7-Ma’ruza. TESTOLOGIYA FANINING METODOLOGIK
ASOSLARI (4 soat)
Reja.
1. Testologiya tushunchasi va test topshiriqlarining mezonlari.
2. Testologiyaning rivojlanish tarixi.
3. Standart va nostandart testlar, test topshiriqlari mazmunini tanlash prinsiplari.
Tayanch so’z va iboralar.
Testologiya, samaradorlik, variativlik, ishonchlilik, validlik, mezonlar, reproduktiv, produktiv, tabaqalashtirish mezoni, topshiriqlar tizimi, standart testlar, gomogen va geterogen testlar, nostandart testlar, integrativ testlar, adaptiv testlar, mezonli-mo’ljal olish testlari
1. Testologiya tushunchasi va test topshiriqlarining mezonlari.
Testologiya – (inglizcha so’zdan olingan bo’lib, test – sinov, yunoncha logos bilim) so’zlari birikmasidan iborat.
Testologiya fanlararo fan bo’lib, ilmiy asoslangan va sifatli diagnostik o’lchov metodikasi haqidagi fan sanaladi.
Psixologiyada testologiyaning mazmuni asosan tabaqalashtirilgan psixometriyaning mazmuniga mos keladi.
Testologiyaning prinsiplari va metodlari psixologiyaning chegarasidan chiqib, hozirgi kunda pedagogika, tibbiyot, texnika, menedjment sohalarida ham muvaffaqiyatli qo’llanib kelinmoqda.
Testologiyani qo’llashda umumiy xususiyatlar: test topshiriqlarini tuzish metodikasi, samaradorlik, variativlik, ishonchlilik, validlik bilan bir qatorda har bir fan sohasining o’ziga xos xususiyatlari, xususan, fanning ta’lim mazmuni, testlarning mantiqiy tuzilishi, test sinovining o’tkazilish maqsadi, kasbiy va umumta’lim bilimlarni nazorat qilish va baholash tartibi va o’lchovi ham e’tiborga olinishi lozim.
Hozirgi zamon testologiya fani amaliy fan bo’lib, tadqiqotchilar oldiga nazariy muammolar, matematik yondashuvlar, model va metodlarni tavsiya etmokda.
Test metodining keng tarqalishi, rivojlanishi va takomillashuviga uning quyidagi afzalliklari zamin yaratgan:
- test topshiriqlari tadqiqot maqsadiga muvofiq respondentlarning bilim, ko’nikma va malakalariga aniq baholash imkonini beradi;
- ijtimoiy so’rovlarda ishtirok etgan ko’p sonli respondentlarning fikr va mulohazalarini aniqlash va umumlashtirish imkoniyati mavjud;
- tahsil oluvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini aniqlash va baholash jarayoni obyektiv amalga oshiriladi, baholovchi tomonidan subyektivizmga yo’l quyish oldini oladi.
- turli guruh respondentlaridan olingan ma’lumotlarni qiyosiy- statistik tahlilini o’tkazish imkon berishi.
Test topshiriqlarining yalpi joriy etishdan avval, tanlangan maqsadli guruhda sinovdan o’tkazish, olingan natijalar va baholashning obyektivligi tahlil qilinishi lozim.
Olingan natijalar va testlarning maqsadga muvofiqligi quyidagi mezonlar bo’yicha tahlil qilinadi:
Test topshiriqlarining qiyinlik darajasi mezoni.
Test topshiriqlarining qiyinlik darajasi mezoni o’rganilayotgan obyektning xususiyatlarini o’zida to’liq aks ettirib, u tahsil oluvchilar tomonidan mazkur xususiyatlarni aniqlash uchun bajaradigan aqliy operasiyalariga ko’ra:
Reproduktiv daraja;
Produktiv daraja;
Qisman-izlanishli daraja;
Ijodiy (kreativ) darajada bo’lishi mumkin.
Reproduktiv darajadagi test topshiriqlari tahsil oluvchilar tomonidan yodda saqlangan bilim, ko’nikma va malakalarni tanish odatiy vaziyatda axborotlarni qayta ishlamasdan javob qaytarishni talab etadi. Bu darajada tuzilgan testlar tahsil oluvchilar tomonidan o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalarni aniq baholash imkonini bermaydi.
Produktiv darajada tuzilgan test topshiriqlari tahsil oluvchilar tomonidan o’rganilgan obyektlarni qiyoslash, o’xshashlik va farqlarni aniqlash, umumiy xulosa chiqarish orqali javob berishni talab etadi.
Qisman-izlanishli darajadagi test topshiriqlari tahsil oluvchilar tomonidan o’rganilgan obyektlarning xususiyatlarini boshqa obyektga ko’chirish, mazkur obyektlarni taqqoslab, keyingi obyektning o’ziga xos xususiyatlari haqida xulosa chiqarish, qisman izlanish olib borishni talab etadi. Tahsil oluvchilar tomonidan mazkur darajadagi test topshiriqlariga javob berishda avval o’zlashtirilgan bilimlar yangi vaziyatlarga ko’chiriladi.
Ijodiy (kreativ) darajada tuzilgan test topshiriqlari tahsil oluvchilar tomonidan ijodiy fikr yuritish ko’nikmalariga ega bo’lish, mazkur test topshiriqlarini bajarish jarayonida tahsil oluvchilar tomonidan avval o’zlashtirilgan bilim, ko’nikma va malakalarni yangi kutilmagan vaziyatlarda qo’llashni talab etadi.
Dastlabki reproduktiv va produktiv darajadagi test topshiriqlari o’quv fan bo’yicha tasdikgtangan DTS ining minimal darajasiga, qisman-izlanishli va ijodiy (kreativ) darajadagi test topshiriqlari DTSining maksimal darajasiga mos tuzilishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |