5. Maktabda qiziqarli kechalar o‘tkazish
Maktabda o‘tkir zehnlilar bahsini o‘tkazish o‘quvchilarning o‘zaro bilimini sinaydigan va boyitadigan vositalardan biridir. O‘tkir zehnlilar bahslari va tematik kechalar o‘tkazish hozirgi paytda qat’iy odat tusiga kirib bormoqda. Mana shunday qiziqarli ishlar bevosita o‘quvchilarni kitob bilan ishlashga, fikrlashga, mustaqil bilim olishga yordam beradi. SHuningdek, o‘z oldimizga fizika darslarida olingan bilimlarni aniq va tushunarli shaklda chuqurlashtirishni, bu bilimni amalda qo‘llanishini ko‘rsatishni, o‘quvchilardan ko‘proq bilim olishga intilishini rivojlantirishni maqsad qilib qo‘yamiz.
O‘tkir zehnlilar bahsi qat’iy reja asosida olib boriladi.
a) Kirish qismi: To‘garak rahbari, ya’ni maktabning fizika o‘qituvchisi bahs mavzusini aytib, uning nima maqsadda o‘tkazilayotganligiga qisqacha to‘xtaladi. So‘ngra komandalarga omad tilab, bir-birlarini tabriklashga ruxsat beradi.
b) Maruzalar: Tabrik so‘zidan so‘ng har ikkala komandalar tomonidan tayyorlab kelingan ma’ruzalar tinglanadi.
v) Savol-javoblar: YUqoridagi tashkiliy qism tamom bo‘lgandan so‘ng asosiy qism savol-javobga o‘tiladi. Savol-javobni berishi ham ikki xil usulda bo‘ladi. Birinchisi, bunda o‘quvchilarga beriladigan savollar hay’at a’zolari tomonidan tuzilgan bo‘lib, ular bir xil konvertlarga joylanadi va maxsus stolga tartib bilan terib qo‘yiladi. Komanda a’zolari navbati bilan savollarni tanlab olishadi va ularga javob qaytarishadi. Ikkinchisi, bunda birinchi komanda ikkinchi komandaga o‘zlari savollar beradi. Ikkinchi komanda berilgan savolga javob qaytaradi, va aksincha.
g) Badiiy qism: Badiiy qism alohida bosqichda emas, balki butun bahs davomida olib boriladi. Bunga deklomatsiya qilish, qo‘shiq va intermediyalar ijro etish bilan bog‘liq bo‘lgan badiiy havaskorlik ishlari kiradi.
Tayyorlangan nomerlar batartib, vaqt-vaqti bilan, masalan, komandalarga berilgan savollarga javob topish vaqtida hamda hay’at a’zolari ballarni jamlagunga qadar namoyish etib boriladi.
Bulardan tashqari, o‘quvchilar bahs davomida o‘zlari tayyorlagan fizika asboblarini, sxemalarni, plakatlarni turli xil maket va modellarni ham namoyish etib boradi.
d) YAkunlovchi qism: Bunda hay’at raisi to‘plagan ballarni umumlashtirib, g‘olib chiqqan komanda e’lon qilinadi. G‘olib chiqqan komanda maktab rahbarlari tomonidan rag‘batlantiriladi hamda har ikkala komandaga aktiv ishtirok etgan va tez topqirlik qilgan o‘quvchilar ham rag‘batlantiriladi. SHu tarzda o‘tgan o‘tkir zehnlilar bahsi o‘quvchilar va boshqa qatnashchilar xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi.
Xulosa: Biz yuqorida aytganimizdek, o‘quvchilar va boshqa qatnashchilar xotirasida uzoq vaqt saqlab qolishlari uchun ma’ruzalar 5–6 minut atrofida bo‘lib, savollar ham qiziqarli, aniq bo‘lsa, o‘quvchilar zerikib qolmaydi. Savollarni ham sharoitga qarab ko‘paytirish yoki kamaytirish mumkin.
Maktablarda tashkil etilgan bunday to‘garak va bahs kechalari o‘quvchilar qalbida Vatanimizning fan va texnika sohasida erishgan yutuqlaridan faxrlanish hissini uyg‘otadi. O‘quvchilar to‘garakda va bahs kechasida respublikamiz olimlari, injener-texniklari erishgan va qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan tanishadi.
Bahs kechasi o‘quvchilar bayramidir, bunda hamma narsa ko‘zni quvontiradigan rangda bo‘lishi, hech bir jihatdan darsga o‘xshamasligi kerak.
Quyida «Turmushda elektr» bahsiga oid savollar namunasi keltirilgan:
1. Birinchi elektr lampochka qaerda va qachon yongan?
2. CHo‘g‘lanma lampani kim birinchi kashf etgan?
3. Uylarimizda ishlatiladigan elektr lampochkalarning poezd, tramvay, trolleybuslarda ishlatiladigan lampochka va patronlardan qanday farqi bor?
4. Simlarni ulashda nega ular ham buraladi, ham qalaylanadi?
5. Elektr lampochkalar viklyuchatellarini nima uchun vodoprovod jo‘mraklari yaqiniga o‘rnatib bo‘lmaydi?
6. Nega elektromagnit chulg‘amlari izolyasiyali simlardan yasaladi?
7. Elektr plitka spirali qanday metalldan tayyorlanadi?
8. Qisqa tutashuv nima?
9. Akkumulyatorlarni nega qisqa tutashtirish mumkin emas?
10. Qo‘ng‘iroq tugmasi qanday tuzilgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |