Sotsial institut – bu inson faoliyatining turli sohalarini tartibga soluvchi va ularni rollar va mavqielar tizimiga kirituvchi rasmiy va norasmiy qoidalar, meyorlar tamoyillari, yo‘l-yo‘riqlarning turg‘un majmuidir. Shunday qilib, biz Sotsial institutni ikkita usul yordamida ifodalashimiz mumkin: bir tomondan meyorlar yig‘indisi, ikkinchi tomondan – rollar va mavqielar yig‘indisi. Yuqorida qayd etilganlardan shuni xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu ikkita tarif bir-biriga zid emas, aksincha, ular bir-birini to‘ldiradi va bitta hodisaning turli tomonlariga urg‘u beradi. Sotsial institut butun jamiyat nomidan harakat qiladi. Institusional aloqalar bir paytning o‘zida meyoriy ham hisoblanadi, chunki ular jamiyat tomonidan o‘z azolarining u yoki bu ehtiyojlarini qondirish uchun o‘rnatiladi. Sotsial institutning mazmuniy va rasmiy tomonlarini ajratish mumkin. Mazmuniy tomondan Sotsial institut u yoki bu ijtimoiy mavqie egalari xulq-atvoriining andozalari tizimi hisoblanadi. Rasmiy tomondan Sotsial institut aniq ijtimoiy vazifani bajarish uchun moddiy vositalarga ega bo‘lgan shaxslarning yig‘indisi sifatida qaralishi mumkin. Sotsial institutga quyidagi belgilar xos:
1) u xulq-atvorning to‘g‘ri turlarini belgilovchi ijtimoiy meyorlar va yo‘l-yo‘riqlarning to‘plami sifatida mavjud bo‘ladi;
2) u jamiyat mafkurasi va qadriyatlar tizimi bilan chambarchas bog‘liq;
3) harakatlarning institusional turlari jamiyat tomonidan nazorat qilinadi, institutning o‘zi esa individlarning xulq-atvorini nazorat qiladi;
4) Sotsial institut zarur moddiy vositalar va zahiralarga ega bo‘lib, ular tufayli institut asosida yotuvchi meyorlar va yo‘l-yo‘riqlar u yoki bu darajada muvaffaqiyatli bajariladi.
Har bir Sotsial institut:
1) o‘z faoliyatining malum darajada aniq shakllangan maqsadlariga;
2) individlarga belgilangan ijtimoiy mavqie va rollarning to‘plamiga;
3) individlarning xulq-atvorini nazorat qiladigan sanksiyalar tizimiga;
4) ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilgan konkret xususiy vazifalarga ega (istalgan Sotsial institut bulardan tashqari doim yana bir vazifaga ega bo‘ladi – bu harakat qilayotgan individlar o‘rtasidagi hamjihatlikni taminlash).
Sotsiologiya birinchi navbatda:
1) jamiyatning asosini tashkil etuvchi ehtiyojlarni amalga oshirish (oila va talim institutlari);
2) moddiy hayot faoliyatni taminlash (iqtisodiyot institutlari);
3) ijtimoiy guruhlar va jamoalarning integrasiyasi (siyosiy va huquqiy-davlat institutlari);
4) manaviy qadriyatlarni quvvatlash va saqlash (madaniyat institutlari) hamda boshqalar bilan bog‘liq bosh Sotsial institutlarning faoliyati bilan qiziqadi.
Ijtimoiy hodisalarning tizimli-tuzilmaviy tahlilida « Sotsial institut» tushunchasiga markaziy o‘rin beriladi, u ijtimoiy tizimning asosiy maqsadlari va ehtiyojlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish orqali odamlarning turli-tuman harakatlaridan mavhumlashgan faoliyatning eng muhim turlari va ijtimoiy munosabatlarini umumlashtirish imkoniyatini ko‘zda tutadi. Shu manoda Sotsial institut ijtimoiy hayotning alohida sohalaridagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi jamiyat ijtimoiy tuzilmasining yetakchi tarkibiy qismi sifatida ifodalanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |