2.O‘qitish texnologiyasining elementlari.
O‘qitish texnologiyasining asosiy elementlariga o‘quv mazmunini o‘quvchilarga o‘qitish metodlari, o‘qitish shakli, vositasi va tashxislash kabilar kiradi .
Biz yuqoridagi mavzularda o‘qitish texnologiyasining shakli, vositasi va metodlari haqida to‘xtalib o‘tganmiz. Endi o‘qitish texnologiyasida tashxislashni amalga oshirish ustida to‘xtalib o‘tamiz. Tashxislash va baholash o‘qitish texnologiyasining natijasi ifodasidir .
Ta’lim sifatini tashxislash va baholash bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalardir. Pedagogik tashxislash ta’rifi 1968 yilda K.Ingenkamp tomonidan taklif etilgan. Uning fikriga ko‘ra pedagogik tashxislash jamiyatni rivojlantirish uchun o‘quv-tarbiya jarayonini shart-sharoiti va natijalarini tartibga solish va maqbullashtirish uchun tatbiq etiladi.
Har qanday pedagog o‘zining u yoki bu faoliyati samaradorligini baholashni, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini tezgina to‘g‘rilashni, o‘zgartirishni istaydi. Pedagogik faoliyatning xususiyati shundaki, natijani aniqlash uchun ma’lum bir vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi. Pedagogik tashxislash pedagogik faoliyatning ajralmas qismi hisoblanib, ta’lim-tarbiya jarayonini amalga oshirish bu jarayonni tahlil qilish va baholashni talab etadi.
Pedagogik tashxislashning o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning muayyan tashxislash obyekti mavjud bo‘lib, bu pedagogik jarayondir. Pedagogik tashxislash o‘quvchidagi u yoki bu o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan pedagogik jarayonning o‘zgarishini bashoratlaydi va hisobga olib boradi.
Pedagogik tashxislash pedagogik faoliyatning boshlang‘ich bosqichi ham, tugallanuvchi bosqichi ham bo‘lmasdan, bir pedagogik vazifani bajarilishi bilan yakunlanmaydigan davriy xarakterga ega. Pedagogik tashxislashda olingan natijalar o‘qituvchining innovatsion faoliyatini amalga oshirish uchun kuchli turtki bo‘lishi mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarining o‘ziga xos xususiyatlarini bilib olishi bilan, o‘z ishini samaraliroq bo‘lishi uchun yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolarni aniqroq ko‘rishga harakat qiladi. Shunday qilib,
Pedagogik tashxislash - o‘quv jarayonini maqbullashtirish, o‘quvchilar bilim darajasini farqlash, ta’lim dasturi va metodlarini takomillashtirishga qaratilgan monitoring va baholash usullari majmuidir.
Pedagogik tashxislashda o‘qituvchi quyidagilarni hisobga olishi zarur:
nimani, nega o‘rgatish kerak;
qanday darajada o‘rgatish kerak;
qanaqa metodlar, vositalar, pedagogik va axborot texnologiyalari, ularning integratsiyasidan foydalanib o‘rgatish kerak;
qanday sharoitda (o‘zini-o‘zi bilish, o‘zini-o‘zi nazorat qilish, o‘zini-o‘zi baholash) o‘rgatish kerak va h.k.
Pedagogik tashxislashninng asosiy metodlari test, og‘zaki so‘rov, yozma ishlardir . Pedagogik tashxislash ta’lim jarayonining natijasini hisobga oladi. Natija-pedagogik faoliyatning yakuni bo‘lib, u yutuqlar va muvaffaqiyatli bo‘lishi ham, muvaffaqiyatsiz bo‘lishi ham mumkin.
Natija – oldindan belgilangan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan, faoliyat oxirida aniqlanadigan, maqsadli o‘zgarishdir. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, natija qo‘yilgan maqsadga yo‘naltirilgan jarayon tugagandan keyingi holat. Bu holat ijobiy ham, salbiy ham bo‘lishi mumkin.
Faoliyat natijasi maqsad bilan bog‘liq. Maqsad- ta’lim jarayonidan kutilgan natijaning ifodasi. Maqsadga, ya’ni kutiladigan natijaga pedagogik vazifani hal etish orqali erishiladi. Shuning uchun maqsad ham, kutiladigan natija ham ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi qismlardan tashkil topib, shaxsga ta’lim beruvchi, tarbiyalovchi va rivojlantiruvchi bir butun jarayon sifatida qaraladi (1-rasm).
1-расм. Pedagogik faoliyatda maqsad va natija
Natijaviylik esa mahsuldorlik, samaradorlik ya’ni ta’lim jarayoni yakunida ijobiy natijaga erishishdir.
Informatika ta’limi jarayonida natija va natijaviylikka erishganlikni baholash orqali aniqlash mumkin. Natijani baholash uchun baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari belgilangan bo‘lishi kerak. Baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari o’quvchi shaxsning rivojlanish bosqichining asosiy g‘oyasi, maqsadi va vazifasidan kelib chiqib informatika o‘qituvchisi tomonidan ishlab chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |