5.2. Bolalarni mehnatga o’rgatish shakl va vositalari
Mehnat tarbiyasi maqsadga muvofiq, tizimli, izchil tashkil etiladi. Mehnat ta'limi sinf xonalari, o'quv-tajriba maydoni, mashina-traktor saroyi, o'quv-tarbiyaviy tadbirlar jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari va xo'jaliklarning dalalarida olib boriladi. Natijada ma'lum qiymatga ega bo'lgan ijtimoiy-foydali mahsulotlar yaratiladi hamda ilg'or kasb sohiblariga xos bo'lgan shaxslik fazilatlari shakllanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda mehnat ta’limining mazmuni, maqsad va vazifalari o'zgardi, texnologik ta'lim ustuvorlik kasb etdi, o'quvchilarni kasbga yo'naltirish tizimi yangilandi. Mehnatni ilmiy tashkil etishning birinchi darsini ham o'quvchi ta'lim jarayonida oladi. Mehnat tarbiyasi bilan mehnat ta'limi bir-biri bilan o'zaro bog'langan. Mehnat faoliyati ma'lum bilimga ega bo'lishni talab etadi. Zero, bilim va ko'nikmalar o'quvchini mehnat faoliyatiga tayyorlaydi. Ta'lim jarayonida olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko'radilar, umumiy mehnat jarayonida o'quvchilarning kombinatlar, jamoa hamda fermer xo'jaliklari, korxona, zavod va fabrikalarda texnik va texnologik bilimlari mustahkamlanadi, shuningdek, ular tashkilotchilik malakalariga ham ega bo'ladilar.
So'nggi yillarda o'quvchilar mehnat tarbiyasiga jamoatchilik katta e'tibor bermoqda. Yirik fermer xo'jaliklari, qo'shma korxonalarning jamoalari maktablarni otaliqqa olmoqda, ularning moddiy bazasini yaratish, o'quvchilarning bilim olishlari, ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil etishda yordam bermoqdalar.
Mehnat faoliyati
Unumli mehnat
O’z-o’ziga xizmat
Ijtimoiy foydali mehnat
O’quv mehnati
12-Rasm. Mehnat faoliyatining asosiy turlari
Mehnat faoliyatining asosiy turlari quyidagilardir:
O'quv mehnati o'quvchilarning ilmiy bilimlar hamda turli fanlar asoslarini o'zlashtirishga yo'naltirilgan faoliyati turidir.
Ijtimoiy-foydali mehnat shaxsni har tomonlama kamol toptirish hamda uning muayyan ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga yo'naltirilgan hamda ijtimoiy mehnat xarakteridagi faoliyati turidir.
Hozirgi davrda ta'lim muassasalarida o'z-o'ziga xizmat keng yo’lga qo'yilmoqda. O'z-o'ziga xizmat o'quvchilarning ijtimoiy va o'quv ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning o'zlari tomonidan amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati turidir. O'quvchilarning navbatchiligi o'z-o'ziga xizmat qilishni tarkib toptirishning muhim shaklidir.
Unumli mehnat turlari xilma-xildir. Masalan, o'quvchilarning mehnat haftaligi, chorvaga yem-xashak tayyorlash va shirkat xo'jaliklarida faoliyat yuritish va boshqalar. Unumli mehnat — o'quvchilar mehnatining eng ommaviy shakli sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |