5. Qishloq xo‘jaligini kartografiyalash
Qishloq xo‘jaligini kartografiyalash o‘ziga xos xususiyatlarga ega. CHunki qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi murakkab hududiy ishlab chiqarish tizimini shakillantiradi. Uni tavsiflash uchun ko‘p ko‘rsatkichlar majmui qo‘llaniladi. Kartada tarmoqlar rivojlanishining sotsial-iqtisodiy shart-sharoitlarini, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi strukturasini, uning morfologik, tipologik va funksional xususiyatlarini tasvirlash zarurdir. Qishloq xo‘jaligi kartalarining mavzui kartografiyalashtirilayotgan tuman, tabiiy va sotsial-iqtisodiy xususiyatlarini xisobga olgan xolda tuziladi. U ko‘p jixatdan sotsial-iqtisodiy kartografiyalashga xos umumiy prinsiplar bilan aniqlanadi.
Qishloq xo‘jaligining O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni katta. Bu sohani kartografiyalashga “O‘zdaverloyixa” instituti jamoasi ancha katta hissa qo‘shdi. Bu institut ko‘p yillar mobaynida qishloq xo‘jaligini hududiy tashkil etish muammolarini har tomonlama chuqur o‘rganib kelmoqda.
O‘zbekiston o‘quv-o‘lkashunoslik atlasiga (1981) ham o‘ziga xos qator qishloq xo‘jaligi kartalari kiritilgan (paxtachilik, suv xo‘jaligi, sug‘orish, dehqonchilik, chorvachilik va b.)
Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ma’lumotnomali “O‘zbekiston atlasi” da (1985) nisbatan to‘liq aks ettirilgan. Undagi mavjud kartalarning deyarli yarmi (taxminan 90 tasi) qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Geografiya bo‘limi tomonidan maxsus “O‘zbekiston paxtachilik atlasi” tayyorlangan. Uni tayyorlashda respublikamiz kartograflarining hissasi juda katta.
Davlat va jamoa paxtachilik xo‘jaliklari o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy aloqalarni takomillashtirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, xo‘jalik yuritishning yangi shakillarini tadbiq etish, fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, texnikadan, o‘g‘itlardan va suv resurslaridan samarali foydalanish, paxta yalpi hosilini, xosildorligini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirish hisobiga ko‘paytirish masalalari respublika qishloq xo‘jaliginning etakchi tarmog‘ini kartografiyalash sohasi oldiga iqtisodiy isloxatlarning keyingi bosqichiga o‘tish sharoitida hal qilinishi zarur hisoblangan yangi muammolarni qo‘ymoqda. Xo‘jalik yuritishning yangi sharoitida paxtachilik uchun ilmiy tadqiqot natijalari va mutaxassislar tajribasi umumlashtirilgan yirik kartografik asarlar zarur bo‘lmoqda.
Paxtachilikni bugungi kundagi asosiy muammolari qatoriga uni tashkil qiluvchi bo‘limalarni boshqarish bo‘yicha samarali usullarni ishlab chiqilmoqda. SHu bilan bog‘liq holda amaliy maqsadlar uchun baholash va bashorat qilish kartalarini tayyorlash zaruriyati tug‘ilmoqda. Undan tashqari er resurslaridan samarali foydalanishni aks ettiruvchi yangi resurs-iqtisodiy, tuproq-meliorativ, geoekologik hamda maxsus maqsadli kartalarni yaratishni davr taqazo qilmoqda.
Sotsial-iqtisodiy kartografiyalash erlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning ixtisoslashganligini va kooperatsiyalashganligini mukammallashtirish, almashlab ekishni o‘zlashtirish, o‘g‘itlardan ilmiy asoslangan holda foydalanish, melioratsiya, er hisobini, uni rejalashtirishni yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligini operativ holda boshqarish masalalarini hal etishga imkon berishi mumkin. SHunday maqsadlar uchun maxsus Er-kadastr kartalarini yaratish zamon talabidir. Ularda jamoa xo‘jaliklarining, o‘quv xo‘jaliklarining, davlat o‘rmon va er fondlarining, jami erdan foydalanuvchilarning chegaralari ko‘rsatiladi. Undan tashqari, mazkur kartalarda chorvachilik majmualarining, dehqon fermer xo‘jaliklarining, mahalliy xom ashyoni qayta ishlovchi, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning, tayyorlov punktlarining va boshqalarning joylashganligi, ishlab chiqarish xajmi va strukturasi aks ettirilishi mumkin.
Tumanlar va ayrim uchastkalarning Er-kadastr kartalarini yaratish, ayniqsa dolzarbdir. Ular yirik masshtabda tayyorlanishi va erlarni iqtisodiy baholash jarayonida foydalanilishi mumkin. Bu esa hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish bosqichida katta amaliy ahamiyat kasb etadi.
Maxsus maqsadli kartalar ya’ni qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yirik fermer xo‘jalik atlasini yaratish kerak. Ularda atlaslarning mavjud klassifikatsiyasiga nomutanosib yangi tipdagi kartalar bo‘lishi kerak.
Mamlakat agrosanoat majmuasi (ASM) strukturasining rivojlanishi va takomillashtirilishi murakkab xalq xo‘jaligi muammosidir. Ushbu muammoning hal etilishi majmua ishlab chiqarish strukturasi elementlari o‘rtasida mukammal nisbatlarni ta’minlash, uni oqilona hududiy tashkil qilinishi va tabiiy resurslardan samarali foydalanish bilan bog‘langan. Mazkur muammoni tadqiq etishda va ASM rivojlanishining istiqbolli sxemalarini ishlab chiqishda kartografik usul muhim o‘rin egallaydi.
ASMni kartografiyalashning maqsadi-hududiy sotsial-iqtisodiy xususiyatlarni, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi tarmoqlarini xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, aholi joylashishi, tabiiy va biologik resurslar, yangi tipdagi xo‘jaliklarning shakillanishi, atrof-muhitni muxofaza etishni ta’minlash bilan o‘zaro aloqalarni ochib berishdan iborat. Sintetik kartalar ASMning resurs potensiali haqida, xom ashyo zonalarining xususiyati, uning ishlab chiqarish, shu jumladan tarmoq va hududiy strukturalari xaqida yangi, oson qiyoslanuvchi ma’lumotlar beradi. Bu tarmoqlararo aloqalarga aniqlik kiritishga, ishlab chiqarish infrastrukturasining rivojlanganlik darajasini aniqlashga, har bir tuman biologik potensialidan foydalanish xususiyatlarini ochib berishga imkon beradi.
O‘zbekistonda olti turdagi ASMlari ajratilgan. Ularning ichida paxtachilik ASM asosiy xisoblanadi. Undan tashqari, uzumchilik vinochilik va donchilik majmualarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular kelajakda ham respublikada tarmoqli-majmuali sotsial-iqtisodiy kartografiyalashning asosiy ob’ekti bo‘lib qoladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |