4. Tabiiy geografik prognozlash
Prognoz-(grekcha) biror jarayon yoki hodisani oldindan ko‘ra olish (ayta olish) ma’nosini bildiradi. Prognozlash jarayon yoki hodisa ni vujudga kelish, shakllanish va rivojlanishini tuzish yoki ishlab chiqarishni bildiradi. Ilmiy jamoada prognozni ta’riflashda ham turli umummilliy fikrlar mavjud. Masalan, prognoz – kelajakni aniqlash, prognoz – hududni rivojlanishi bo‘yicha ilmiy gipoteza, prognoz - hududning istiqboldagi holatini ta’rifi, prognoz – taraqqiyotning kelajakdagi bahosi va boshqalar.Geografik prognoz deb, tabiiy muhit va hududiy ishlab chiqarish majmualarining o‘zgarishidagi asosiy yo‘nalishlarni ilmiy jihatdan oldindan asoslab byerishga aytiladi.Geografik prognozlar bir necha variantlarda amalga oshiriladi. Ulardan avvaliga nisbatan yaxshi bo‘lgan bir nechtasi, keyinchalik esa eng maqbul varianti tanlab olinadi va mazkur variant asosida barcha hisob-kitob ishlari bajariladi.
Geografik prognozlar turli muddatlarga tuziladi.Shuning uchun prognozlar muddatiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: operativ prognoz 1 oy muddatga, qisqa muddatli prognoz 1 oydan 1 yilgacha, o‘rta muddatli prognoz 1 yildan 5 yilgacha, uzoq muddatli prognoz 5 yildan 15 yilgacha, juda uzoq muddatli prognozlar 15 yildan ko‘proq muddatga ishlab chiqiladi.Tabiiy geografik prognozni amalga oshirish uchun geotizimlar komponentlarining prognozli xossalarini aniqlab olish talab etiladi. Ma’lum bir joyning relefi ,tog‘ jinslari, tuproqlari, suvlari, o‘simligi va hayvonot dunyosi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Bu xususiyatlar haqidagi ma’lumotlar tabiiy geografik prognozlarda ishlatiladi.Prognozlashtirish borasida ko‘plab tasniflash ishlari amalga oshirilgan, bu yildan yilga ko‘payib borayotgan prognoz usullari miqdori bilan belgilanadi. Prognozlashtirish usullari bir qancha olimlar (S.A.Sarkisyan 1982; YU.G.Simonov va I.M.Zeydis 1982; T.V.Zvonkova 1987 va boshqalar) tomonidan ishlab chiqilgan.T.V.Zvonkova (1987) mavjud prognozlashtirish usullarini tahlil qilish bilan quyidagilarni ta’kidlaydi: mutaxassislar tomonidan taklif qilingan barcha tasniflar sxemasi etarli darajada takomillashmagan, chunki ularda ozmi-ko‘pmi tasniflanish tamoyillari buzilgan. Muallif quyidagi tasniflanish sxemasini geografik prognozlashtirish uchun taklif qilgan.
Landshaftlarni prognoz qilishda, V.A.Nikolaev [20, 21] ta’kidlaganidek, faqatgina geotizimlar rivojlanishining tabiiy tendensiyalarini anglash ularni ishonchli prognoz qilishni ta’minlamaydi. Tabiiy komplekslarning tabiiy evolyusiyasi va dinamikasiga qanday bo‘lmasin bevosita yoki bilvosita antropogen ta’sir bilan bog‘liq jarayonlar qo‘yiladi. Ular ularni rag‘batlantirishi yoki to‘xtatishi, kelgusida landshaftni sezilarli o‘zgartiradigan yangilarini hayotga chaqirishi mumkin. Demak, tabiat va ijtimoiy ishlab chiqarish o‘zaro ta’siri to‘g‘risidagi muhim holatlardan birini tan olish zarur. Prognoz geotizimlar dinamikasi va rivojlanishining tabiiy va antropogen tarkibiy qismlarini jamlashi lozim.
T.V.Zvonkova [10] fikriga ko‘ra prognoz vaqtlar-o‘tmish, bugun va kelajak qorishmasi sifatida uch guruh usullarga asoslanadi: retrospektiv (tabiiy muhit rivojlanishining tarixan barqaror va myeros qoladigan tendensiyalarini aniqlash); diagnostik (sabab-oqibat aloqalarini tahlil qilish) vaxususiy prognostik (o‘tmish va hozirgi barqaror prognostik belgilarni ekstrapolyasiya qilish).
Regional prognozda regionni yaxlit bir butun kabi hukmron landshat turlari rivojlanishining barqaror tendensiyalarini aniqlash muhim hisoblanadi. Birinchi vazifa klassik paleogeografik usullar bilan, ikkinchisi landshaft usullari (hozirgi landshaftlarning retrospektiv, makon-zamon tahlili va boshqalar) bilan hal qilinadi. Tarixiy davr mobaynida Orolbo‘yi landshaftlari rivojlanishini tahlil qilish hamda deltalar gidrorejimini tartibga solgandan keyingi ularning tarkibiy-dinamik holati ko‘rsatishicha, umuman muhitning umumiy qurib borish tendensiyasi qayd etiladi; irrigatsiyaning rivojlanishi hisobiga Amudaryo va Sirdaryo oqimi hajmining kamayishi, daryolar tabiiy suvliligining pasayishi va boshqalar bilan bog‘liq subakval geotizimlar maydonining qisqarishi hamda supyerakval va elyuvial hududlarning barqaror kengayishi qayd etiladi. Bu holatda tarkibiy-dinamik jihatdan ustun bo‘lgan alohida intensiv rivojlanayotgan landshaftlarni aniqlash muhim. Ularga Amudaryo va Sirdaryo deltalaridagi oq saksovulli va juzg‘unli efemyerli, past-baland barxan qumlari, sho‘rxok taqir tuproqlardagi va qoldiq sho‘rxoklardagi qora saksovulli yulg‘unli qorabaroqzorlar kiradi, ular grunt suvlari sathi 8-10 m pasayganda deltaning oldingi tirik qismlarida rivojlanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |