Latifa. Xalq og‘zaki ijodi hayotning hamma sharoitiga mos asarlardan tashkil topgani yuzasidan fikr bildirgan edik. Latifalar ana shu fikrimizning yana bir dalili bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbeklar dunyodagi boshqa xalqlar kabi hazilni, taqlidni, kulgini yaxshi ko‘radilar. Kulgi insonga sog‘lik, yaxshi kayfiyat, o‘z-o‘zidan qoniqish tuyg‘usini bag‘ishlaydi. Xalqimizning dono farzandlari Yusufjon qiziq, Aka buxor, G‘anijon Toshmatov kabilar hayot mashaqqatli kechgan paytlarda ham yurtimiz ahliga tetiklik, umid, ishonch ulashganlar. Bunday natijaga erishish o‘z vaqti uchun juda og‘ir bo‘lgan. Latifalar, loflar, askiya, xalq dramasi asarlari, muqallidchilikdan unumli foydalanish zukko va iqtidorli insonlarni xaqiqiy ma’noda xalq sevgisini qozonish sharafiga muyassar qildi. Inson qalbidagi tashvishni, tanasidagi xastalik xurujini chetroqqa surishda kulgili latifalar juda samarali vosita hisoblangan. “Latifa” atamasi arabcha “lutf” (ﻟﻄﻑ) so‘zidan olingan bo‘lib, nozik fikrlash, yaxshilik qilmoq, muruvvat ko‘rsatmoq, sharaflamoq ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, lug‘atlarda latifa nozik, ixcham, kichik, chuqur va keng ma’nolarini ifodalaydi. Maxsus lug‘at hisoblangan Alisher Navoiy asarlariga tayyorlangan lug‘atda buyuk adibning shu o‘zakli so‘zlardan o‘n to‘rt ma’noda foydalangani qayd etiladi. Ular qatorida nozik ma’noli so‘zlar, ajoyib hikoyalardan tortib poklik, mehribonlik tushunchalarigacha o‘rin olgan. Xullas, og‘zaki ijodimizdagi bu janr atamasi har tomonlama uning shakli va mazmuni, maqsadi, vazifasiga mos ravishda tanlangan. Latifalarning janr xususiyatlarini quyidagicha belgilash mumkin:
1. Latifalar badiiy adabiyotdagi epik tur (jins) ga mansub. Ammo ijroda dramatik – aktyorlik mahorati ahamiyatli.
2. Latifalar shaklan nasrda yaratiladi.
3. Hajm jihatdan cheklangan.
4. Voqea ifodasida dialoglardan keng foydalaniladi.
5. Favqulodda kutilmagan yechimi kulgi uyg‘otadi.
Ilmiy adabiyotlarda qayd etilishicha, latifalarning shakllanishi va rivojlanishi IX-XI asrlarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, shu davrda oliy ilm darajasiga erishgan allomalardan birini yoqtirib qolgan podshoh o‘z saroyining qarshisiga olimga atab bolaxonali uy qurib beradi. Alloma ilmli, dono, hurfikr ekan. Ammo uning tashqi ko‘rinishi beso‘naqay, xunuk ekan. Kunlardan bir kun podshoh tong paytida o‘z tarafida turib tong havosidan to‘yib nafas olayotsa, qarshisidagi bolaxonadan olimning gavdasi ko‘rinibdi. Shunda podsho uning beso‘naqayligiga urg‘u berib:
- Mavlono, ko‘chaning narigi betida bir eshak turibdimi? – debdi.
Alloma shu zahoti hech ikkilanmay: - Yo‘q, olampanoh, men bu tomonga katta ko‘zgu – oyna qo‘ydirganman, - degan ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |