Biznes-rejaning sarlavhasi ixcham, tushunarli va jozibador bo‘lishi, ortiqcha tafsilotlardan xoli holatda tuzilishi kerak. Unda korxonaning nomi, manzili, biznes-rejaning nomlanishi va tuzilgan vaqti hamda mualliflari to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Sarlavhadan so‘ng mundarija tuziladi va unda betlari ko‘rsatilgan holda biznes-rejaning bo‘limlari keltirilib, loyiha xususiyatlaridan kelib chiqqan holda alohida muhim qismlari ajratib ko‘rsatiladi. Annotatsiyada biznes-rejaning maqsadi va asosiy mazmuni qisqacha 1- 2 betda bayon qilinadi. Biznes-rejaning kirish qismida uning vazifalari va uni bajaruvchi shaxslar ko‘rsatiladi. Bundan tashqari ushbu loyihani yoki investitsion g‘oyani amalga oshirish zarurati nima uchun tug‘ilganligini ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiqdir. Biznes-reja yuqorida aytib o‘tilganidek, murakkab tuzilmaga ega. Uning bo‘limlari tarkibi biznes turiga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin. Biroq shunga qaramay, biznes-rejalarning deyarli barcha turlari tarkibida eng muhim bo‘lim sifatida rezyume – korxona va bo‘lajak biznesning qisqacha ta’riflanishi mavjud bo‘ladi. U foydalanuvchiga biznes-rejaning boshqa bo‘limlari bilan detalli ravishda tanishib chiqish maqsadga muvofiqligini aniqlashga yordam berishi lozim. Rezyume - bu korxona, tadbirkor o‘z ishini kengaytirishi yoki yangi ish boshlashda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari va biznesi to‘g‘risidagi qisqa va tez o‘qiladigan axborotlardir. Rezyumeni yoki boshqacha aytganda biznes konsepsiyasini biznes-rejaning eng qisqa talqini sifatida ham tushunish mumkin. Shunga ko‘ra u mustaqil ahamiyatga ega bo‘lishi, reklama hujjati sifatida investorga moliyalashtirishni boshlash yoki qo‘shimcha mablag‘ni jalb qilish uchun talabnoma tarzida taqdim etishda qo‘llanilishi mumkin. Rezyumeda quyidagi asosiy pozitsiyalarni aks ettirish zarur: - mazkur biznes-rejani taqdim etuvchi korxonaning missiyasi, biznes-rejaning maqsadi, o‘ziga xos jihatlari va tarixini ifodalash;
- korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli;
- korxona shug‘ullanishi kutilayotgan biznesni tavsiflash;
- boshqaruv personalining malakasi va korxona kapitalidagi ishtiroki haqidagi qisqacha ma’lumotlar;
- bozordagi va tarmoqdagi vaziyatni tavsiflash;
- korxona mahsuloti (xizmatlari) va uning raqobatchilar mahsulotlaridan farqi;
- loyihaning uzoq muddatli va qisqa muddatli maqsadlari, kutilayotgan daromad va ishlab chiqarishning o‘sishi;
- belgilangan maqsad va vazifalarga erishishning taktik rejasi;
- zarur investitsiyalar miqdori va ulardan foydalanish yo‘nalishlari;
- investitsiya qo‘yilmalaridan foydalanishning moliyaviy natijalari;
- kutilayotgan tavakkalchiliklar va investorlar uchun mukofotlar;
- korxonaning ishlash sharoitlari, uni yaratish va ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi ma’lumotlar;
- korxona rahbariyatining telefonlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |