3. Yangi mashg’ulot bayoni:
Vitaminlar biologik faol moddalar bo’lib, organizmda moddalar almashinuvida qatnashadi. Rus olimi N.I.Lunin 1880 yilda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasida vitaminlar hayvonlar organizmi uchun muhim modda ekanligini birinchi bo’lib isbotladi. Uning xulosasiga ko’ra, ovqat tarkibida oqsillar, yog’lar, uglevodlar, tuzlar va suvdan tashqari alohida moddalar ham bo’ladi, bularsiz organizm yashashi mumkin emas, deyilgan edi. Keyinchalik bu noma’lum muhim moddalar 1912 yilda K.Funk tomonidan vitaminlar deb nomlandi. Vitaminlarning 40 dan ortiq turi bo’lib, ularning har biri odam organizmida muhim fiziologik vazifani bajaradi. Agar odam organizmida biror vitamin miqdori mutlaqo yo’qolsa, avitaminoz, uning miqdori kamaysa, gipovitaminoz, me’yoridan ortib ketsa, gipervitaminoz deb ataladi. Bu holatlarning har qaysisida o’ziga xos xastalik belgilari paydo bo’ladi. Masalan, gipovitaminoz A, gipovitaminoz D, gipovitaminoz C va hokazo.
Vitaminlar suvda va yog’da eriydigan guruhlarga bo’linadi. Suvda erigan vitaminlar B1, B2, B6, B12 PP va C. Yog’da eriydigan vitaminlar A.D.E.K.
A – vitamin hayvon va odam organizmining o’sishi va rivojlanishida, hujayralarning bo’linib ko’payishida, epiteliy to’qimasining funktsional holatini normal saqlashda, ko’z o’tkirligining yaxshi bo’lishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Organizmda bu vitamin yetishmaganda teri quriqlashib, nafas yo’llari va oshqozon-ichak ichki qavatining yallig’lanish kasalliklari yuzaga keladi. Ko’rish o’tkirligi pasayadi, odam qorong’ida yaxshi ko’ra olmaydi. Bolalar va o’smirlar organizmining o’sishi va rivojlanishi susayadi. A – vitamin baliq yog’ida, sariyog’da, tuxum sarig’ida, jigarda, sabzi, qizil qalampir, o’rik tarkibida ko’p bo’ladi.
B – guruh vitaminlarga B1 (tiamin), B2 (riboflavin), B6, B12, B13 va boshqa kiradi.
B1 vitamini (tiamin) markaziy nerv sistemasida qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlari normal o’tishida, odamning aqliy faoliyati yaxshi bo’lishida muhim o’rin tutadi. Agar kundalik ovqat tarkibida yetarli miqdorda bo’lmasa, odamda gipovitaminoz B1 kasalligi yuzaga keladi. Belgilari oyoq, qo’l muskullarining uvishib og’rishi, holsizlik, tez charchash, odamning aqliy faoliyati pasayadi va ish qobiliyati pasayishiga olib keladi. Bunda nerv sistemasining o’zgarishi oqibatida nerv tolalari falajlanadi, terida sezuvchanlik oldiniga kuchayadi, so’ngra yo’qoladi, qo’l-oyoq muskullarining harakati kuchsizlanadi. Odam oyog’ini yaxshi ko’tara olmaydi, u qadamini kalta-kalta, xuddi oyog’iga kishan solgan odamdga o’xshab qoladi. Bu vitamin guruch po’stlog’ida, bug’doy non, loviya, no’xat, tuxum sarig’i, yong’oq, mol jigari tarkibida bo’ladi.
C – vitamin (askarbin kislota) moddalar almashinuvida ayniqsa, oqsillar, uglevodlar almashinuvida muhim o’rin tutadi. Uning yetishmasligi tufayli tsinga kasalligi yuzaga keladi. Bu kasallik odamda umumiy holsizlik, tez charchash, muskullarning shishib bo’shashib qolishi, tishlarning qimirlab tushib ketishi, tish cho’tkasi bilan yuvganda milk qonashi kuzatiladi. Bu vitamin xo’dl mevalarda, ko’katlarda, sabzavotlarda, ayniqsa limon, apelsin, mandarin, karam, pomidor, piyoz tarkibida ko’p bo’ladi.
D – vitamin organizmda kaltsiy va fosfor almashinuvi normal o’tishida ishtirok etadi. U ayniqsa 2-3 yoshgacha bo’lgan bolalar suyagining to’g’ri shakllanishi, o’sishi va rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Bu vitamin yetishmasligi natijasida yosh bolalarda raxit kasalligi yuzaga keladi. D vitamin baliq yog’ida, tuxum sarig’ida, sut va sut mahsulotlarida ko’p bo’ladi. U quyoshning ultrabinafsha nurlar ta’sirida odam terisida ham hosil bo’ladi. Bolalarni ochiq havoda chiniqtirish raxit kasalligini oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |