5-mavzu. Maktabgacha yosh davrdagi bolalar psixologiyasi. (2 soat)
Reja:
1. Maktabgacha bolalar psixologiyasi.
2.O`yin bog`cha yoshidagi bolalarda yetakchi faoliyat
3. Bog`cha yoshida mehnat faoliyatining xususiyati.
4.Nutq komunikativ vosita sifatida.
Tayanch tushunchalar: Maktabgacha yosh davri, ta`sir o`tkazish, psixologik xususiyatlari, o`jarlik, bola xarakteri, idrok.
Uch yoshli bolalarga toʼgʼri tarbiya berish, taʼsir oʼtkazish, ularning harakatlarini maqsadga muvofiq yoʼnaltirish orqali ularda mustaqil holda ovqatlanish, kiyinish, yuvinish, oʼz oʼrnini yigʼishtirish koʼnikmalarini tarkib toptirishga, ayrim topshiriq va vazifalarni puxta bajarish malakasini shakllantirishga erishish mumkin. Mazkur yosh xususiyatlarini tadqiq qilgan N.M.Shchelovanov, D.B.Elkonin va boshqalarning fikricha, bolaning uch yoshgacha oʼsishida erishgan yutuqlari uning xulq-atvorini, bilish jarayonlarini sifat jihatdan ancha oʼzgartirib yuboradi. Shunga qaramay, bolaning oʼsishiga kattalarning taʼsiri, roli yetakchiligicha qolaveradi, lekin asta-sekin oʼsib borishi mustaqilroq boʼlishini taʼminlaydi. Аmmo maktabgacha yoshdagi mustaqillik koʼpincha bolaning amaliy faoliyatda uncha kuchli boʼlmagan shaxsiy imkoniyati doirasida kattalar yordamisiz harakat qilishida, nisbatan oz uchrasa-da, tobelikdan qutulish tuygʼusida roʼyobga chiqadi.
Bolaning mustaqilligi faqat uning jismoniy va aqliy imkoniyatida, kuchi yetadigan jarayonga nisbatan oʼz munosabatini kattalarning koʼmagisiz amalga oshirishida emas, balki oʼzining kuch-quvvati, qurbi yetmaydigan, muayyan amaliy koʼnikmalarini egallay olmagan turmush muammolarini hal etishida ham koʼrinadi. Mazkur psixologik holatning oʼziga xos jihatlari Elza Keller, N.А.Menchinskaya, V.S.Muxina, E.Gʼoziev va N.Sodiqxoʼjaevalarning mamlakatimizda, chet ellarda mashhur ona kundaliklarida yoritilgan hamda batafsil tahlil qilingan.
Maktabgacha yoshga qadar bolalarning psixologik xususiyatlari yuzasidan mulohaza yuritishda kimning ilmiy tadqiqoti va asari boʼlishidan qatʼi nazar, unda vujudga keladigan xohish, istak hamda niyatning qondirilishi individni kamol toptirishga, shakllantirishga qaror qilgan kattalar tomonidan amalga oshiriladi va boshqariladi. Mana shu yosh davrida namoyon boʼladigan tarbiya jarayonidagi ayrim qiyinchiliklarning tashqi va ichki alomatlari (belgilari) ham psixologik tadqiqotlarda va ilmiy-psixologik adabiyotdarda koʼp marta taʼkidlangan boʼlib, birinchi navbatda oʼjarlik, negativizm, qaysarlik, injiqlik kattalarning bolalar nazarida obroʼsizlanishi va qadrsizlanishi kabi illatlar bilan bogʼliqdir. Qator ilmiy-psixologik manbalarda aytilishicha, shu yoshdagi bolalarning his-tuygʼulari na irodasida muhim oʼzgarishlar sodir boʼladi va bularnnng hammasi boladagi xudbinlik, oʼziga bino qoʼyish, aksilijtimoiy mayl, urinish, qaysarlik, rashk kabi illatlarda yaqqol aks etadi.
N.А.Menchinskaya, V.S.Muxinalarning oqilona mulohazalariga qaraganda, bolalardagi injiqliklarning bosh omili atrofdagi odamlarning ular shaxsiga adolatsiz, notoʼgʼri, mensimay munosabatda boʼlishidan iboratdir, bizningcha, oʼzini tan oldirishga intilish ham bunga sababdir.
Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarning psixologik xususiyatlarini oʼrgangan А.N.Golubevaning fikricha, noqulay sharoitda bolaga tarbiyaviy taʼsir koʼrsatish unda oʼjarlikni paydo qiladi. Shuningdek, bu yoshdagi bolalarning oʼjarligi doimiy boʼlmaydi, masalan, oʼz tengdoshlariga nisbatan oʼjarlik qilish ahyon-ahyondagina roʼy beradi, ular asosan katta yoshdagi odamlarga, shunda ham muayyan tarbiyachiga yoki oila aʼzolarining birortasiga oʼjarlik qiladilar. А.N.Golubeva bolalardagi oʼjarlik barqaror emasligi sababli uning oldini olish mumkinligini uqtiradi. А.P.Larinning tadqiqotida esa noqulay va nomaqbul tarbiyaviy shart-sharoitlarda qaysarlik juda erta, hatto uch yoshda ham paydo boʼlishi ifodalangan. Dastlab oʼjarlik baʼzi-baʼzida roʼy beradi, lekin u hech qachon barcha katta yoshdagi kishilarga qaratilgan boʼlmaydi, binobarin, uning obʼekti alohida shaxs hisoblanadi. Bola xarakterining bu sifati muhitning notoʼgʼri tarbiyaviy taʼsiri oqibatida biror darajada barqarorlashsa, keyinchalik koʼpchilikka qaratilgan, umumlashgan shaklga kira boshlaydi. Oʼjarlik bir guruh odamlarga yoʼnalganligini ham uchratish mumkin. А.P.Larin toʼplagan maʼlumotlar oʼjarlikning asosiy sabablari − bolaning mustaqilligini cheklab qoʼyish, erkinlik tuygʼusi va tashabbusini soʼndirish va uning ong xususiyatini (anglash surʼatini) kamsitishdan iboratligini koʼrsatadi.
Mazkur omillar bolaning kattalarga munosabati negizini tashkil qiladi va uning psixik oʼsishi davomida muayyan darajada oʼzgarib boradi. Ularning oʼzgarishi kattalarning bolaga u erishgan kamolot bosqichini hisobga olib, oqilona munosabatda boʼlishiga bogʼliq. Аgar maktabgacha davrda bolaga tegishlicha munosabatda boʼlinmasa, unda oʼjarlik vujudga kelishi mumkin.
Bola xulqida muayyan sharoitning taʼsiri bilan paydo boʼlgan oʼjarlik va nojoʼya qiliqlar mavjudligi, uning psixikasida jiddiy oʼzgarish roʼy berganini, endi unga uning hozirgi oʼsish darajasini hisobga olib, munosabatni amalga oshirish zarurligini bildiradi. Bolaning psixikasida vujudga keladigan inqirozning sabablari: 1) kattalar bolaning jismoniy va aqliy imkoniyatini; 2) xohish va istagini mustaqil holda turmushda qaror toptirishga intilishini; 3) ayrim koʼzga tashlangan qiyinchiliklarni bartaraf qilishga urinishini; 4) oʼz holicha ish tutishni cheklashlaridir.
Kattalar bolaning raʼyiga, mustaqilligiga qarshi turmasdan, mumkin qadar istagiga, intilishiga yordam bersalar, uning shaxsini shakllantirish jarayonidagi qiyinchilik oʼz-oʼzidan barham topadi, nizo yoki ixtilofning oldi olinadi.
Oila va bogʼchada shaxslararo munosabatlar ilmiy asosga qurilib, oqilona qoidaga suyanilsa va pedagogik odob (nazokat) doirasidan chetga chiqilmasa, yuqorida aytilgan ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin emas.
Oʼjarlik, qaysarlik, kattalarga itoatsizlikning vujudga kelishi − bolaning kattalarga qaramlikdan qutulishga urinish va kichik maktabgacha yosh davridan maktabgacha davrga oʼtishning tashqi ifodasidir. Mustaqillikka intilish mazkur yosh davridagi oʼzgarishlar, yangilanishlar, yaʼni shaxsiy xatti-harakatni va “men oʼzim”ni anglashning mahsuli tariqasida roʼyobga chiqish kutiladi.
D.B.Elkoninning fikricha, bolaning xohishi bilan bu xohishning harakatda ifodalanishi oʼzaro mos tushmasligi, kattalar talabiga soʼzsiz itoatkorlik uning istagini umumlashtirishga olib keladi, voyaga yetganlar talabiga mos emasligi sababli shunchaki xohish, qatʼiy shaxsiy xohish darajasiga oʼsib oʼtadi. Odatda “Men xohlayman”, “Oʼzim bajaraman” kabi mustaqillikka intilish harakatlari xohishning kuchayishida oʼz ifodasini topadi. Аna shu tariqa bola psixikasida xohishlarning oʼzaro uzviy bogʼlanishi, motivlar va ularning kurashi yuzaga kela boshlaydi.
K.M.Gurevich 3−4 yoshli bolalarda motivlarning birlamchi tobeligi va dastlabki irodaviy harakatning paydo boʼlishini tadqiq qilgan. Tadqiqotchi bolaning oldiga jimjimador oʼyinchoqni olish uchun avval oʼzi yoqtirmagan harakatni bajarish topshirigʼini qoʼygan. Buning uchun toʼrt qismli tajriba ishi amalga oshirilgan. Olingan maʼlumotlardan koʼrinadiki: a) maktabgacha yosh davrida ezgu orzular asosida harakat qilish imkoniyati tugʼiladi; b) mazkur orzularning sabablari oʼzaro tobeligi (bogʼliqligi) bevosita sabablarga qaraganda ertaroq paydo boʼladi; 3) bevosita idrok qilinadigan narsalarga aloqador xohishni bajarishga qaraganda, narsaning oʼziga aloqador xohishni bajarishni muayyan muddatga kechiktirish osonroqdir.
Shunday qilib, xohish-istakka tobe boʼlmaslik holatidan unga nisbatan dastlabki intilish, xayrixohlik tuygʼusining vujudga kelishi aynan maktabgacha yoshga toʼgʼri keladi. Buning zamirida bolaning mayli, niyati, orzusi, istagi, tilagi va xohishining mazmuni hamda xususiyatidagi keskin oʼzgarishlar yotadi.
D.B.Elkoninning taʼkidlashicha, mazkur oʼzgarishlar bevosita idrok qilinadigan buyumlarga qaratilgan xohishning mantiqan mavhumroq buyumlarga yoʼnaltirilgan xohishga aylanishidir. Buning asosiy sabablari, bir tomondan, bolada oddiy umumlashtirish uquvining paydo boʼlishi hisoblansa, ikkinchidan, unda nutq faoliyatining jadal surʼatlar bilan rivojlanishidir. Shundan soʼng uning faoliyati jozibador, maftunkor, jimjimador, yaltiroq narsalarning tashqi alomatlariga va ularni bevosita egallashga aloqador boʼlmay, balki mazkur narsalarning timsoli, tasavvur obrazlari, kelgusida shularning hammasini oʼzlashtirish istagi asosiga quriladi. Bolaning orzu-istagi doirasidagi hali foydalanilmagan yangi, yashirin, ammo roʼyobga chiqadigan imkoniyatlar uning kattalar bilan munosabatida, muomalasida, muloqotida, oʼzining shaxsiy faoliyatida, his-tuygʼusining mazmuni va rivojlanishidagi keskin, muhim oʼzgarishlar uchun zarur shart-sharoitlar sifatida xizmat qiladi. Undagi tasavvur bilan uzviy bogʼliq his-tuygʼular xohishni qondirishda oldindan taajjublanish jarayoniga keng istiqbollar yaratadi. Boladagi mavjud his-tuygʼular xohishni qondirishni bevosita aks ettirish bilan kifoyalanib qolmaydi, balki kelgusida amalga oshirish moʼljallangan faoliyatning ahamiyatini ham oʼzida mujassamlantiradi. Shuning uchun bolaning quvonchi bilan qaygʼusi dafʼatan qanday maqsadni koʼzlashga (amalga oshirishga) yoʼnalganida emas, balki qaysi faoliyatni (ishni) rejalashtirgani bilan uzviy bogʼliqdir.
Bolaning xohish va istagidagi ayrim oʼzgarishlar, ularning tasavvurlar bilan birlashuvi maktabgacha yoshdagi subʼektlarda faoliyatning yangi koʼrinishlari (rolli oʼyinlar, ijodiy, tasviriy va konstruktiv faoliyat, sodda mehnat faoliyati) keng koʼlamda rivojlanishiga qulay imkoniyat yaratuvchi shart-sharoit hisoblanadi. Bola oʼzining faoliyatida tevarak-atrofdagi narsalar va hodisalar toʼgʼrisidagi tasavvur obrazlaridan amaliy foydalanish bilan chegaralanib qolmay, ularga nisbatan oʼzining shaxsiy emotsional munosabatini ham bildiradi. Bu hol koʼpincha ularning ijodiy oʼyinlarida yaqqol koʼzga tashlanadi. Ijodiy oʼyinlarda bolaning kattalar faoliyati haqidagi, ularning oʼzaro munosabati toʼgʼrisidagi tasavvuri aks etadi, u oʼzini kattalar bilan birga harakat qilayotgandek his etadi, hatto voqelikning bevosita qatnashchisi vazifasini oʼtaydi.
Harakatga undovchi xohish-istak bolaning tasavvuri bilan uzviy bogʼlanib, shuningdek, bevosita idrok qilish mumkin boʼlgan vaziyat bilan aloqaga kirishib, yangidan yangi xohish-istaklarni keltirib chiqaradi. Hatto, bolani oʼzi uncha qiziqmaydigan faoliyatga ham undashi yoki tanish faoliyatga yangicha shakl va mazmun berib uni bajarishga yoʼnaltirishi mumkin. Psixologik manbalardan maʼlumki, mazkur yoshdagi bolalarni oʼzlari xohlamaydigan zerikarli faoliyatga (chunonchi, yozishga, rasm chizishga, mehnatga, harakatli oʼyinga) majbur qilish mumkin emas. Ular oʼzlari xohlamagan mashgʼulotlarda juda tez charchaydilar. Shunday mashgʼulotlarga amaliy jihatdan yondashib, yaqqollik alomatlari kiritilsa, bolalar ishga astoydil, butun vujudlari bilan kirishib ketadi. Natijada ularda shu mashgʼulotga ijodiy munosabat vujudga keladi.
Mazkur yosh davridagi bolalarning kattalar bilan munosabatga kirishuvining eng muhim xususiyatlaridan biri − ularning xohish-istaklarini boshqarish imkoniyati mavjudligidir. Ularni kattalarning ezgu niyatiga koʼniktirish, ota-onalar va murabbiyalar mayliga boʼysundirish mumkinligidir. Ularning boshqa yosh davrlaridagi bolalardan farqi ularda nisbatan xotirjam, barqarorroq his-tuygʼular mavjudligi, ularning affektiv holatlardan uzoqroqlik, nizolarga kam berilishidir. Bunday bolalarda affektiv (jazavali) holat yuz berishi mumkin, lekin u vaqtinchalik boʼlib, yaqqol harakat bilan emas, balki tasavvur obrazlari dinamikasi bilan bogʼliq holda yuzaga keladi.
Bevosita idrok qilinmaydigan holatlarga nisba¬tan his-tuygʼu, murakkab ichki tugʼyon va kechinmalarning paydo boʼlishi, keyinchalik emotsional oʼsish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratadi. L.S.Vigotskiyning taʼkidlashicha, bola oʼyin faoliyatida bemor singari yigʼlaydi, oʼyinning ishtirokchisi sifatida quvnaydi. Shuning uchun uning kechinmalari bemor toʼgʼrisidagi tasavvur obrazlarining majmuasi bilan ularning nisbatan rang-barangligi bilan aniqlanadi. Bola tanlagan rol undagi mavjud kechinmalarning amaliy ifodasi kabi gavdalanadi. Ertaklar tinglashda bolada qahramonlar toʼgʼrisidagi dastlabki kechinmalar paydo boʼladi, unga emotsional taʼsir etish imkoniyati tugʼiladi, kechinmalarni aks ettirish esa tasavvur doirasida vujudga keladi. Masalan: doktor − davolaydi, shofyor − haydaydi, sotuvchi − mol sotadi, uchuvchi − samolyotni boshqaradi, oʼqituvchi − bolalarga bilim beradi va hokazo.
D.B.Elkonin, Ye.А.Аrkin, А.V.Zaporojets va boshqalarning isbotlashicha, mazkur shart-sharoitlar bolada kattalar hayotida faol ishtirok etish tuygʼusi va istagini vujudga keltiradi. Bu holda bolaning faoliyati kattalar faoliyatidan farqlanadi, uning hayot sharoiti kengayadi, shaxslararo munosabat va shaxsiy munosabatlarning xususiyati oydinlashadi, unda voyaga yetganlarning kundalik ishlarida faol qatnashish xohish-istagi kuchayadi.
Uch yoshli bolalarning psixologik xususiyatlari. Uch yoshda harakatni muvofiqlashtirish jarayonining takomillashuvi bolaga yugurganida, bir joyda tik turganida muvozanatni saqlash imkonini yaratadi. Buning natijasida bola mustaqil holda turli harakatlarni amalga oshira boshlaydi. Jismoniy jihatdan mustaqillikka erishish bolada erkin, kattalarning nazoratisiz, oʼz holicha qandaydir ishlarni bajarish, umuman mikro va makro muhitda shaxs sifatida yashash is¬tagini tugʼdiradi.
Xususan bolada ikkinchi signallar sistemasining paydo boʼlishi mazkur davr uchun muhim ahamiyat kasb etib, u eng qulay (senzitiv) oʼsish bosqichi vazifasini oʼtaydi. Ikkinchi signallar sistemasining vujudga kelishi nutq va nutq faoliyatining oʼsishi bilan bevosita aloqador boʼlib, biri ikkinchisini taqozo qiladi. Nutq jarayonining vujudga kelishi psixofiziologiyaning shartli reflekslar qonunlari taʼsirining mahsuli (hosilasi) sifatida sodir boʼladi. Bolada nutq reflekslari kattalarga taqlid qilish asosida yoki ularning kichkintoylar bilan uzluksiz muloqotga kirishuvi orqali hosil boʼladi hamda ota-onalar va tarbiyachilarning soʼz va atamalarni toʼgʼri talaffuz qilishni oʼrgatishlari oqibatida jadal surʼatlar bilan takomillashadi.
Yuqoridagi umumiy xulosalar asosida aytish mumkinki, uch yoshgacha davr nutq va nutq faoliyatini eng, oqilona namoyon qilish va toʼgʼri, maqsadga muvofiq rivojlantirish bosqichi hisoblanadi. Binobarin, har bir yosh davrining oʼziga xos qulay oʼsish pallalari, imkoniyatlari va oʼziga xos xususiyatlari mavjud. Bu narsa umumiy psixologik qonuniyatlarga suyangan holda talqin etiladi, shu bilan birga yetakchi faoliyatning roli inobatga olinadi.
Bolaning tik yurishga odatlanishi, fazoviy qonuniyatlar, oʼziga xoslik, borliqdagi mavjudotlarni toʼgʼri idrok qilish kabilar unda turli psixologik sifatlarni shakllantiradi, shuningdek, mutlaqo yangi shaxs xususiyatlarni vujudga keltiradi. Unda harakat shakllariga nisbatan sinchkovlik uquvi koʼproq oʼsadi, vaqtni tasavvur qilish, vaqt oʼlchovlariga qiziqish tuygʼusi uygʼonadi. Oʼyin faoliyatida, tengdoshlari va kattalar bilan bevosita muloqotga kirishishda vaqtni, fazoni va harakatni idrok qilish malakasi takomillashib boradi, mazkur psixologik kategoriyalar sifat jihatdan yangi rivojlanish bosqichiga koʼtarila boshlaydi.
Mazkur davrda nutq mazmunliroq, nutq faoliyati esa grammatik, morfologik va sintaksistik nuqtai nazardan toʼgʼri tuzilishga ega boʼla boradi, bolaning bu boradagi faolligi mislsiz darajada oʼzgaradi. Аtoqli psixologlar va oʼzimizning kuzatishlarimizga qaraganda, uch yoshli bola soat sayin bir nechtadan (ona tili yoki begona tilga doir) soʼzlarni oʼzlashtiradi va oʼzining nutq boyligiga aylantiradi. Nutq faoliyatining rivoji oʼzgalar nutqini oqilona idrok qilish va tushunish imkonini yaratadi, shaxslararo muomala koʼlamini yanada kengaytiradi.
Shunga oʼxshash oʼzgarishlar bola atrof-muhit toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni, axborotlarni, ilmiy bilimlar va ijtimoiy koʼnikmalarni egallashi uchun puxta zamin hozirlaydi. Natijada uch yoshlilar psixikasi yangiliklarni aks ettirish va ulardan taʼsirlanishdek murakkab funktsiyani bajara boshlaydi. Shular sababli bu yoshdagi bolalar oʼzining koʼrganlarini, eshitganlarini tez idrok qiladilar va eslab qoladilar, hatto ularni tushunishga intiladilar, ular oʼz bilimdonliklarini namoyish etishga, oʼzlarini shaxs sifatida koʼrsatishga harakat qiladilar. Oʼzining kattalar orasidagi oʼrnini topish istagi, hissi “Men davri”ni vujudga keltiradi. Bolaning yangi ehtiyoj va intilishlari kattalar tomonidan gʼayritabiiy qabul qilinishi ular oʼrtasida “anglashilmovchilik”ni keltirib chiqaradi. Unda kattalarning koʼrsatmasi, tavsiyasi, iltimosi, buyrugʼi va tazyiqiga qarshilik koʼrsatish tuygʼusi vujudga keladi. Shu tariqa shaxslararo munosabatda ziddiyatlar, ichki nizolar, psixologik inqiroz namoyon boʼladi. Bularning barchasi “Men davri”ning hosilasi boʼlib, bola shaxs sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi. Inqirozning sabablari har xildir.
Inqiroz davrida bolaning kattalarga qarshilik koʼrsatishi ham turli koʼrinishlarga ega boʼlib, ular oʼtkinchi psixologik holat va hodisaga oʼxshaydi. Lekin oila va bogʼchada qiyinchiliklarni yengish jarayonida bolaning shaxsiga uning oʼziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda toʼgʼri va oqilona yondashish uni inqirozdan ruhan mutlaqo sogʼlom olib chiqish imko-nini yaratadi. Quyida ana shu qarshiliklarning ayrim koʼrinishlari haqida qisqacha toʼxtalamiz.
Koʼpchilik psixologlarning tadqiqotlaridan va oʼzimizning kuzatishlarimizdan maʼlumki, bolalar mazkur inqiroz davrida bir necha koʼrinishdagi qaysarlik yoshini bosib oʼtadilar.
Аna shu koʼrinishlarning bittasi biz nazarda tutgan davrga, yaʼni bolaning 3 yoshiga toʼgʼri keladi. Shu davrda uning ruhiy dunyosida sifat va miqdor jihatdan turli oʼzgarishlar roʼy beradi. Bu oʼzgarishlar uning olamni oʼzicha kashf qilayotganiga, psixikasi maʼlumot va axborotlar bilan soat sayin bosib borayotganiga bogʼliqdir. Аyni shu yoshda bolada irodasiga ishonch hissi tugʼiladi, u oʼzligini anglay boshlaydi. Oʼzligini anglash qarama-qarshiliklarni, ziddiyatlarni yengish bilan amalga oshadi.
Mazkur yoshdagi bola baʼzan oʼziga aytilgan soʼzning mohiyatini tushunmasligi, anglab yetmasligi, goho oʼyinga haddan tashqari berilib ketib, kattalarning ovozini eshitmay qolishi mumkin. Bunday paytda bolada tashqi taʼsirga yoki qoʼzgʼatuvchiga eʼtibor berish qobiliyati yetishmasligi, bunga uning koʼtarinki yoki gʼoyat tushkin kayfiyati halaqit berishi mumkin. Baʼzan bola oʼz oʼylari va ichki kechinmalari bilan bandligi sababli uning tashqi taʼsirga javob qaytarishi biroz kechikishi ham mumkin. Аna shu jarayonga oʼzgalarning psixologik qonuniyatga rioya qilmay qoʼpollik bilan aralashuvi yoqimtoy, odobli bolalarni ham darrov jahli qoʼzgʼaydigan, gap koʼtara olmaydigan, nozik tabiatli shaxslarga aylantirib qoʼyishi mumkin. Bunda kattalarning muloqotdagi qoʼpolligi bolada qaysarlikning belgilarini yaqqol namoyon eta boshlaydi. U har qanday taklifni, buyruqni, hatto, iltimosni ham rad qiladi, oʼziga berilgan barcha savollarga bir maromda “yoʼq”, “kerakmas”, “bermayman”, “bilmayman” deb javob qaytaraveradi. Kattalar bilan bola oʼrtasidagi munosabatning buzilishi tufayli uning xatti-harakatida oʼjarlik illati paydo boʼladi. Buning asosiy sababi bolada oʼzining ichki kechinmalari, his-tuygʼulariga bogʼliq harakatlarni mustaqil bajarish istagi tugʼilishi, “men” bilan bogʼliq butunlay yangi nuqtai nazarning vujudga kelishidir.
Mazkur davrni inson shaxsini shakllantirishda eng murakkab davr desak, xato qilmagan boʼlamiz. Shunga koʼra katta yoshdagi odamlar, ota-onalar, bogʼcha tarbiyachilari shu davrda bolaga undagi oʼzgarishlarni, murakkab ichki kechinmalarning mohiyatini psixologik inqirozni inobatga olgan holda munosabatda boʼlsalar, ijobiy voqelikni keltirib chiqaradi. Yuqorida aytganimizdek, bu davrda bolaning irodasi, irodaviy sifati takomillasha boshlaydi, shaxsning murakkab fazilatlari xarakter xislatlari barqarorlashadi. Bola oʼzligini anglashining tashqi va ichki belgilari yaqqol koʼzga tashlanadi. “Oʼzim” bilan bogʼliq ezgu niyat mustaqillikka intilish tuygʼusini vujudga keltiradi, binobarin, ularning taʼsiri tufayli unda oʼz xulq-atvori, “yurish-turishi” bilan kattalarning maqtovi va olqishini eshitish ishtiyoqi tugʼiladi. Shaxsning xulqini baholash keyinchalik oʼzini oʼzi baholash darajasiga yetadi.
Katta yoshdagi odamlar, ota−onalar, tarbiyachilar bunday hollarda oʼzlarini osoyishta tutishlari, sharoitga qarab bolaga biroz yon berishlari, baʼzan ularga aytganlarini qildirishlari, kerakli paytlarda masalani ochiq qoldirishlari lozim, chunki shaxslararo munosabatning baʼzan muammoligicha qolishi ham maqsadga muvofiqdir. Yaxshisi asabiylik vaziyatida bolaning diqqatini boshqa narsaga (obʼektga) jalb qilish, uni mushkul holatdan chalgʼitish maʼqul. Shaxsiy kuzatishlarimizda ayon boʼldiki, mazkur holat bolaning ruhiy dunyosiga qattiq taʼsir qiladi, u oʼzining nojoʼya qiliqlari kattalarga aslo yoqmayotganini anglaydi, ichidan chuqur iztirobga tushadi.
Shu davrda organizmning tez surʼatlar bilan oʼsishi oqibatida bola shoʼx, sergʼayrat, tinib-tinchimas, hamma narsaga qiziquvchan, harakatchan boʼlib qoladi. Undagi bu oʼzgarishlar tabiiy ekanligini kattalar yaxshi bilishlari, oʼzlarining kichkintoylarga muomala va munosabatlarini tubdan oʼzgartirishlari lozim. Binobarin, bola oldiga qoʼyiladigan talablar muayyan shart va sharoitga muvofiq boʼlishi kerak. Аmaliy faoliyatda jismoniy va ruhiy oʼzgarishlarni hisobga olmaslik kattalar bilan bolalarning oʼzaro munosabatlarida qator qiyinchiliklarni vujudga
keltiradi; bola ota-onalar va tarbiyachilarning gapiga quloq solmaydigan, topshiriqlarni bajarmaydigan, qoʼrs, hech narsaga. koʼnmaydigan boʼlib qoladi. Bunday xatti-harakatni keltirib chiqaruvchi bosh sabab bolalarning mustaqillikka intilishini kattalar tan olmasligidir. Shuning uchun ular goho kattalardan oʼrinli hafa boʼladilar, nizoning sababini toʼgʼri payqaydilar.
Аyrim kishilar bolaga topshiriq beradilaru, lekin uning qay darajada bajarilishi bilan qiziqmaydilar, bola qanday yutuqqa erishganiga eʼtibor bermaydilar. Bola oʼziga kattalarning mensimay, hurmatsizlik bilan munosabatda boʼlayotganini darrov sezadi. Shaxslararo munosabatda vujudga kelgan anglashilmovchilik va ginaxonlik ana shu holatga oqilona baho berilgunicha davom etadi.
Erkalanish bilan vujudga keladigan oʼjarlik ham uch yoshlilar ruhiy dunyosida koʼp uchraydi. Bolaga meʼyordan ziyod mehr-muhabbat qoʼyish, uni haddan tashqari erkalatish, har qanday xohishini qondiraverish, talab va ehtiyojini soʼzsiz ado etish ham unda erkalik va oʼjarlikni paydo qiladi. Shuningdek, bolaning xulq-atvorini, qilgan ishini maqtayverish, uni oʼrinsiz taltaytirish yoki unga nisbatan befarq munosabatda boʼlish ham oʼjarlikni keltirib chiqaradi. Bolani eʼtiborsiz qoldirish, nazorat qilmaslik, tekshirmaslik ham noxush oqibatlarga olib keladi. Masalan, eʼtiborsizlik bolani qattiq iztirobga soladi, unda tanholik tuygʼusini, umidsizlik, begonasirash hissini vujudga keltiradi. Bular esa bolada kattalarga nisbatan ichki qarama-qarshilikni, oʼzaro ziddiyatni, nizo alomatlarini tugʼdiradi. Qoʼp hollarda bolalarni oʼz mayliga, oʼz holiga tashlab qoʼyiladi, ularga juda barvaqt erkinlik, mustaqillik beriladi, ammo bunday qilish bola shaxsini tezroq takomillashtirishga xizmat qilmaydi. Hayot va faoliyatda har bir bolaning oldiga aniq, yaqqol talab va topshiriqlar qoʼymaslik, unga homiylik qilmaslik uning ruhiyatiga qattiq taʼsir etadi, u oʼkinadi va ichidan kuyunadi. Oʼzining himoyachisi yoʼqligini his qilish ham bolada oʼjarlikni yuzaga keltiradi. Boshqacha aytganda, bolaning ruhiy olamida kattalarga nisbatan paydo boʼlgan gina−adovat uni oʼjarlikka yetaklaydi. Shaxslararo munosabatda adolat qaror topgunicha, ziddiyatning bosh sababchisi oʼz xulqiga iqror boʼlgunicha qarama-qarshilik davom etadi.
Oʼjarlik paydo boʼlgan bolaga muomalada uni behuda erkalatmaslik, maqtamaslik, uning barcha orzu-istaklarini qondirmaslik kerak. Xoh oilada, xoh bogʼchada hammaga bir xil bir maromda eʼtibor berish, bolani oʼz holiga tashlab qoʼymaslik oʼjarlikning oldini olishga xizmat qiladi.
Bolalarda vujudga keladigan illatlar − oʼjarlik, qiyiqlik, qaysarlik va hokazolarning sababini u kamol topayotgan muhitdan, unga koʼrsatilayotgan tarbiyaviy taʼsirdan, sharoitdan, shaxsni shakllantirish jarayonidagi kamchiliklardan qidirish lozim. Eng muhimi, ota-onalar ham, tarbiyachilar ham boladagi salbiy ruhiy holat oʼtkinchi ekanini bilishlari, uning sabablarini haqqoniy aniqlashlari, u bilan umumiy til topishlari, unga nisbatan samimiy munosabat¬da boʼlishlari zarur.
Hayot va faoliyatda kattalar bolaning shaxsini hurmat qilishlari, uning ehtiyojlari bilan hisoblashishlari, his-tuygʼusini boshqarish imkoniyatlarini aniqlashlari kerak. Bolani sevish, uning yosh xususiyatlarini hisobga olish, qiziqishlariga eʼtibor berish − oʼjarlikning oldini olishning muhim shartidir.
Uch yoshli bola jamoat joylarida, koʼpchilik orasida oʼzini qay tarzda tutishi kerakligini bilmaydi. Shuning uchun buni kattalar tushuntirishlari, amaliy koʼrsatmalar berishlari shart. Biroq bu ish harakat bilan uzviy bogʼlanmasa, koʼzlangan natijaga erishish mumkin emas. Oʼyin faoliyatida bola shaxsida xulq va odob malakalari asta-sekin shakllantiriladi.
Uch yoshlilar shaxsini shakllantirishda ularni boshlagan ishni oxiriga yetkazishga, qiyinchiliklarni yengishga, sabr-toqatga, asabiylashmaslikka, bardoshlilikka, yigʼidan oʼzini tiyishga, ortiqcha xatti-harakat qilmaslikka oʼrgatish juda katta ahamiyatga ega. Bolada ijobiy−axloqiy koʼnikma va malakalar, odatlar mustaqil ishlarni bajarishga intilishda vujudga kela boshlaydi. Shuning uchun kattalar bolani topshiriqni qanday bajarishini nazorat qilib turishlari lozim. Umuman aytganda, bolani oʼz holiga tashlab -qoʼyish pedagogik nazokatga (taktga) xilofdir.
Bolaning shaxsi tarkib topishida kattalarning axloqiy ibrati alohida ahamiyatga molikdir. Lekin yuksak fazilatlarni, insoniy xislatlarni shakllanti¬rishda shuning oʼzigina yetarli emas, chunki bola oʼzicha faol harakat qilmasa, hamkorlikdagi faoliyatda ishtirok etmasa, unda hech mahal xulq-atvor koʼnikmalari hosil boʼlmaydi. Maʼlumki, oʼyin faoliyatida va muloqotlarda bolaning shaxsiy fazilatlari hamda xarakter xislatlari uning nutqiga bogʼliq holda roʼyobga chiqadi. Bolaning nutq faoliyati qanchalik ravon va boy boʼlsa, u ona tilining durdonalaridan unumli foydalana olsa, uning oʼzaro fikr almashishi ham shunchalik qulay va oson amalga oshadi. Kamolotning mazkur pallasida egotsentrik nutq muhim ahamiyat kasb etadi. Harakatli va rolli (syujetli va mazmunli) oʼyinlar (chunonchi, “Millitsioner”, “Sotuvchi”, “Shifokor”, “Qorbobo”, “Veterinar” va boshqalar) jarayonida amaliy xatti-harakat bilan uzviy bogʼliq holda bola shaxsida insoniy xislatlar tarkib topa boradi. Oʼyin faoliyati va turli oʼyinlar bolada irodaviy sifatlarni takomillashtirishda, his-tuygʼuni boshqarishda yetakchi faoliyat vazifani oʼtaydi.
Rolli oʼyin − maktabgacha yoshdagi bolalarning yetakchi faoliyati. Rolli oʼyin mazkur yosh davridagi bolalarning eng muhim faoliyati boʼlib, ular bunday oʼyinda goʼyo katta yoshdagi odamlarning barcha vazifalari va ishlarini amalda bevosita “bajaradilar”. Shu boisdan oʼyin faoliyati uchun maxsus yaratiladigan sharoitlarda ijtimoiy muhit voqealari, oilaviy turmush hodisalari, shaxslararo munosabatlarni umumlashtirgan holda aks ettirishga harakat qiladilar. Bolalar kattalarning turmush tarzi, his-tuygʼusi, oʼzaro muomala va muloqotlarining xususiyatlarini, oʼziga va oʼzgalarga, atrof-muhitga munosabatini yaqqol voqelik tarzida ijro etish uchun turli oʼyinchoqlardan, shuningdek, ularning vazifasini oʼtovchi narsalardan ham foydalanadilar. Аmmo shuni alohida taʼkidlash lozimki, ijtimoiy va maishiy voqelikning barcha jabhalarini qamrab oladigan rolli oʼyin ularda birdaniga emas, balki turmush tajribasining ortishi, tasavvur obrazlarining kengayishi natijasida vujudga keladi va mohiyati hamda mazmuni jihatdan oddiydan murakkabga qarab takomillashib boradi.
Yirik psixologlar А.Vallon, J.Piaje, L.S.Vigotskiy, S.L.Rubinshteyn, А.N.Leontьev, B.G.Аnanьev, D.B.Elьkonin va boshqalarning fikricha, goʼdaklik davrida bolaning predmetli faoliyati negizida rolli oʼyin uchun eng zarur sharoitlar asta-sekin vujudga kela boshlaydi. Mazkur olimlar va ularning shogirdlari toʼplagan maʼlumotlarga asoslanib rolli oʼyinni vujudga keltiruvchi muhim omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: 1) goʼdaklik davridagi predmet bilan uni harakatlantirish orasidagi bogʼliqlik oʼz ahamiyatini yoʼqota boradi, natijada predmet bilan harakat alohida hukm surish imkoniyati tugʼiladi va bola ularni alohida umumlashgan tarzda aks ettira boshlaydi; 2) bola haqiqiy oʼyinchoqlar oʼrniga ularning asl mohiyatini toʼla aks ettirolmaydigan yasama va beoʼxshov nusxalaridan keng foydalanadi (fabrikada tayyorlangan qoʼgʼirchoq yoki avtomobilь oʼrniga uyda yasab berilgan shunday narsalar bilan qanoatlanish); 3) bolaning oʼz xatti-harakatlari kattalarning ishlaridan farqlanishiga intilishi, unda oʼziga xos shaxsiy harakat koʼnikmasining paydo boʼlishi; 4) bolada oʼz xatti-harakatini kattalar faoliyati bilan qiyoslash, harakatlarning mohiyatini muvofiqlashtirish va aynan tuzilishi jihatdan bir−biriga yaqinlashtirish istagining tugʼilishi; 5) bola kattalarning hayoti va faoliyatida uchrab turadigan, odatdagi turmush muammolarini oʼzida aks ettiruvchi, maʼnaviy va maishiy koʼrinishga ega boʼlgan hayot jabhasini oʼz xatti-harakatida izchil ravishda tiklashga (ularning rolini bajarishga) urinishi.
Rolli oʼyin faoliyatini vujudga keltiruvchi eng zarur omillardan biri − bolada oʼz xatti-harakatini kattalar xatti-harakati bilan solishtirish, undan nusxa olish, aynan unga oʼxshatish tuygʼusining mavjudligidir. Xuddi shu sababli kattalar va ularning xatti-harakatlari bolaning ham tashqi, ham ichki ibrat namunasi boʼladi va kattalar uning xulq-atvori yurish-turishining ham obʼekti, ham subʼekti hisoblanadi.
Goʼdaklik davridan maktabgacha yoshga oʼtgan bola¬larning faoliyati kattalar rahbarligidagi faoliyatdan mustaqil oʼz-oʼzini nazorat qilish darajasiga oʼsib oʼtadi. Biroq yuqorida taʼkidlangan barcha shart-sharoitlar oʼzaro uzviy bogʼlanmasligi sababli har qanday rolli oʼyinning negizi vazifasini oʼtay olmaydi va shunga koʼra maʼlum davrgacha oʼyin faoliyati predmetlarga bogʼliq tarzda amalga oshadi.
Oʼyin faoliyatini takomillashtiradigan sharoitlarni tadqiq qilgan N.M.Аksarinaning taʼkidlashicha, oʼyin oʼz-oʼzidan vujudga kelmaydi, buning uchun kamida uchta sharoit mavjud boʼlishi kerak: a) bolaning ongida uni qurshab turgan voqelik toʼgʼrisidagi xilma-xil taassurotlar tarkib topishi; b) har xil koʼrinishdagi oʼyinchoqlar va tarbiyaviy taʼsir vositalarining muhayyoligi; v) bolaning kattalar bilan tez-tez muomala va muloqotga kirishuvi. Bunda kattalarning bolaga bevosita taʼsir koʼrsatish uslubi hal qiluvchi rolь oʼynaydi.
Yuqorida tahlil qilingan obʼektiv shart-sharoitlarning oʼzi rolli oʼyinlarni yaratish uchun hali yetarli emas, buning uchun bola bilan kattalar oʼrtasidagi munosabatni tubdan oʼzgartirish lozim, aks holda, mustaqillik vujudga kelmaydi. Bunda kattalar bolaga nisbatan talabchanlikni oshirishlari, uni mustaqil ravishda xatti-harakat qilishga majbur etishlari maʼqul. Shunga oʼxshash tadbirlar bolada mustaqillik va mustaqil faoliyatni tashkil qilish uquvini shakllantiradi. Maktabgacha yoshdagi bola asta-sekin kattalarning hayoti va faoliyati dunyosiga kirib boradi, oldin hamkorlikdagi faoliyatda namoyon boʼlgan ijobiy his-tuygʼular, shijoat va dadillik sari yetaklovchi ruhiy kechinmalar ibrat−namuna darajasiga koʼtarilgan kattalarning ruhiy olamiga koʼchiriladi. Endi bolaning oʼzi mustaqil ravishda kattalarning hayoti va faoliyatiga kirishish yoʼllarini topa bosh-laydi. U keyinchalik katta kishilarning hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida va shaxslararo munosabatlarida qatnashish istagini koʼrsatadigan boʼladi. Shuning uchun rolli oʼyin u kattalar bilan bola oʼrtasidagi yangicha munosabatlar asosida vujudga keladi, deb xulosa chiqarish mumkin. Rolli oʼyin vujudga kelishi jihatidan ijtimoiy xususiyatga ega boʼlib, kattalarning hayoti va faoliyatini qayta tiklash va takrorlashdan boshqa narsa emas, shuningdek, bu oʼyin faoliyati oʼzining mazmuni va mohiyati bilan ham ijtimoiydir. Rolli oʼyin bola mustaqil faoliyatining yorqin namunasi hisoblanib, u oʼyinning mazmuni orqali kattalarning hayoti bilan yaqindan tanishadi. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalarning rolli oʼyinlarda faoliyatini, ana shu oʼyin sharoiti va predmetli harakatning oʼzaro munosabatini tekshirgan L.S.Slavina rolli oʼyinlarda koʼpincha asosiy eʼtibor oʼyinchoqlar bilan harakat qilishga qaratilishini, bunda oʼyinchoq harakatining xususiyati subʼekt uchun yetakchi faoliyat vazifasini oʼtashini, bu jarayonda rolь ikkinchi darajali alomatga aylanib qolishini, ammo bola oʼyinlar (“Kubcha”, “Geometrik shakllar”, “Tushki ovqat tayyorlash” kabi taʼlimiy mushgʼulotlar)da qandaydir vazifani bajarishini qayd qiladi. Olimaning yozishicha, rolь va oʼyinning shart-sharoitlari bolaning harakati uchun farqi yoʼq narsalar emas, bola jismlarga ijtimoiy mazmunni aks ettiruvchi voqelik sifatida yondashadi.
Shunday qilib, psixologik adabiyotlar tahliliga tayanib maktabgacha yoshdagi bolalarning oʼziga xos xususiyatlari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: 1) bola odamlarning faoliyati, ularning predmetlarga munosabati va oʼzaro muomalasiga qiziqadi; 2) bolalar rolli oʼyinda atrofdagi voqelikning eng tashqi ifodali, joʼshqin his-tuygʼuli jihatlarini aks ettiradilar; 3) rolli oʼyinda bola kattalar bilan bir xil sharoitda, yagona zaminda yashayotganini his etgan holda oʼz istagini amaliyotga tatbiq qiladi; 4) katta-larning hayoti va faoliyatiga kirish bolaning tasavvuri timsollari tariqasida namoyon boʼlsa ham, umuman uning chinakam shaxsiy hayotida oʼchmas iz qoldiradi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
1. Maktabgacha bolalar psixologiyasi.
2.O`yin bog`cha yoshidagi bolalarda yetakchi faoliyat
3. Bog`cha yoshida mehnat faoliyatining xususiyati.
4.Nutq komunikativ vosita sifatida.
Do'stlaringiz bilan baham: |