Ochiq aksiyadorlik jamiyati – ishtirokchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning roziligisiz sotib olish va ularni erkin sotish huquqiga ega bo‘lgan jamiyat.
Yopiq aksiyadorlik jamiyati – aksiyalari faqat uning ta’sischilari yoki oldindan belgilangan boshqa shaxslar doirasida taqsimlanuvchi jamiyat.
O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 6-maydagi yangi tahrirdagi «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunida aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan aksiyalarni ochiq va yopiq obuna yo‘li bilan joylashtirish mumkinligi belgilab berildi.
Mazkur qonunga muvofiq, yopiq aksiyadorlik jamiyati mazmunan mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga o‘xshashligi bois aksiyadorlik jamiyatlarining shakllari ochiq va yopiq turlarga ajratilmasdan, ular umumiy holda aksiyadorlik jamiyati deb yuritiladigan bo‘ldi.
AKSIYADORLIK JAMIYATINI TASHKIL ETISH
Jamiyatni yangidan ta’sis etish va (yoki) mavjud yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish, qayta tuzish) yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalining minimal miqdori
1 600 mln. so‘mni tashkil etadi. Jamiyatning ustav fondi aksiyadorlar sotib olgan jamiyat aksiyalarining nominal qiymatidan tashkil topadi.
Aksiya – bu uning egasi aksiyadorlik jamiyati kapitaliga o‘zining ma’lum hissasini qo‘shganligiga va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatli qog‘oz.
- Aksiyaning nominal qiymati – aksiyaning o‘zida belgilab qo‘yilgan qiymati. Jamiyat chiqaradigan barcha aksiyalarning nominal qiymati bir xil bo‘lishi lozim. Aksiyalar egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, ular turiga ko‘ra oddiy va imtiyozli bo‘lishi mumkin. Aksiyalar mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli bo‘lsa, o‘sha yuridik yoxud jismoniy shaxs aksiyaning egasi – aksiyador deb yuritiladi.
- Aksiyador – aksiyaning egasi bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs. Oddiy aksiyalar ovoz beruvchi bo‘lib, ular egasiga dividendlar olish, aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlarida va jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqini beradi. Aksiya egalariga dividendlarni, shuningdek, jamiyat tugatilganda aksiyalarga qo‘yilgan mablag‘larni birinchi navbatda olish huquqini beradigan aksiyalar imtiyozli aksiyalardir. Imtiyozli aksiyalar o‘z egalariga jamiyat foyda ko‘rish-ko‘rmasligidan qat’i nazar, muayyan dividendlar olish huquqini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |