Hikmatli so‘zlar. Xalq maqollarining yangi-yangi namunalari xalqlar o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy aloqalarning rivojlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Yangi maqollarning paydo bo‘lishi allomalar, dono adiblar aytgan hikmatli so‘zlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ulug‘ mutafakkirlar donoligi-donishmandligining javohirlaridan biri bo‘lgan hikmatlar odamzotga dunyodagi tirik mavjudotlarni gultoji-a’losi bo‘lgan inson va insoniylik haqida saboq beradi. Har bir hikmat bitmas tuganmas xazina javohirlar konidir. Inson mol-dunyo, pul sarflab topa olmaydigan ma’naviy-axloqiy boyliklarga hikmatlar tufayli ega bo‘ladi.
Chunonchi Sa’diy aytganidek:
Go‘zallik dunyosi hikmat ichida,
Lazzatning asosi hikmat ichida.
Buzilgan fe’lila aynigan xulqning,
Eng o‘tkir da’vosi hikmat ichida.
- Yaxshilik qo‘lingdan kelmasa, yomonlik qilma.
- Qalbingni rohatda bo‘lishini istasang pok va xolis niyatli bo‘l.
- Yalqovlik muhtojlikning eshigidir.
- Bilmaslik ayb emas, bilishni istamaslik aybdir.
- Sukuk-salomatlikni, yaxshilik-izzatni, saxiylik-ulug‘likni keltiradi.
Ibn Sino: Uch narsa aqlga kuch beradi: olimlar suhbati, tajriba va sabot, uch narsa aqlga zarar keltiradi : tadbirsizlik, hafsalasizlik va shoshqaloklik.
Tahliliy nazar bilan o‘rganib, qiyoslasangiz agar, xalq ma’naviy-axloqiy boyligining durdonasi, qaymog‘i bo‘lgan hikmatlarda asosiy hayotiy tajribalar, odamlarning orzu-o‘ylari, his-tuyg‘ulari o‘zining falsafiy ifodasini topgan. hikmatlar tufayli insonlar o‘tmish bilan, ajdodlari bilan hamnafas bo‘ladi, ularning o‘gitlari, pand-nasihatlari, chaqiriqlari, ogohlantirishlari zamirida qanday falsafiy g‘oya, ma’naviyat saboqlari yotganlikni ilmiy idrok etadi, ulardan o‘zi uchun muhim hayotiy xulosalar chiqarib oladi. hikmatlar inson ma’naviyati va tafakkuri mahsuli sifatida odamning aqliga aql qo‘shadi, bilim saviyasini boyitadi va chuqurlashtiradi, zehnni o‘tkirlashtiradi, to‘g‘ri, rostgo‘y, mehnatsevar, mard, jasur, sabotli va matonatli bo‘lishga o‘rgatadi, eng yaxshi fazilatlarni targ‘ib etadi.
Hikmatlari zamirida insonparvarlik, xalqparvarlik, Vatanparvarlik g‘oyalari ustivorlik qiladi. Mehnatga, el-yurtga muhabbat, poklik, halollik, to‘²rilik, rostgo‘ylik, saxiylik kabi insoniy sifat va xislatlar targ‘ib qilinadi, dilozorlik, xudbinlik, johillilik, yalqovlik, tanballik, egrilik, badxulqlik, zominlik, manmanlik, takabburlik singari salbiy xislatlar qoralanadi.
Tarixda biz Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy ijodi bilan tanishar ekanmiz, aforizm deb atalmish muallifi aniq dono va hikmatli so‘zlarga duch kelamiz.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida o‘nlab hikmatli so‘zlarni uchratamiz: “Yesa, ichsa oxir bari och to‘yar, Ko‘zi och ochligin o‘lganda qo‘yar”.“Kishiga chiroydir uyat-andisha,U asrar nojo‘ya ishdan hamisha”. Aynan shunga o‘xshash fikr Ahmad Yassaviy she’rida shunday keladi: “Al hayoyu minal iymon” – Rasul aytdi”, ya’ni Hadisdan olingan parcha: “Hayo iymondan nishonadur”, - deyiladi. Ahmad Yugnakiy “Hibatu-l-haqoyiq” dostonida “Vale kiysang atlas, unutma bo‘zing” misrasini yozadi. Bu misra “Boy bo‘lsang, chorig‘ingni unutma” hikmatli so‘ziga mos keladi.
O‘zbek tilidagi hikmatli so‘zlar to‘plamini 1923-yilda “O‘zbekcha otalar so‘zi” (to‘plovchi va tuzuvchi Mullo Bekjon Rahmon o‘g‘li) deb nomlashgan.
Alisher Navoiy hikmatlari bilan qurollangan barkamol avlod jahonga yuz tutadi, Dunyo ilm ahli bilan umumbashariy mavzularda hech qo‘rqmasdan bellasha oladi. Zero, hazrat Alisher Navoiy bitganidek:
Agar hikmatga bo‘lsa iltifoting
Ki, bo‘lsin Nuh umricha hayoting.
Agar bilim olishga, dunyoning siru sinoatlarini o‘rganishga o‘zingda xohish topa olsang, o‘zingni shunga ko‘niktira olsang, olgan bilimlaring kelgusida o‘zingga asqotadi, deydi shoir. Bu hikmatni bir qarashda o‘quvchiga yaxshi niyatda uzoq umr berilishini so‘rab bildirilgan tilak sifatida qabul qilishimiz mumkin. Biroq nima uchun aynan Nuhning umrichalik umr to‘g‘risida fikr yuritilmoqda, shoir hikmatining mag‘zi ham shunda-da. Ushbu savolga Nuh ismli payg‘ambar bo‘lganligini uning hayoti, faoliyati haqida Rabg‘uziyning “Qissayi Rabg‘uziy” asaridagi “Nuh va kema” hikoyatini og‘zaki so‘zlab berish orqali javob topish va o‘quvchiga tushintirish mumkin.
O‘z vujudingga tafakkur aylagil.
Har ne istarsen, o‘zingdin istagil.
Ilm olish qiyinchiligidan qo‘rqqan odam bilim ololmaydi, bu yo‘lning mashaqqatlariga sabr va bardosh, qunt va chidam bilan harakat qilgan odamgagina ilm xazinasining eshiklari ochiladi. Har bir odam o‘z maqsadlari yo‘lida o‘zi kurashmog‘i zarur. Bunung uchun o‘z imkoniyatlarini chamalab ko‘rmog‘i, shu ish mening qo‘limdan keladimi, uddalay olamanmi, yo‘qmi deb o‘zini imtihon qilmog‘i, imkoniyatni faqat o‘zidan qidirmog‘i lozim. SHundagina, boshqalardan najot so‘rab o‘tirmaydi, o‘z-o‘ziga suyansagina orzu-niyatlari ro‘yobga chiqadi, deya yoshlarga murojaat qiladi shoir. O‘rni kelganda o‘z bilimiga ishonmay, turli xil yo‘llar bilan, o‘zgalarning ko‘magida oliy o‘quv yurtlariga kirib qolayotgan yoshlarimizning keyinchalik o‘qishni uddalayolmay talabalar safidan chiqarilayotganligini ham ta’kidlab o‘tish joizdir.
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Kimki o‘zini haqiqiy insonlar qatorida ko‘rishni istasa, xalqning g‘amu tashvishini o‘zining kulfati deb qaramog‘i lozim. Xalqning og‘irini engil qilish g‘ami bilan yashagan odamgina haqiqiy inson sanaladi. Ushbu so‘zlarni Navoiy shunchaki o‘git sifatida aytmagan, balki o‘zi ham bu ezgu fikrlarga amal qilgan. Kishilar g‘amida bo‘lish, yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish shoir hayotining mazmuniga aylangan. O‘zining vaqf erlaridan kelgan daromadlarini mamlakatni obod etish, xalq farovonligi yo‘lida sarflagan. Kanallar qazdirgan, madrasa, kutubxona, shifoxona qurdirgan, Muhtoj kishilarga kiyim-kechak tarqatgan, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlagan. Madrasalarda ilm toliblariga maosh to‘lagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |