3. Madaniyat va sivilizatsiya. Sivilizatsiya rivojining asosiy bosqichlari va dinamikasi
Madaniyat insonni boshqa barcha tabiiy-biologik dunyodan ajratib turuvchi murakkab va serqirra hodisa bo‘lib, ijtimoiy hayotning barcha sohalariga daxldordir. Madaniyat atamasi (arab tilida – shaharga xos, qayta ishlov berilgan)ning hozirgi zamon fanida 600 dan ko‘proq ta’riflari mavjud. Eng umumiy ko‘rinishda madaniyat – inson faoliyati jarayoni, uning natijasida yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar, ularni yaratish usullari va texnologiyalari, shu faoliyat ta’sirida inson tafakkurida, ma’naviy dunyosida yuz beradigan rivojlanishni aks ettiradi.
Madaniyat – murakkab tizim sifatida ijtimoiy hayotda quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
Yaratuvchilik vazifasi. Bu madaniyatning bosh vazifasi bo‘lib, inson faoliyati davomida moddiy va ma’naviy qadriyatlar yaratiladi.
Ma’rifaiy (gnoseologik) vazifa. Uning mohiyati shundan iboratki, madaniy qadriyatlar dunyoni bilish orqali yaratiladi. Madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lgan fan, aynan shu vazifani bajaradi. Bunda bilishning ob’ekti tabiat, jamiyat va insonning o‘zi hamdir.
Informasion (axborot yetkazuvchi) vazifa. Uning vazifasi doirasiga ijtimoiy tajribani to‘plash (jamg‘arish), uni bir avloddan avlodga yetkazish, ya’ni tarixiy vorislikni ta’minlash kiradi. Axborot yetkazish gorizontal (makoniy) xususiyatga ega bo‘lishi mumkin, ya’ni bunda axborot bir vaqtning o‘zida bir xalq yoki jamoadan boshqasiga yetkaziladi. Shuningdek u vertikal (davriy) xususiyatga ega bo‘lishi mumkin, ya’ni bunda axborot bir avloddan boshqasiga ma’naviy meros shaklida yetkaziladi va vorisiylikda namoyon bo‘ladi.
Kommunikativ (aloqa o‘rnatish) vazifasi. Bunda axborot nutq (til), ramziy shakl va belgilar (san’at), ilmiy bilimlar (fan) vositasida amalga oshiriladi. Jamiyatning taraqqiyot darajasi qancha yuqori bo‘lsa, bevosita aloqa shunchalik ko‘p darajada bilvosita, ya’ni texnik vositalar yordamida (telefon, telegraf, internet va hokazolar bilan) amalga oshiriladi.
Me’yoriy (boshqaruvchilik) vazifasi. U o‘z ifodasini ijtimoiy boshqaruvchilik (avvalo, huquqiy va axloqiy me’yorlar) tizimini shakllantirishda topadi. Bunda norasmiy boshqaruv vositalari bo‘lgan urf-odatlar, marosimlar, an’analar ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sotsializatsiya (ijtimoiylashuv) va adaptatsiya vazifasi. Bu insonning maksimal darajada jamiyatning ma’naviy qadriyatlarini qabul qilishi va muayyan ijtimoiy muhitga moslashishida o‘z ifodasini topadi.
Qadriyatlilik (baholash) vazifasi. Zamonaviy falsafiy adabiyotlarda madaniyat moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ya’ni shaxs va jamiyat uchun foydali ahamiyatga ega bo‘lgan narsa va hodisalar, aloqalarni yaratish (generatsiya), mustahkamlash (assimilyatsiya), uzatish (translyatsiya), ko‘paytirish (multiplikatsiya)ning ko‘pbosqichli mexanizmi sifatida qarash ham mavjud.5 Bunda madaniyat yangilikni yaratish bilan bog‘liq jarayon sifatida inson ijodiy (kreativ) faoliyatining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Inson o‘z faoliyati davomida qadriyatlarni tanlaydi, ularga baho beradi. Baholash –sub'ektning o‘z hayoti va faoliyati uchun hodisalarning ijtimoiy ahamiyatini aniqlashidir. U sezgi, idrok, tasavvur va tafakkur darajasida, emotsiyalar va tuyg‘ular, mulohazalar, mayllar, istaklar, intilishlar va, albatta, faoliyat ko‘rinishida ro‘yobga chiqadi. Baholash insonga hodisalar dunyosida mo‘ljal olish imkonini beradi, uning faoliyatini yo‘lga soladi.
Inson narsa va hodisalarga ularning foydali ahamiyati nuqtai nazaridan ajratib oladi. Bunday holatda nimalardir barham topadi, qandaydir narsalar paydo bo‘ladi, qayta shakllanadi. Bu ob’ektiv jarayon bo‘lib, shaxs va jamiyatning ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Har bir avlod madaniy rivojlanishni bo‘sh joydan emas, balki o‘zidan oldingi avlodlar yaratgan qadriyatlarni o‘zlashtirishdan boshlaydi. Bu o‘zlashtirish madaniyat rivojini yuqoriroq bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi tayanch vazifasini o‘taydi. Mana shu ikki jarayon - eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi ob’ektiv zaruriy bog‘lanish vorislikning mohiyatini tashkil etadi. Lekin o‘tmish madaniy merosini millat ma’naviy dunyosining tarkibiy qismiga aylantirish uchun uni ijodiy o‘zlashtirish, unga yangi mazmun va ma’no berish zarur. Shu o‘rinda chinakam o‘zbek falsafasining metodologik asoslarini yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan faylasuf, akademik Xaydar Po‘latov aytganidek, ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish uchun, avvalo «inkorni emas, ko‘proq idrok qilishni» o‘rganishimiz kerak.6 Busiz madaniyat rivojlanishini ta’minlab bo‘lmaydi. Shu ma’noda oqilona yangilanish – madaniyat rivojlanishining zaruriy sharti hisoblanadi.
Shunday qilib, madaniyat ijtimoiy fenomen sifatida muayyan qonuniyatlar asosida rivojlanadi. Vorisiylik va doimiy yangilanish – madaniyat rivojlanishining eng muhim qonuniyatlaridir.
Madaniyatni nisbiy ravishda ma’naviy va moddiy madaniyatga bo‘lish mumkin. Moddiylik va ma’naviylik bir-biriga muqobil bo‘lmasdan, ular bir-birga o‘zaro ta’sir qiluvchi va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi ijtimoiy rivojlanish omillaridir. Moddiy madaniyat tushunchasi sivilizasiya tushunchasi bilan uzviy bog‘liq.
«Sivilizatsiya» (lot. civilis – fuqarolarga, davlatga xos), tamaddaun – 1)keng ma’noda – ongli mavjudotlar mavjudligining har qanday shakli; 2) madaniyat so‘zining sinonimi; 3)madaniyatning zamon va makondan chegaralangan tarixiy tipi (Misr sivilizatsiyasi va boshq.); 4)yovvoyilik va vahshiylikdan keyingi ijtimoiy taraqqiyot bosqichi7 sifatida shuningdek, geografik jihatdan farqlanuvchi birliklar (Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi) ni; diniy mansubligiga ko‘ra (islom sivilizatsiyasi va boshqalarga) bo‘linishi sifatida tushunilishi mumkin.
Sivilizatsiya tushunchasi XVIII asrda shakllangan bo‘lib, ko‘p yillar davomida aksariyat hollarda madaniyat bilan bir xil ma’noli tushunchalar sifatida talqin etib kelingan. Ilk bor ularning o‘rtasida yaqinlik va tafovut mavjudligiga buyuk nemis faylasufi I.Kant e’tibor qaratgan. XX asr boshlariga kelib, nemis faylasufi Osvald Shpengler «Yevropa Quyoshining so‘nishi» asarida madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. U sivilizatsiya deganda texnik-mexanik jarayonlar majmuini nazarda tutdi. O.Shpengler fikricha, sivilizatsiya madaniyatning eng yuqori bosqichi bo‘lib, undan keyin esa madaniyat asta-sekin inqirozga yuz o‘giradi.
Shu davrdan boshlab, madaniyat va sivilizatsiya faylasuflarning diqqat markazida turgan asosiy masalalar qatoriga qo‘shildi. Zamonaviy falsafada madaniyat va sivilizatsiyaning o‘zaro aloqadorlikda rivojlanishi zarurligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda sivilizatsiya jamiyat hayotining moddiy tanasi deb qaralsa, madaniyat – uning joni, ruhi sifatida talqin etilmoqda.8 Ya’ni bunda – sivilizatsiya moddiy madaniyatni, madaniyat tushunchasi esa – ma’naviy qadriyatlarni anglatmoqda. Ushbu ma’noda sivilizatsiya tushunchasi inson tomonidan yaratilgan moddiy boyliklar, xususan ishlab chiqarish, transport vositalari, texnika va texnologiyalar, insonlarning turmush tarzi va hokazolarni qamrab oladi. Fan taraqqiyoti, uning amaliyotga tatbiq etilishi, ta’lim-tarbiya tizimi va uni amalga oshirish usullaridagi innovasion o‘zgarishlar ham sivilizatsiya yutuqlari hisoblanadi. Hozirgi davrda sivilizatsiyalashganlik ko‘proq qulaylik tushunchasi bilan ayniylashtirilmoqda. Uning mohiyatini sanoat iste’mol vositalarini yaratish tashkil etmoqda, ayni vaqda u jamiyat rivojlanishining mezoni hisoblanmoqda.
Xalqlar, davlatlar, mintaqalar rivojlanishidagi o‘ziga xos farqlar sivilizatsiyalararo tafovutlarni tashkil etadi. Shu bilan birga, sivilizatsiya ko‘proq turli mamalakatlarning moddiy taraqqiyotdagi umumiylikni, madaniyat esa ma’naviy taraqqiyot sohasidagi o‘ziga xoslikni aks ettiradi.
Madaniyatning rivojlanishida fan, texnika va texnologiyadagi sifatiy o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega. Insoniyat tarixida yozuvning paydo bo‘lishi, kitob nashr etishning ixtiro qilinishi eng buyuk texnologik kashfiyotlardan bo‘lib, madaniy qadriyatlarni saqlash, ularni ayriboshlash, bir avloddan boshqasiga yetkazib berish imkoniyatini yaratgan bo‘lsa, hozirgi zamon ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlari (radio, kino, televidenie, axborot kompyuter texnologiyalari, internet va hokazolar) tufayli ulardan foydalanish jarayoni rivojlanib, ommaviy tus oldi. Lekin ilmiy-texnika taraqqiyoti imkoniyatiga mos keladigan umumiy madaniy saviyaning keskin o‘sishi hali yuz bermadi. Chunki madaniy saviya shaxsning ma’naviy madaniyatini shakllanishi bilan bog‘liq murakkab jarayon bo‘lib, u ma’rifat, ta’lim, tarbiyaga borib taqaladi. Madaniyatning keyingi rivojlanishi esa sivilizatsiya yutuqlaridan gumanistik, ya’ni shaxs va jamiyatning ravnaqi yo‘lida, avvalo tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadlarida foydalanishga bog‘liq.
Jamiyat rivoji – tabiiy-tarixiy jarayondir. Tarix falsafasida jamiyatning chiziqli va chiziqsiz, formasion va sivilizasion rivojlanish konsepsiyalari mavjud. Masalan, chiziqli rivojlanish g‘oyasiga ko‘ra, jamiyat ma’lum vaqtga qadar quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga ilgarilanma, progressiv rivojlanib boradi. Progress (lot. progressus – ilgarilanma harakat) – ob’ektning tashkillik darajasining oshib borishi bilan bog‘liq orqaga qaytmaydigan sifatiy o‘zgarishdir. Bunda muayyan sivilizatsiyaning paydo bo‘lishi, rivojlanib takomil bosqichiga yetishi va ma’lum vaqtdan keyin esa so‘nib, intihosiga yetishi – regress tarzida tushuniladi. Regress (lot. regressus – orqaga yo‘naltirilgan harakat) –ob’ektning tashkillik darajasining pasayib borishi bilan bog‘liq orqaga qaytmaydigan sifatiy o‘zgarishidir.
Jamiyatning formasion konsepsiyasi inqilobiy rivojlanish g‘oyasiga asoslangan. Lekin tarixda jamiyatning inqilobiy rivojlanish usuli ham nazariy, ham amaliy jihatdan o‘zini oqlamagan. Mashhur tarixchi va faylasuf olimlar Arnold Toynbi, Nikolay Berdyaev, Vladimir Solovevlar ijtimoiy inqilobni jamiyat rivojining tormozi, tadrijiy rivojlanishga nisbatan ancha past, hech qanday ijobiy samara bermaydigan, ko‘plab yo‘qotishlarga olib keluvchi, sivilizatsiyani tanazzulga yuz tutayotganligining ko‘rsatkichi sifatida tavsiflaganlar.
Bugungi kunda falsafada jamiyat rivojini sinergetik metodologiya asosida, o‘zini-o‘zi tashkil etuvchi, tadrijiy rivojlanuvchi murakkab tizim sifatida tahlil etish ustivorlik qilmoqda. Bunday yondashuvga ko‘ra, tashqi muhit yoki boshqa ta’sirlar natijasida tizimning alohida elementlarida yuz beradigan "nosozliklar"ning oldini olish uchun uni doimo yangilash, modernizatsiyalash yuqori samara beradi. Modernizasiya (fran. moderisatio,moderne – yangi, zamonaviy) – jamiyatni zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish maqsadida xilma-xil o‘zgartirishlarni amalga oshirishdan iborat ijtimoiy-tarixiy jarayonni ifodolovchi tushunchadir.
XX asr o‘rtalariga kelib, G‘arbda insoniyat tarixi rivojlanishini sivilizasion yondashuv asosida tushuntirish shakllandi. Unga ko‘ra, har bir jamiyat o‘z tarixiy rivoji dovomida uchta: agrar, industrial va postindustrial bosqichlarni bosib o‘tadi. So‘nggi postindustrial bosqich ayrim mutaxassis olimlar tomonidan axborotlashgan sivilizatsiya deb ham yuritiladi. Jamiyatning eng takomil bosqichini bunday atalishi bejiz emas. Chunki, XXI asrga kelib, ilm-fan, texnika va texnologiyalar tezkor rivojlanib, buning natijasida ilmiy axborot har besh yilda ikki baravar ko‘payib, yangilana boshladi. Inson mazkur axborotlarni o‘zlashtirmasdan turib o‘z hayot faoliyatini samarali tashkil eta olmasligi tufayli jamiyatda sifatli ta’lim va tarbiyaga ehtiyoj oshib, ma’naviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan yuqori malakali mutaxassislar sivilizatsiya ravnaqining belgilovchi omiliga aylandi.
Shunday qilib, uchinchi ming yillikka kelib, insoniyat yangi, shu bilan birga, turfa ma’noli reallik bilan yuzma-yuz kela boshladi. Bu avvalo, fan, texnika, yangi texnologiyalarning jadal rivoji va jamiyatning bir qator sohalari taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa jihati – hal etilishi murakkab umumbashariy muammolarga oiddir. Bu muammolarning zaminini madaniyatning o‘z axloqiy asoslaridan ajralib qolishi, moddiy boyliklarga ortiqcha ruju qo‘yilishi, hayotning ma’nosini tor utilitar-pragmatik tarzda tushunish kabi shaxs ma’naviyatiga tegishli sabablar tashkil etadi. Shuninng uchun ham yangi strategiyalarni tanlash muammosi bilan to‘qnash kelgan insoniyat ularning yechimini topish maqsadida Sharq falsafasiga murojaat eta boshladi. Negaki, ma’naviy qadriyatlarning ustuvorligi, shaxs kamolotiga oid masalalar aynan Sharq falsafasi, xususan, Markaziy Osiyolik mutafakkirlar tomonidan mukammal bayon etilgan.
Shunday qilib, jamiyat va tarix falsafasini o‘rganish natijasida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1. Jamiyat – bu insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxlit o‘z–o‘zini tashkil etuvchi tizimi. Jamiyatning asosini insonning muayyan maqsadga muvofiq ravishda atrof muhitni qayta qurishga yo‘naltirilgan faoliyati tashkil etadi.
2.Jamiyat doimo rivojlanuvchi tizim bo‘lib, ijtimoiy hayotini harakatga solib turuvchi bosh omil insonning ehtiyojlaridir.
3.Jamiyatning barcha: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalari o‘zaro uzviy aloqadorlikda mavjud. Bu aloqadorlik madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarning o‘zaro bog‘liqligida o‘z ifodasini topadi.
4. Jamiyat rivojini o‘zini-o‘zi tashkil etuvchi, tadrijiy rivojlanuvchi murakkab tizim sifatida tahlil etib, tashqi muhit yoki boshqa ta’sirlar natijasida uning alohida elementlarida yuz beradigan "nosozliklar"ning oldini olish maqsadida uni doimo yangilash, modernizatsiyalash zarur.
5.Bashariyat tarixi betakror madaniyat va sivilizatsiyalartarixidir. Lekin, ular uchun umumiy bo‘lgan jihat – sivilizatsiya tanazzulning har doim ma’naviy tanazzuldan boshlanishidir. Demak, ma’naviyat doimo jamiyatning diqqat markazida turuvchi asosiy masalalardan bo‘lishi kerak.
6. XXI asrga kelib, ilm-fan, texnika va texnologiyalar tezkor rivojlanishi, inson mazkur axborotlarni o‘zlashtirmasdan turib o‘z hayot faoliyatini samarali tashkil eta olmasligi tufayli jamiyatda sifatli ta’lim va tarbiyaga ehtiyoj oshib boradi, ma’naviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan yuqori malakali mutaxassislar sivilizatsiya ravnaqining belgilovchi omiliga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |