mablag’larini ko’paytirish qobiliyatini yaxshiroq baholaydilar, agar u xo’jalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoli faoliyatini va moliyaviy ahvolidagi o’zgarishlarni aks ettiradigan axborot bilan ta’minlangan bo’lsa.
Xo’jalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar, uning moliyaviy tuzilmasi, likvidligi, to’lovga qobiliyati, ishlayotgan muhit o’zgarishlariga munosabat bildira olishi xo’jalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoliga ta’sir o’tkazadi. Xo’jalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar haqidagi va uning ana shu resurslarni qayta ishlash qobiliyati to’g’risidagi axborotlar xo’jalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablag’larini va ularning ekvivalentini ko’paytirish imkoniyatini prognozlash uchun zarurdir. Moliyaviy ahvol haqidagi axborot kelgusida kreditlarga bo’lgan ehtiyojni aniqlash uchun, shuningdek keladigan daromadlar bilan pul oqimlarini xo’jalik yurituvchi subyektning aksiyalariga (payiga) ega bo’lganlar o’rtasida taqsimlashda zarurdir, shuningdek xo’jalik yurituvchi subyekt keyinchalik o’zining moliyaviy ahvolini qanchalik muvaffaqiyat bilan yaxshilay olishini aniqlash uchun zarurdir. Likvidlik va to’lovga qobiliyat haqidagi axborot xo’jalik yurituvchi subyektning moliyaviy majburiyatlarini o’z vaqtida to’lay olishini aniqlash uchun zarurdir. Likvidlik yaqin kelgusida ana shu davr ichidagi moliyaviy majburiyatlarni to’lash uchun pul mablag’lari mavjudligini anglatadi. To’lov qobiliyati moliyaviy majburiyatlarni o’z vaqtida to’lash uchun pul mablag’lari mavjudligini anglatadi.
Xo’jalik yurituvchi subyektning faoliyat ko’rsatkichlari, uning rentabelligining o’ziga xos xususiyatlari to’g’risidagi axborot iqtisodiy resurslardagi potensial o’zgarishlarni baholash uchun talab etiladi. Bunday axborot kelgusida nazoratni amalga oshirishga imkon beradi, shuningdek xo’jalik yurituvchi subyektning faoliyatidagi o’zgarishlar haqidagi muhim axborot hamdir.
Faoliyat haqidagi axborot xo’jalik yurituvchi subyektning mavjud resurslar bazasidan pul mablag’lari to’play olishini prognozlash uchun zarurdir, bu esa korxona qo’shimcha resurslarni jalb qilishi mumkin bo’lgan samaradorlikka baho berishni shakllantirishda muhimdir.
Pul oqimlari haqidagi axborot xo’jalik yurituvchi subyektning pul mablag’larini jalb qilish qobiliyatiga baho berish uchun zarurdir, bu esa foydalanuvchilarga har xil xo’jalik yurituvchi subyektlarining pul oqimlarini baholash va taqqoslash uchun yangi usullar ishlab chiqishga imkon beradi.
Moliyaviy hisobotlar o’zaro bir-biri bilan boglangandir, chunki ular xo’jalik faoliyatiga doir bir xil holatlarning har xil jihatlarini aks ettiradi. Har bir hisobot bitta maqsadga xizmat qilmaydigan va foydalanuvchilarning muayan ehtiyojlarini aniqlash uchun zarur bo’lgan butun axborotni bermaydi. Masalan, moliyaviy-xo’jalik faoliyatning natijalari to’g’risidagi hisobot, agar undan buxgalterlik balansi va pul oqimlari haqidagi hisobot bilan uyg’unlikda foydalanilmasa, faoliyatning butun manzarasini aks ettirmaydi.
Hisobot tamoyillari quyidagilar:
Hisoblash;
Ikkiyoqlama yozuv usulida hisob-kitobni yuritish;
Uzluksizlik;
Xo’jalik operatsiyalarini, aktivlar va passivlarni pul bilan baholash;
Ishonchlilik;
Extiyotkorlik;
Mazmunining shakldan uzunligi;
Ko’rsatkichlarning qiyosiyligi;
Moliyaviy hisobotdagi betaraflik;
Hisobot davrida daromadlar bilan xarajatlarning muvofiqligi;
Aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy bahosi;
Tushunarlilik;
Ahamiyatlilik;
Jiddiylik;
Xaqqoniy va xolis taqdim;
Tugallanganlik;
Izchillik;
O’z vaqtida taqdim etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |