15-mavzu: Vena tizimi va uning yoshga qarab o'zgarishi. Darvoza vena tizimi va uning yoshga qarab o'zgarishi. Vena tizimi anastomozlari. Homilada qon aylanishi VENA QON TOMIRLARI Angiologiya tomirlar to'g'risidagi fan bolib, uning tarkibiy qismini arteriya, vena va limfa tomirlari tashkil etadi. Vena va arteriya qon tomirlari — bu qon tomir devorlarining tuzilishi va ular ichidagi qonning yurakka nisbatan yo'nalishi bilan farqlanadi. Arteriyalardagi qon yurakdan a’zolarga tomon katta bosim ostida harakatlansa, venalar qonni kapillarlardan yurak tomonga past bosim ostida qayta yo'naltiradi. Venalardagi bosimning past bo'lishi sababli, ularning devori arteriyalar devoriga nisbatan yupqaroq bo'lib, uch qavatga bo'linganligi unchalik ko'rinmaydi: mushak to'qimasi sust rivojlangan, lekin venalarda kollagen to'qima ko'proq bo'ladi. Kindik (embrion taraqqiyoti davrida) va o'pka venasidan arterial qon, boshqa barcha venalardan esa venoz qon oqadi. Venoz qon tomirlari bajaradigan vazifalar:
1. To'qimalarda modda almashinuvi natijasida hosil bolgan chiqindi moddalarni a’zolardan olib chiqib ketadi.
2. Hazm a’zolarida so'rilgan ozuqa moddalarni, ana shu a’zolar nomidagi venalar orqali darvoza venasiga yig'ib, jigarga olib kiradi va jigardan jigar venasi orqali pastki kovak venaga (umumiy qon aylanishiga) quyiladi.
3. Ichki sekretsiya bezlari ishlab chiqargan gormonlami qon orqali boshqa a’zolarga etkazish vazifasini bajaradi. Ma’lumki yurak devorining qisqarishi, arteriya qon tomirlarida nisbatan katta bosim hosil qiladi. Aortada bosim 160 mm simob ustuniga teng bo'lsa, yelka arteriyasida 110-130 mm ni tashkil etadi. O'z navbatida arteriyalarning maydaroq tarmoqlarga bo'linishi, uning ichidagi bosimning kamayishiga olib keladi, natijada kapillarlar ichidagi bosim juda pasayadi. Vena qon tomirlari ichidagi bosim esa kapillar ko'rsatgichidan ham pastroq bo'ladi. Yurakka yaqin joylashgan venalarda bosim hatto manfiy bo'ladi. Qon tomirlar ichidagi qonning harakat tezligi — qon bosimiga to'g'ri proporsional bo'ladi. Demak, vena ichidagi qon bosimi past bo'lganligi uchun, qonning yo'nalish tezligi ham past bo'ladi. Qonning oqish tezligi arteriya va venalarda har-xil bo'lishiga qaramasdan, yurakdan arteriyalarga chiqayotgan qon miqdori shu daqiqalarda venalar orqali yurakga oqib kelayotgan qon miqdoriga teng bo'lishi kerak. Arterial va venoz tizimdagi nomuvofiqlik venoz qon tomirlaming ko'pligi va hajm jihatidan ularning ustunligi natijasida tenglashadi. Mana shuning uchun, vena qon tomirlarida bosim va qon oqish tezligi past bo'lishiga qaramasdan, uning hajmi kattaligi natijasida yurakdan qancha qon chiqsa, shuncha qon unga qaytib keladi. Natijada, yurakdan ma’lum daqiqa davomida qancha qon bitta aortaga chiqsa, shuncha qon ikkita venoz qon tomirlar orqali oqib keladi. A’zo yoki to'qimalarning ma’lum qismidagi vena va arteriya qon tomirlari hajmining nisbiy koeffitsiyenti 2:1, 3:1 va hatto 4: 1 ga ham teng bo'lishi mumkin. Bunday katta farq, vena qon tomirlarining yuza va chuqur qismlarga bo'linishini taqozo etadi. Yuza (teri osti) joylashgan venalar yonida arteriyalar bo'lmaydi. Chuqur venalar esa, arteriyalar bilan yonma-yon yo'naladi ( u arteriya nomi bilan ataladi) va ba’zi joylarda bitta arteriyaga ikkita vena to'g'ri keladi. Venalarning xususiyati va arteriya qon tomirlaridan farqi, ularda klapanlar bo'lishidir. Venalardan oqayotgan qon yurak tomon harakat qilayotganda anchagina qismida qonning gidrostatik bosimini yengish uchun moslama — klapanlar paydo bo'ladi. Klapanlar qonni faqat bir tomonga oqishini ta’minlab, teskari (kapillarlarga qarab) oqishiga yo'l qo'ymaydigan to'siqlar xizmatini bajaradi. Ular vena ichki pardasining yupqa, nozik burmalari hisoblanadi. Odatda klapanlar juft-juft bo'lib, bir-biriga qaragan bo'ladi va venadan qon harakat qilganda (markazga qarab yo'nalganda), uning devoriga yopishadi. Qon teskari harakat qilganda, klapanlar bilan vena devori orasidagi yoriqqa qon kirib qolib, klapanlar vena devoridan yiroqlashadi. Natijada klapanlaming erkin chekkalari bir-biriga yaqinlashib tutashadi va vena teshigining shu joyi yopiladi. Bu moslamalar qonni faqat yurak tomon oqishini ta’minlaydi. Klapanlar vena ichki qavatining yarimoysimon burma shaklidagi o'simtasi bo'lib, ko'pincha juft holda uchraydi. Ba’zan bitta yoki uchta o'simta shaklida bo'ladi. Klapanlar ko'pincha venoz tomirlaming asosiy o'zaniga quyilish joylarida joylashib, qonning qaytadan shu irmoqchalarga o'tishidan va kapillarlarga ta’siridan saqlaydi. Qayerda qonning gidrostatik bosimi yuqori va yo'nalishi qiyinroq bo'lsa, shu yerda klapanlar soni ko'proq uchraydi. Oyoq venalari ichidagi klapanlar. qo'l venalariga nisbatan ko'proq bo'lib, ular orasidagi masofa esa qisqaroq bo'ladi. Demak. klapanlar qonni venalar ichida faqat yurak tomon harakatini ta’minlaydi. Bundan tashqari, qonning bir tomonga yo'nalishi venalar atrofidagi mushaklar va fassiyalar holati bilan ham belgilanadi. Vena qon tomirlarining tashqi qavati mushak fassiyalari bilan birikkan bo'ladi. Mushaklar harakati vena bo’shlig'ining kengayishi yoki torayishiga olib keladi. Qon tomirlar kengayganda u irmoqlardan qonni so'rib olsa, vena bo'shlig'ining torayishi esa, aksincha qonni yurak tomon harakatini ta’minlaydi. Bundan tashqari qonning yurak tomon harakati ko'krak qafasining faol harakati va diafragma mushaklarining qisqarishi bilan ham ta’minlanadi. Odam tanasida ikkita katta vena qon tomirlari bo'lib, ular yuqori va pastki kovak venasidir. Bundan tashqari qorin bo'shlig'idagi toq a’zolardan venoz qon jigar ichiga yo'nalgan darvoza venasi va bel sohasidan boshlanib ko'krak qafasi devoridan hamda a’zolaridan qonni yig'ib yuqori kovak venaga olib boruvchi toq va yarim toq venalar ham mavjud. Yuqori kovak vena — v.cava superior o'ng va chap tomonlardagi qo'1 va kalladan venoz qonni yig'adigan qon tomirlarning (v.brachiocephalica dextra et sinistra) birikishidan hosil bo'ladi. Yuqori kovak venaga ko'krak qafasining orqa yuzasida joylashgan toq— v.azygos va yarim toq — v.hemiazygos venalardagi qon ham oqib keladi. O'z navbatida toq va yarim toq venalarning irmoqlari qorin bo'shlig'ining orqa yuzasidan boshlanib, ko'krak qafasida qovurg'alararo venalarni va orqa ko'ks oralig'ida joylashgan a’zolardan vena qonini qabul qiladi. Toq va yarim toq venalarning qorin bo'shlig'ining orqa yuzasidan boshlanadigan irmoqlari— bel venalari hamda umurtqa pog'onasining tashqi venalari bilan o'zaro anastomozlar vositasida birikkan bo'ladi. Pastki kovak vena — v.cava inferior qorin pardadan tashqarida joylashgan bo'lib, o'ng va chap umumiy yonbosh venalarning birikuvidan hosil bo'ladi (v.iliaca communis dextra et sinistra). Natijada pastki kovak vena oyoqlardan, chanoq devori va bo'shlig'idagi a’zolardan, buyrak, buyrak usti bezi, jigar, qorin devorlaridan venoz qonni yig'ib oladi. Darvoza venasi — v.portae qorin bo'shlig'ining jigardan boshqa toq a’zolaridan, aniqroq aytganda: taloq, me’da osti bezi, o't pufagi va me’dadan tortib to'g'ri ichakning yuqori bo'limigacha — hazm kanalidan qon to'playdi. Shu tariqa venoz qon yuqorida nomi aytilgan a’zolardan pastki kovak venaga va yurakka, to'g'ridan-to'g'ri tushmay, dastlab jigarga boradi va jigar kapillarlaridan o'tib, jigar venalari — v.v.hepaticae orqali pastki kovak venaga quyiladi. Agar biror sababga ko'ra, katta vena qon tomirida qon harakatiga to'sqinlik bo'lsa, vena irmoqlari orasidagi anastomozlar ochiladi. Yuqorigi va pastki kovak vena irmoqlari orasidagi birlashuvlar — kavakaval anastomozlar deb ataladi. Darvoza venasi va kovak vena irmoqlari orasidagi anastomozlarga — portakaval anastomozlar deyiladi.