38-chizma. Reklamani joriy etish bosqichlari
Bu 38-chizma ma'lumotlaridan ko’rinib turibdiki, reklama ishlari reklama kimga qaratilganligini, ya'ni maqsadli auditoriyani aniqlash va tahlil qilish bilan boshlanadi. So’ngra reklamaning maqsadi aniqlanadi. har bir reklama turi uchun uning o’ziga xos maqsadlari belgilanadi. Masalan, yangi tovar reklama qilinayotgan bo’lsa, unda reklamaning maqsadi yangi tovar to’g’risida birlamchi ma'lumotni berishga qaratilishi, keyingi bosqichi esa yangi tovarning jozibador xususiyatlari bo’yicha qo’shimcha axborotlar berishdan iborat bo’lmog’i kerak va hokazo.
Reklamani tashkil etishdagi asosiy jarayonlardan biri reklama byudjetini ishlab chiqish hisoblanadi. Reklama byudjetini ishlab chiqish reklama kompaniyasining maqsadlari, korxonaning moliyaviy imkoniyatlari, raqobatchilarning reklama xarajatlari, tarmoqdagi umumiy xarajatlar va hokazolarni hisobga olishga asoslangan turli xil yondashuvlarni qo’llash bilan amalga oshiriladi. Reklama byudjetini hisoblab chiqishning bir necha xil usullari mavjud. Bular asosan quyidagilar hisoblanadi: "mavjud mablag’lardan bir qism ajratish", "sotilgan tovarlar summasidan foizlar ajratish", raqobatli paritet, maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilish usuli.
Shuni qayd etish lozimki, reklama xarajatlari qaysi usul bilan hisoblab chiqilganligiga qaramasdan, bu xarajatlar iste'molchi tomonidan tovarga to’layotgan narxda o’z aksini topadi.
Har bir tashkilot bir vaqtning o’zida har xil tashqi muhit sharoitida faoliyat ko’rsatadi. Shu sababli reklama xarajatlarini hisob-kitob qilganda korxona faoliyat ko’rsatayotgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa sharoitlar hisobga olinishi kerak.
Reklama ishlarini tashkil etishdagi keyingi qadam-bu reklama tarqatish vositalarini tanlashdan iboratdir. Tabiiyki, reklama tarqatish vositalarini tanlagandan so’nggina, reklama xabarlarining mazmunini va turlarini aniqlashga harakat qilinadi.
So’ngra reklamani ishlab chiqish jarayonida reklama murojaatining g’oyasi ishlab chiqiladi. Yaxshi tanlangan g’oya reklama murojaatiga qo’shimcha mazmun beradi. Bu esa reklamani tezda eslab qolish va unga qiziqish imkoniyatini tug’diradi.
Bundan keyin esa reklama murojaati ishlab chiqiladi, ya'ni reklama matni tayyorlanadi. Reklama xabarlari, avvalombor, iste'molchining diqqatini tortishi va qiziqtira oladigan bo’lishi kerak. Agar reklamaning mazmuni iste'molchining qarashlariga, hayotiy tajribasiga, to’lov imkoniyatlariga mos kelsagina reklamaga qiziqish va ishonish kuchayadi.
Reklama ishlarini tashkil etishning keyingi bosqichi reklama kompaniyasi parametrlarini tanlashdan iboratdir. Bu erda reklama maqsadli bozorda qancha sonli potentsial xaridorlarning e'tiboriga havola etilishi va reklama ma'lumotlari sutkada necha marta efirga uzatilishi kabi masalalar aniqlanadi.
Reklamani rejalashtirishning so’nggi bosqichi reklamaning samaradorligini baholashdan iboratdir.
Reklama bir qancha belgilari bo’yicha guruhlanadi.
Reklama qanday xududni qamrab olganligiga ya'ni, geografik belgisiga qarab xorijiy, umummilliy, regional va mahalliy reklamalarga bo’linadi.
Qo’llanilayotgan texnik vositalariga qarab reklama quyidagi turlarga ajratiladi: vitrina - ko’rgazmali, matbuotdagi reklama, bosma reklama, audiovizual, radio va telereklama.
Maqsadiga qarab reklama xaridorlarnning butun to’plamiga va aholining muayyan guruhlariga qaratilgan bo’lishi ham mumkin. Agar reklama foyda olishga qaratilgan bo’lsa, bunday reklama tijorat reklamasi deb, agar foda olishga qaratilmagan, balki jamoatchilikka qaratilgan bo’lsa, tijorat bo’lmagan reklama deb yuritiladi.
Reklamalar maqsadli auditoriyaga qanday ta'sir ko’rsatishiga qarab shartli ravishda axborat beruvchi, qo’zg’atuvchi va eslatuvchi reklamalar deb ham guruhlarga ajratilishi mumkin.
Ma'lumki, bugungi kunda har qanday korxonaning rivoj topishini kompyuterlashtirishsiz tasavvur qilish qiyin. Shu sababli bugungi kunda kompyuterlashtirilgan reklama ham reklama vositalari sifatida qo’llanilmoqda deyish mumkin. Xorijiy ekspertlarning fikriga ko’ra, yaqin kelajakda kompьyuterlashtirilgan reklamaning boshqa reklamalardan o’zib ketishi kuzatiladi. Bu reklamaning asl mohiyati shundan iboratki, reklama beruvchi korxona muayyan to’lov evaziga kompyuterlashtirilgan reklama axborotining manbalariga, ya'ni ixtisoslashtirilgan kompyuter tizimlarining ma'lumotlar bazasiga o’z korxonalari va tovarlari to’g’risidagi ma'lumotlarni kiritadilar.
Xulosa qilib aytganda, respublikamizda bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida reklama sohasidagi tajribalarni sinchkovlik bilan o’rganib, ijodiy yondashib, ulardan oqilona foydalanish har bir korxonaning barqarorligini ta'minlashda muhim vosita hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |