"Ish va xizmatlar" moddasida korxonaga boshqa korxona va tashkilotlar tomonidan ko’rsatilgan ishlab chiqarish xarakteridagi ish va xizmatlar uchun haq to’lash xarajatlari, shuningdek, korxonaning yordamchi ishlab chiqarish bo’linmalari bajargan ish va xizmatlarning xarajatlari aks ettiriladi.
Yordamchi ishlab chiqarish bo’linmalariga ot - arava, yuk avtotransporti, traktorlar tomonidan bajariladigan yuk tashish ishlari, ta’mirlash ustaxonasi, maxsulotlarni qayta ishlash bo’linmalari (tegirmon, moyjuvos, sabzavot va mevalarni qayta ishlash tsexlari, ozuqa tayyorlash tsexi) va boshqalar kiritiladi.
Mahsulotni qayta ishlovchi yordamchi bo’linmalarning texnologik jarayonlarni (xom ashyoni yuvish, qaynatish, sharbat va namakob tayyorlash, qovurish, qizdirish, maydalash, quritish va xokazo) ta’minlashga sarflaydigan yoqilg’i, elektr, gaz, suv, shuningdek, mahsulotni muzlatkichlarda va boshqa tarzda saqlash xarajatlari ham ushbu moddada aks ettiriladi.
Bu moddaga tashqi sub’ektlar tomonidan qishloq xo’jaligi ishlarini (er xaydash, yerni ekishga tayyorlash, ekinlarni ekish, tuproqqa ishlov berish, o’g’it solish, kimyoviy himoya vositalari bilan ishlov berish, hosilni o’rib - yig’ib olish, omborlarga tashish, veterinariya va zootexnika xizmatlarin ko’rsatish va boshqa) bajarish, turli xizmatlar ko’rsatish, asosiy va yordamchi ishlab chiqarishni moddiy resurslar, suv, gaz, issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash xarajatlari ham kiritiladi.
"CHorva mollarining nobud bo’lishidan yo’qotishlar" moddasida o’suvdagi va mahsuldor chorva mollari, parranda, ish hayvonlari, asalarilarning nobud bo’lishidan ko’riladigan yo’qotishlar (aybdorladan udiriladigan va tabiiy ofatlar natijasida nobud bo’lganlardan tashqari) aks ettiriladi.
"Boshqa xarajatlar" moddasiga yuqorida keltirilgan moddalarda aks etmagan, ammo ishlab chiqarishga taalluqli bo’lgan quydagi boshqa xarajatlar kiritiladi:
• ishlab chiqarishni xom ashyo, materiallar, yonilg’i, energiya, instrument, moslamalar va boshqa mehnat vositalari va buyumlari bilan ta’minlash xarajatlari;
• chetdan jalb etilgan korxonalar tomonidan amalga oshirilgan korxonaning asosiy ishlab chiqarish fondlarini ish xolatida saqlash xarajatlari (texnik ko’rik va qarov, o’rtacha, joriy va mukammal tuzatish xarajatlari);
• ishlab chiqarish faoliyatiga tegishli bo’lgan asosiy vositalarni joriy ijaraga olish bilan bog’liq xarajatlar;
• ishlab chiqarish xususiyatlari bilan bog’liq mehnatning normal sharoitlarini va texnika xavfsizligini ta’minlash xarajatlari;
• ishlab chiqarish jaroxatlari tufayli mehnat qobiliyati yo’qolishi munosabati bilan tegishli vakolatli organlarning qarorlari asosida va qarorlarisiz to’lanadigan nafaqalar;
• xodimlarni ish joyiga olib borish va olib kelish bilan bog’liq xarajatlar;
• ekinlar, chorva mollari va ishlab chiqarish vositalarini majburiy sug’urtalash xarajatlari;
• yong’inga qarshi, ekinzorlar, asosiy vositalarni qo’riqlash xarajatlari;
• ishchilarga bepul beriladigan maxsus kiyim - bosh (xalat, kurtka, etik, fartuk va boshqa), oziq - ovqat xarajatlari;
• mollarning tagini quruqlashga sepiladigan somon, qirindi va boshqa material xarajatlari;
• fermalar atrofini devor bilan o’rash, chorva mollari uchun yozgi soyabon va otarlar qurish xarajatlari;
• ishlab chiqarish axamiyatiga ega boshqa xarajatlar.
Qishloq xo’jaligida yetishtirilgan mahsulotlar tannarxini hisoblash bilan birga, avtotransport, traktorlar va ishchi hayvonlar tomonidan bajarilgan ishlar tannarxi ham hisoblanadi. Bunda avtotransport bajargan ish tonna - kilometrda, haydov traktorlari bajargan ish shartli etalon -gektarda, otlarniki ot - kunida hisobga olinadi. SHuningdek, bir gektar yerdagi bir maxsulot turini ishlab chiqarish tannarxi, bir bosh chorva molini parvarishlash tannarxi ham hisoblanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |