O‘lim va o‘lmaslik. O‘lim va o‘lmaslik ahloqshunoslikdagi eng murakkab tushunchalar. Avvalo shuni aytish kerakki, o‘lim shu paytgacha ahloqiy tushuncha sifatida «rasmiy» olib qaralmagan. Vaxolanki uni eng katta yovuzlik, eng ulkan baxtsizlik tarzida talqin etish odat tusiga kirgan. Mantiqan olib qaralganda, ezgulik va baxtning ziddi bo‘lgan bu tushuncha axloqqa taaluqli, ya’ni illatdir. Zero o‘lim oliy qadriyat bo‘lmish inson hayotini kesib qo‘yadi, uning ezguliklar, yaxshiliklar qilishga bo‘lgan imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Masalan, Ibn Sino, juda bo‘lmaganda, yana o‘n yil yashaganida, 67 yoshga kirganida qanchadan–qancha ezgu ishlar qilgan, falsafa, tibbiyot va badiiy adabiyot sohasida ko‘plab buyuk asarlar yaratgan bo‘lur edi. O‘lim uni, u orqali bizni ham ana shu ma’naviy ezguliklaridan mahrum qildi. Demak, o‘lim, faqat biologik yoki tabiiy tushuncha emas, uning mohiyati ahloqiylik bilan chambaras bog‘liq. To‘g‘ri, o‘lim – haq. Lekin bu erda o‘limning turlari mavjudligini unutmaslik lozim.
O‘limning birinchi turi, bu tabiiy, tashqi tabiat va inson ichki tabiati bilan bog‘liq o‘lim. U ikki xil bo‘ladi: birinchisi – odatiy o‘lim, u qarilik tufayli, inson a’zolarining hayotni davom ettirishga yaroqsizligi tufayli ro‘y beradi. Ikkinchisi – halokat, u biror bir tabiiy ofat, yoki tasodiflar tufayli voqe bo‘ladigan o‘lim.
Ikkinchi turdagi o‘lim – jamiyat bilan bog‘liq, u ham ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – majburiy o‘lim, u odatda jazo shaklida amalga oshiriladi. Ikkinchi xili – bu dunyodagi azob–uqubatlardan, ular hoh ruhiy, hoh jismoniy bo‘lsin, qutilib, uyqu bilan mangu orom olish uchun ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladigan o‘lim, totli o‘lim yoki evtanaziya deb ataladi. Ayni ana shu ikkinchi turdagi o‘lim ahloq bilan bog‘liq. CHunonchi ikkinchi turdagi o‘limning birinchi xili – ulkan yovuzlik hisoblanadi. SHunga ko‘ra, o‘lim jazosi yovuzlikka qarshi yovuzlik ko‘rsatishdir. Bu haqda keyinroq bafurja to‘xtalamiz.
Axloqiy tamoyillar
Asosiy mezoniy tushunchalar – kategoriyalar singari axloqiy tamoyillar ham axloqiy anglash shakllaridan hisoblanadi. Ularda axloqiy talab nisbatan umumiy tarzda ko‘zga tashlanadi. Ular jamiyat tomonidan shaxsga qo‘yiladigan talab shaklida namoyon bo‘lib, insonning axloqiy mohiyatini, uning hayoti mazmunini, odamlar bilan o‘zaro aloqalaridagi asosiy jihatlarni belgilab beradi. Natijada tamoyillar, inson xatti–harakatining umumiy yo‘nalishini ko‘rsatgan holda, ko‘pgina axloqiy me’yorlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |