Foydalanish uchun adabiyotlar:
Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. O‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodi. – T.: “O‘qituvchi”, 1990. – b. 91-99.
Fitrat. Eng eski turk adabiyoti namunalari. – T.: “Mumtoz so‘z”, 2008.
Musaqulov A. Xalq lirikasi. – T.: “Fan”, 2010.
Mirzayev T. va boshqalar. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi xrestomatiyasi. –T.: “Aloqachi”, 2008.
Safarov O. Folklor – bebaho boylik. – T.: “Muharrir”, 2010. – B. 231-284.
Darsning mazmuni
Xalq og‘zaki ijodi badiiy tafakkur taraqqiyotining barcha bosqichlarida yaratilgan eng ilg‘or va hayotbahsh an’analarni o‘zida mujassamlashtirgan ma’naviy sarchashmasidir. Ana shu ma’naviy merosning eng qadimiy qatlamiga xos qadriyatlar tizimida o‘zbek bolalar o‘yin folklori an’analari alohida o‘rin tutadi.
Bolalar o‘yinlari shunchaki bo‘sh vaqtni ko‘ngilli o‘tkazish vositasi emas, balki yosh avlodni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalashning samarali usullaridan biri hamdir. Bobolarimiz o‘z farzandlarini umumbashariy tuyg‘ular, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida folklor asa rlarini yuksak ma’naviy qadriyatidan samarali foydalanib kelishgan.
O‘yinlar ham xalq ommasining ijodiy salohiyati natijasida yuzaga kelganligi, asrlar davomida badiiy-estetik an’ana tarzida yashab kelayotganligi, turli-tuman variantlarda ommalashganligi, badiiy so‘z (folklor) izchil tizim sifatida shakllangan harakat va ohang uzvlaridan tarkib topganligiga ko‘ra mohiyatan xalq og‘zaki ijodi namunasi hisoblanadi.
Bolalar o‘yin folklori namunalari faqat o‘yin jarayonida ijro etiladi, shuning uchun ham u o‘yinning tarkibiy qismi bo‘lib, shu o‘yin uchun zamin tayyorlaydi, yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi, ishtirokchilar faoliyatini kuchaytiradi, qiziqarli harakatlarni yuzaga keltiradi. Bunday folklor namunalari kichkintoylarni ijtimoiy kamol toptirish, ulardagi topqirlik, epchillik kabi hislatlarni o‘stirishga katta yordam beradi. Eng muhimi, bolalarning ham jismoniy, ham ma’naviy kamolotida bunday folklor asarlarining o‘rni benihoya.
O‘zbek bolalar o‘yin folklorining asosiy tarkibini o‘yin qo‘shiqlari tashkil etadi. Bolalar qo‘shiqlarining ko‘plari yil fasllari bilan bog‘liq. «Boychechak», «Oftob chiqdi olamga», «Chittigul», «Laylak keldi, yoz bo‘ldi», «Qurbaqa», «Qaldirg‘och» kabi qo‘shiqlarni bolalar tom boshida, dalalarda, qishloq ko‘chalarida aytishadi. Ular bahor kelishi, yomg‘ir yog‘ishi, quyoshning olamni isitishi, ilk chechak, birinchi qor kabi fasl va tabiat hodisalari bilan bog‘liq. «Bu bog‘chada olicha», «Zuv-zuv borag‘on», «Chamandagul», «Oq sholi, ko‘k sholi» va boshqa qo‘shiqlar turli davrda aytilaveradi. Ularda ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik, hunar va san’at bilan bog‘liq mehnat jarayonlari, kattalar hatti-harakatlariga taqlid aks etadi. O‘yinlar ham, qo‘shiqlar ham, bolalarning aqliy va jismoniy kamolotiga etishiga yordam beradi, ularda zavq uyg‘otadi. O‘yinlar bolalar folklorining murakkab turi bo‘lib, unda drama va musiqa unsurlari chatishib ketadi. O‘yinlarni kichik yoshdagi bolalar «Choriy chambar», «Hakkalakam» kabi sanama o‘yinidan, katta bolalar «Qushim boshi» degan topishmoqdan boshlaydi. Bolalar bog‘chalari, maktablardan o‘yindan keng foydalaniladi. Bolalar folklori yosh avlodni intizomli, jasur, qat’iyatli, qiyinchiliklarni engishga, o‘rtoqlariga yordam berishga tayyor bo‘lish singari yaxshi sifatlarga ega bo‘lib o‘sishlariga yordam beradi. Uning ayrim namunalari maktab darsliklari va o‘qish kitoblariga kiritilgan.
O‘zbek bolalarining ko‘plab an’anaviy o‘yini, qo‘shiqlari bor. Odatda, bolalar o‘z o‘yinlarini chek tashlash yoki sanamalar («Bir, ikki... o‘n olti», «Choriy chambar» va boshqalar), shuningdek, «O‘rta qo‘l topish», «Guldur gup» va boshqalar yordamida boshlaydilar. O‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida «To‘p», «To‘p tosh», «Chittigul» kabi o‘yinlar keng tarqalgan va o‘ziga xos qo‘shiqlari ham bor. Bolalar o‘z davrasida ularni aytish orqali qo‘shiqchilik mahoratini namoyish etadilar, akalari, kelinoyilari va boshqalarni tasvirlaydilar. Koptok o‘yinida aytiladigan qo‘shiq kaptokning er yoki devorga urilishiga hamohang bo‘lib, u orqali yutuqlar soni hisoblanadi. Harakat va ovozning ritmik birligi o‘ziga xos musiqiylik yaratib, bolaning o‘yin holatidagi kayfiyatini ifodalaydi. Unda ma’lum tarixiy davr, bolalar o‘sayotgan sharoit, oilaviy muhit va bunga ularning munosabati, shuningdek kayfiyat va kechinmalari yaqqol sezilib turadi.
Bolalar o‘rtasida keng tarqalgan, «Oq terakmi, ko‘k terak?», «Chuchvara qaynaydi», «Tepdim sandiq ochildi», «Dumsiz tulki», «Quyonim, quyonim ne bo‘ldi?» kabi o‘yin va ularning qo‘shiqlari O‘zbekistonning turli joylarida turlicha nomda uchrasa ham, mazmuni asosan bir xil. Bolalarning o‘zaro muomala madaniyatining oshishi, kirishimlilik, dilkashlik kabi fazilatlarining shakllanishi, shuningdek, ham jismoniy, ham ma’naviy o‘sishida bunday qo‘shiqlarning ahamiyati muhimdir.
O‘zbek bolalar o‘yin folklorining ayrim namunalarini ijro etishda o‘yinda ishtirok etayotgan kichkintoylar muayyan predmet yoki narsalardan foydalanadilar. Masalan, o‘yin harakatlarida asosan tosh, tayoq, yong‘oq, oshiq, suyak, danak, olma kabi predmetlardan foydalaniladi. Agar bu narsa-predmetlar bo‘lmasa, o‘yin harakatlari bajarilmaydi. Xalq orasida bunday o‘yinlar predmetli o‘yinlar deb nomladani. «Besh tosh», «Tosh otar», «Choyim-choyim», «Tosh olish», «Lappar», «Inoq», «Etti tosh», «Dov to‘pi», «Biz tayyor», «Chilim pes», «Zuvullatar», «Jona», «Buqurma tayoq», «Yong‘oq o‘yini» va boshqa o‘yinlar predmetli o‘yinlarning eng sarasi va qiziqarlisidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |