3.7-jadval O‘zbekistonda 2004-2008 yillarda davlat ob’ektlarining xususiylashtirilishi
Yillar
Xususiylashtirilgan ob’ektlar soni
Xususiylashtirishdan tushgan pul mablag‘lari, mlrd. so‘m
2004
1228
78,4
2005
980
80,5
2006
673
70,5
2007
631
111,1
2008
392
130,6
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari.
Respublikada xususiylashtirishning manzilli yo‘naltirilganligi uning navbatdagi xususiyatidir. Bu aholining barcha qatlamlariga mazkur jarayonda aniqroq va natijaliroq qatnashishi imkonini beradi. Xususiylashtirishning adresli yo‘naltirilganligi uy-joylarning o‘z egalariga imtiyozli yoki bepul berilishida, aholining ko‘proq muhtoj va zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning turli xil dasturlari byudjet mablag‘lari hisobiga qoplanishida, qishloq aholisi o‘z yordamchi xo‘jaligi uchun chek erlar olishi kabilarda ifodalanadi.
O‘zbekistonda xususiylashtirishning to‘lovliligi uning navbatdagi muhim xususiyatidir. Pulni to‘lash orqali davlat tasarrufidagi korxona va ob’ektlarni xususiylashtirishda mulkni bepul taqsimlash bilan bog‘liq salbiy holatlar bartaraf etilishi bilan birga qator muammolarni hal qilish imkoniyati yaratiladi. Bulardan asosiysi avvalo tadbirkorlikni, xususiylashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy manbalari paydo bo‘ladi, bozor infratuzilmasini barpo etish uchun resurslar vujudga keladi va aholini ijtimoiy muhofazalash dasturini ro‘yobga chiqarish uchun mablag‘lar jamlanadi.
Davlat mol-mulkini yangi mulkdorlarga sotish yo‘li orqali ularni mulkchilikningboshqa shakllariga aylantirilishi bilan birga xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘lar shu korxonaning o‘zini qo‘llab-quvvatlashga, yangi raqobatlashuvchi korxonalar barpo etishga ham sarflanadi.
Navbatdagi muhim xususiyat – respublikada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish chog‘ida aholi uchun kuchli ijtimoiy kafolatlar yaratildi va ta’minlandi. Ijtimoiy kafolatlar bir butun imtiyozlar tizimi orqali yaratildi. Bular xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasiga aksiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotish, yangi mulkdorga eskirgan asosiy fondlar hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini bepul topshirish, davlat korxonalarining mol-mulki, fermalar, bog‘lar va shu kabilarni imtiyozli shartlar asosida xususiylashtirish hamda soliq to‘lashda ayrim imtiyozlar berish kabilardir.
Respublikada davlat mulkini xususiylashtirishning o‘ziga xos boshqa jihatlari I.A.Karimov tomonidan bayon qilingan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy qoidalaridan kelib chiqadi. Bular quyidagilar:
a) davlat mulkini xususiylashtirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning ichki mantiqiga bo‘ysindiriladi va ularning asosini tashkil qiladi;
b) mulkni xususiylashtirish jarayoni davlat tomonidan boshqariladi;
v) xususiylashtirishni huquqiy-me’yoriy jihatdan ta’minlashda qonunlarga rioya etiladi.
SHuningdek, Birinchi Prezident I.A.Karimov o‘zining 2007 yil yakunlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida o‘tgan yilda davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sohasidagi yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqilgani, korxonalar kapitalida davlat ishtirokini keskin kamaytirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ayni vaqtda davlat mulkini baholash va keyinchalik xususiy mulk sifatida sotishni tartibga soladigan me’yoriy bazani erkinlashtirish yuzasidanishlar olib borilayotgani, davlat mulkini investitsiya kiritish va boshqa majburiyatlar asosida sotish uchun xorijiy va mamlakatimiz investorlari bilan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 3-4 barobar ko‘payib, 310 million dollar hamda 57 milliard so‘mni tashkil etgani, jami tushumlarning 65 foizdan ortig‘i xususiylashtirilayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashga yo‘naltirilganligi qayd etildi.
“Davlat ob’ektlarini xususiylashtirishda biz uchun eng asosiy tamoyil, – deb ta’kidladi I.A.Karimov, – bu ishning ko‘zini biladigan, omilkor mulkdorlarni jalb etish, korxonalarni xaqiqiy egasiga, xususiylashtirilgan zavod yoki fabrikani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, jahon bozorida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qodir bo‘lgan mohir menejerlarga topshirish kerak.
SHunday natijaga erishishimiz kerakki, bizning pirovard maqsadimiz amalga oshsin – barcha korxonalarni o‘z ishi uchun qayg‘uradigan haqiqiy mulkdorlar, haqiqiy mulk egalari boshqarsin»11.
Respublikamizda xususiylashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa, davlat sektori bozor sharoitida ham sezilarli rol o‘ynashi inkor qilmaydi. CHunki iqtisodiyotning davlat korxonalari saqlanib qolishi kerak bo‘lgan sohalar ham mavjud. Bunday korxonalar uchun ularning bozor sharoitlariga tarkiban moslashuviga imkon beradigan xo‘jalik yuritish mexanizmini ishlab chiqish talab qilinadi.
Birinchi Prezidentning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” nomli asarlarida ta’kidlanishicha, mahalliy organlar va tarmoq tuzilmalari rahbarlari tomonidan sifatsiz mahsulotni ishlab chiqarish, eskirgan texnika va texnologiya asosida zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni saqlab qolish uchun urinishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday korxonalar soni bugungi kunda 200 tadan oshib, ularning aksariyati engil va oziq-ovqat sanoati sohasida saqlanib qolmoqda. Holbuki, bu sohalarda tez o‘zgaruvchan bozor talabi texnika va texnologiyani uzog‘i bilan 5-7 yilda, rivojlangan mamlakatlarda esa bundan ham qisqa muddatlarda o‘zgartirishni talab etadi. Bunday vaziyatni mazkur korxonalarni bankrot deb e’lon qilish yo‘li bilan tubdan o‘zgartirish darkor12.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi BirinchiPrezidentining 2008 yil 18 noyabrdagi PF-4053 sonli “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘zda tutilgan iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayoniga tijorat banklarining mablag‘larini kengroq jalb qilishni yo‘lga qo‘yish tadbirlari muhim hisoblanadi.
Qarorda Respublika Komissiyasining qarori asosida bankrot korxonalarni tijorat banklariga sotish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri balansiga berishning 3 ta mexanizmi ko‘zda tutilgan:
1) bankrot korxona kreditorlik qarzi tarkibining 70% va undan ortiq qismini bank kreditlari tashkil etsa, u holda korxonani tijorat banklari balansiga berish;
2) bankrot korxonani auksion savdolari orqali eng yuqori narxni taklif qilgan va tegishli majburiyatni o‘z zimmasiga olgan tijorat banklariga sotish;
3) bankrot korxonani tanlov savdolari orqali tijorat banklariga “nol” qiymatda investitsion majburiyat sharti bilan sotish.
Ushbu tadbirlar mamlakatimizdagi bankrot korxonalarni tarkibiy qayta tuzish hamda yangi xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtiradi13.