Xo’jalik assotsiatsiyasi jismoniy yoki huquqiy shaxslarning o’zaro hamkorlik yuritish maqsadida ko’ngilli ravishda birlashuvini anglatadi va unda birlashuvga kiruvchi subyektlar o’z mustaqilligini saqlab qoladilar.
Korxonalarning konsentratsiya asosida birlashuvi kartel, sindikat, xolding va moliya-sanoat guruhlari ko’rinishida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish sohasidagi kartellar ishlab chiqarish masalalari, narxlar, tovarlarni sotish, ishchi kuchini yollash va shu kabi masalalar bo’yicha kelishuvga asoslanib faoliyat yuritadi.
Integratsining bu shaklida korxonalar mustaqillikni saqlab qolgan holda kooperatsiya asosida birlashadilar.
Sindikat – tijorat faoliyatini (ta’minot, buyurtmalarni taqsimlash, xom ashyo sotib olish, mahsulot sotish, bahoni shakllantirish) hamkorlikda tashkil qilishga asolangan birlashmadir. Sindikat tarkibiga kiruvchi korxonalar huquqiy hamda xo’jalik yuritish mustaqilliklarini saqlab qoladilar.
Trestlar yuqori darajada markazlashganligi bilan ajralib turadi. Uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ishlab chiqarish, tijorat va huquqiy mustaqilliklarini yo’qotib, yagona reja asosida faoliyat yuritadi.
O’z tarkibidagi aksiyadorlik jamiyatlarni nazorat paketlarini egallash bilan korporatsiyalar xolding kompaniyalariga aylanadi. Xolding iborasi inglizcha «holding» so’zidan olingan bo’lib, ega ma’nosini beradi. Xoldinglar ishtirokchilarning moliyaviy imkoniyatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlari bilan vaizifalarni tezkor ravishda amalga oshirish imkonini beruvchi boshqaruvning samarali shaklini ifodalaydi.
Aktivlari tarkibiga boshqa korxonalarning aksiyalari nazorat paketlari kiradigan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati xolding hisoblanadi.
Aksiyalar (paylar, ulushlar)ning nazorat paketi oʹzida korxona sarmoyasida qatnashishning istalgan shaklini ifodalaydi. Ushbu shakl xolding qatnashchilari umumiy yig‘ilishida va uning boshqaruv organlari tomonidan muayyan qarorlar qabul qilinishi yoki rad etilishining so’zsiz huquqini ta’minlaydi. Aksiyalarning nazorat paketi mavjudligi to’g‘risidagi qaror ta’sis xujjatlarining xususiyatlari va korxona sarmoyasi tuzilmasi hisobga olingan qolda monopoliyaga qarshi organ tomonidan qabul qilinadi.
Aksiyalarining nazorat paketlari xolding aktivlariga kiruvchi korxona sho’‘ba korxona hisoblanadi. Shoʹba korxonalar mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi.
Xolding O’zbekiston Respublikasi qonun xujjatlari bilan taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan shuqullanishga haqlidir.
Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar xolding muassislari va qatnashchilari bo’lishlari mumkin.
Xoldingning nomiga "xolding" so’zi qo’shilgan bo’lishi hamda uning turi ("AJ" aksiyadorlik jamiyati) ko’rsatilgan bo’lishi kerak.
Xoldinglar turdosh korxonalarni kooperatsiyalashga ko’maklashish hamda ular tomonidan kelishilgan investitsiya siyosati amalga oshirilishi uchun tashkil etiladi. Xoldingga yoki uning shoʹba korxonalaridan biriga xolding kompaniya-ning sho’‘ba korxonalari mahsulotlari (ishlari, xizmatlari) uchinchi shaxslar tomonidan sotilishi huquqi berilishiga, shuningdek ko’rsatib o’tilgan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ga narxlar xolding tomonidan biror-bir shaklda belgilab qo’yilishi huquqi berilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Quyidagi tarmoqlarda xoldinglar tashkil etilishiga yoʹl qoʹyilmaydi: savdo, moddiy-texnika ta’minoti, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat, kommunal xo’jalik, transport (temir yo’l, aviatsiya, truboprovod transporti va mutlaq ravishda xalqaro tashishlarni amalga oshiruvchi korxonalardan tashqari), xalq badiiy hunarmandchiligi.
Monopolistik faoliyatni cheklash va raqobatni rivojlantirish maqsadida monopoliyaga qarshi organ xoldinglar tashkil etilishiga yo’l qo’yilmaydigan iqtisodiyot sektorlarini belgilashi mumkin.
Moliyaviy xolding deb sarmoyasining 50 foizdan ortig‘ini boshqa emitentlarning qimmatli qog‘ozlari va o’zga moliyaviy aktivlari tashkil etgan xolding hisoblanadi.
Moliyaviy xolding aktivlari tarkibiga faqat qimmatli qog‘ozlar va o’zga moliyaviy aktivlar, shuningdek xolding boshqaruvi apparati faoliyat ko’rsatishini ta’minlash uchun bevosita zarur bo’lgan mol-mulk kirishi mumkin.
Moliyaviy xoldinglar mutlaq darajada investitsiya faoliyati yuritishga haqlidirlar, ular uchun faoliyatning boshqa turlari taqiqlanadi.
Moliyaviy xolding shoʹba korxonalarning ishlab chiqarish va tijorat faoliyatiga aralashishga haqli emas. Moliyaviy xolding vakillari faqat sho’ba korxonalar aksiyadorlari yiqilishlarida qatnashishlari mumkin. Moliyaviy xolding vakillarining kuzatuv kengashi, boshqaruv va sho’ba korxonalari boshqaruvining boshqa organlari tarkibiga kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Integratsiya jarayonlarini amalga oshiruvchi korxonalar quyidagi maqsadlarni ko’zlaydi:
resurslardan yanada samaraliroq foydalanishga erishish;
kooperatsiya asosidagi aloqalarini yangilash va mustahkamlash;
mamlakatdagi korxonalarning tashqi bozorga chiqishi;
ishlab chiqarishga investitsiyalarning yangi shakllarini jalb etish;
ichki va tashqi bozordagi raqobatda muvaffaqiyat qozonish maqsadida narx va sotish bo’yicha yagona siyosat yuritish.
1 “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. Qonun va qarorlar. – T.: O‘zbekiston, 2004, №3
2 «Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. 2001 yil 6 dekabr // Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari to‘plami. 1-tom. - T.: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, 2002.
3 «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. 2001 yil 6 dekabr // Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari to‘plami. 1 tom. - T.: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, 2002.
4«Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni // Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari to‘plami. 1-tom. - T.: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, 2002.
5 «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni // Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari to‘plami. 1-tom. - T.: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, 2002.