5-Mavzu: So‘z birikmasi sintaksisi
Reja:
So‘z qo‘shilmasi va so‘z birikmasi
Tobe va hokim so‘z
So‘z birikmasining birikish usuliga ko‘ra turlari
Tayanch so‟z va iboralar: teng bog‘lanish, tobe bog‘lanish, bitishuv, boshqaruv, moslashuv, otli birikma, fe‘lli birikma, barqaror birikma.
Tobe bo‘lakning hokim bo'lakka kelishik, egalik qo'shimchalari, ко'makchilar va tobelashtiruvchi ohang yordamida bog'lanishi so'z birikmasi deyiladi.
So'z birikmasida doimo ikkita qism bo'ladi. Ularning bittasi tobe, ikkinchisi esa hokim bo'ladi. Tobe bo'lak hokim bo'lakka malum bog'lovchi vosita yordamida bog'lanadi. Demak, bog'lovchi vosita tobe bo'lak oxiriga qo'shiladi. Bundan faqat egalik qo'shimchasi yordamida bog'langani mustasno. Egalik qo'shimchasi hokim bo'lak oxiriga qo'shiladi. Tobe bo'lak esa qaratqich kelishigida turadi. Ba'zan qaratqich kelishigi ifodalanmasligi ham mumkin. Masalan, litseyning bog'i — litsey bog'i.
Bundan ko'rinadiki, so'z birikmasida tobe bo'lak bilan hokim bo'lakning joylashish o'rni ham aniq bo'ladi. Tobe bo'lak oldin, hokim bo'lak esa keyin keladi.
Tobe bo'lakni hokim bo'lakka bog'lovchi vositaning qo'shilish o'rni ikki xil bo'ladi: kelishik, ko'makchi va ohang tobe qismga, egalik qo'shimchasi esa hokim qismga qo'shiladi.
Gap odatda bir so'zdan yoki bir necha so'zlarning o'zaro grammatik va mazmuniy bog'lanishidan ham tashkil topishi mumkin. Masalan, Kuz... Bog'larda mevalar qiyg'os pishgan. Yuqoridagi gaplarning birinchisi faqat bir so'zdan tashkil topgan bo'lsa, ikkinchisi to'rtta so'zning o'zaro grammatik va mazmuniy bog'lanishi natijasida hosil bo'lgan.
Gap ikki va undan ortiq so'zlardan iborat bo‘lganda, bu so'zlar o'zaro grammatik va mazmun tomondan bog'lanadi.
Eslab qoling. Bir so'zning boshqa so'zga ma'lum grammatik vositalar (grammatik qo'shimchalar, yordamchi so'zlar) yordamida bog'lanishi grammatik bog'lanish hisoblanadi.
Masalan, yuqorida keltirilgan ikkinchi misolda bog‘larda so'zi pishgan so'ziga
-da kelishik qo'shimchasi yordamida bog'lanyapti.
Gapda so'zlarning bog'lanishi faqat grammatik bog'lanish bilan cheklanib qolmaydi. Bog'lanayotgan so'zlar mazmuniy tomondan ham o'zaro muvofiq bo'ladi. Masalan, gullamoq so'zi gul chiqarmoq ma'nosi bilan gullash xususiyatiga ega bo'lgan narsalarni bildiruvchi so'zlarga bog'lanadi: о'rik gulladi, jiyda gulladi kabi, lekin tosh, loy, suv kabi so'zlar bilan bog'lana olmaydi. Yashnadi, rivojlandi ma'nosi bilan yashnashi mumkin bo'lgan turli jamoa, tashkilot, mahalla nomlarini bildiruvchi so'zlarga ham bog'lanadi: qishloq gulladi, litsey gulladi kabi. Ko'rinadiki, o'zaro bog'lanayotgan so'zlarda mazmuniy uyg'unlik bo'ladi.
Gapda so'zlarning bog'lanishi ikki xil bo'ladi:
teng bog'lanish; b) tobe bog'lanish.
Masalan, Kalila va Dimna; Kitobni o'qimoq. Bularning birinchisida Kalila so'zi Dimna so'zi bilan va teng bog'lovchisi yordamida; kitobni so'zi esa o'qimoq so'ziga — ni tushum kelishigi yordamida bog'lanyapti. Birinchi bog'lanish teng bog'lanish, ikkinchi bog'lanish esa tobe bog'lanish sanaladi.
O'zaro teng bog'langan bo'laklar bir xil gap bo'lagi vazifasida keladi va ko'pincha bir xil so'roqqa javob bo'ladi. Ularni bir-biri bilan bog'lovchi vosita sifatida teng bog'lovchilar yoki sanash ohangi ishtirok eladi. Xususan, yuqoridagi o'zaro teng bog'langan bo'laklarning hammasi qaratqich aniqlovchi vazifasida kelgan, kimning? so'rog'iga javob bo'ladi. Hofiz, Navoiy, Bedil bo'laklari bir-biri bilan sanash ohangi yordamida, Bedil esa Fuzuliy bilan va bog'lovchisi yordamida bog'langan.
Eslab qoling. Bir xil gap bo'lagi vazifasida kelib, ko'pincha bir xil so'roqqa javob bo'luvchi bo'laklarning o'zaro teng bog'lovchilar yoki sanash ohangi yordamida bog'lanishi teng bog'lanish sanaladi.
Bir bo'lakning bosbqa bo'lakka kelishik, shaxs-son, zamon qo'shimchalari, ko'makchilar va so'z tartibi va ohang yordamida bog'lanishiga tobe bog'lanish deyiladi.
Tobe bog'lanish doimo ikki qismdan iborat bo'ladi: tobe bo'lak va hokim bo'lak.
So'roq bog'lanib kelgan qism hokim, so'roqqa javob bo'lib keluvchi qism tobe bo'lak sanaladi.
Masalan, chiroyli (qanday?) ko'ylak, go‘zal (qanday?) mamlakat, dalaga (qayerga?) bormoq.
Tobe bo'lak hokim bo'lak bilan kelishik, egalik, shaxs-son qo'shimchalari, ko'makchilar va ohang yordamida bog'lanadi.
Bunday bog'lanish ikki xil sintaktik birlikni vujudga keltiradi: a) gap; b) so'z birikmasi.
Shaxs-son qo'shimchalari yordamidagi bog'lanish gapni, qolgan vositalar yordamidagi bog'lanish so'z birikmasini hosil qiladi.
Solishtiring: Gul ochildi (shaxs-son, zamon qo'shimchasi -di yordamida bog'lanyapti) — gap. Gulning ochilishi (qaratqich va egalik qo'shimchasi yordamida bog'lanyapti) — so'z birikmasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |