407 – guruh talabasi Sharipova Nilufar
Adabiyot nazariyasi
28 – amaliy mashg‘ulot
Mavzu : Immanent tahlilga xos xususiytlar. Abdulla Qahhorning “Anor” va “Daxshat” hikoyalari misolida
Immanent tahlil “kontekst” tushunchasini biron bir asar doirasi bilan cheklab olsa, komtekstual tahlilda esa “kontekst” tushunchasining ko‘lami kengayib boradi (konkret asar “yozuvchi biografriyasi”, “muallif yashagan davr, shart- sharoitlari”, “muallifning ijodiy merosi”, “asar yaratilgan davr adabiyoti”, “milliy adabiy an’analar” kabi kontekstlar doirasiga kiradi). Kontekstual tahlil asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishga yo‘l ochsa, immanent tahlil asarda tasvirlangan narsalarga (va, albatta, undagi muallif obraziga) tayangan holda o‘quvchiga o‘z mazmunini shakllantirish imkonini beradi. Mutaxassisdan farqli o‘laroq, oddiy o‘quvchilarning asarni tushunishida immanent tahlil unsurlari yetakchilik qiladi ( shu bois ham o‘quvchilar ongida konkret asarning turfa talqinlari mavjud). Zero, aksariyat o‘quvchilar uchun konkret asarning qay maqsadda, qanday omillar ta’sirida yozilgani ahamiyatsiz – ular asarning o‘zinigina taniydilar, uning o‘zidangina zavq oladilar. Aksincha, adabiyotshunos olim uchun bularning barchasi muhim, chunki asarni tarixiylik tamoyiliga tayanib, biografik yoxud sotsiologik metodlar asosida tekshirib chiqarilgan xulosalar adabiy – nazariy tafakkur rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular, tabiiyki, badiiy adabiyot rivoji hamda badiiy did tarbiyasiga faqat bilvosita ta’sir qiladilar, bu xil xulosalar bilan badiiy didga bevosita ta’sir qilishga urinish esa adabiyotga faqat ziyon keltiradi. Demak, badiiy asani alohida butunlik sifatida ham, kontekst doirasida ham tushunish ( tahlil va talqin qilish) mumkin, - ikkisining ham o‘z o‘rni, vazifasi va maqsadi tayinlidir.
“Abdulla Qahhor boy tajribali, badiiy so‘z san’atini puxta egallagan yozuvchidir. Uning barcha asarlarini kitobxonlar katta e’tibor bilan sevib o‘qiydilar. Uning tili va uslubi katta masterlar darajasida. Xarakterlari aniq, bir-biridan keskin ajralib turadi. Abdulla Qahhor... Chexov ijodiyoti uchun xarakterli va biz uchun ayniqsa qimmatli bo‘lgan mahorat sirlarini o‘rgandi, formaning mukammalligiga erishdi. Bu kichik hikoya yarata bilish, tugal kompozitsiya yarata bilish, muxtasarlik, aniqlik va tilning soddaligi. Obrazlar, kartinalarning hayron qolarli darajada xarakterli va ifodali bo‘lishi, hayotnic hinakamiga realistik aks ettirish bilan bog‘liq edi”, - deb yozadi Oybek. Abdulla Qahhorning hajm jihatidan kichik, ikki-uch sahifadan oshmaydigan “Anor”, “O‘g‘ri”, “Ko‘r ko‘zning ochilishi” singari hikoyalari allaqachon darsliklardan o‘rin olgan bo‘lib, ular fikrning lo‘ndaligi, badiiy to‘laqonligi, jumlalarning nihoyatda silliqligi, chuqur ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘rilganligi kishini hayratda qoldiradi.
Abdulla Qahhor so‘zga shunchalik xasiski, agar bu mitti durdonalarning har birini qayta hikoya qilgudek bo‘lsa, hikoyaning o‘zidan ko‘ra ko‘p joyni egallagan bo‘lar edi. Yozuvchi tilining hayratomuz ramziyligini, o‘z qahramonlari qalbiga teran kirib borishini, ularning qayg‘u va alamlariga chuqur insoniy munosabatda bo‘lishini aytmaysizmi?! Misol uchun “O‘g‘ri” hikoyasini olaylik. Juda katta fosh etuvchi kuchga ega bo‘lgan, hayotning og‘ir yuki ostida ezilib, adoyi tamom bo‘lgan bir kichik odamga nisbatan mehr va xayrixohlik hissi bilan sug‘orilgan bu hikoya bor yo‘g‘i uch betdan iborat, xolos!
Adabiyotimizda hali hech kimga nasib etmagan bu uslub lo‘ndaligi, til ramziyligi, so‘z bilan tasvirlash mahorati yozuvchining kichik janrdagi asarlarigagina emas, balki uning qissa va romanlariga ham xos xususiyatdir.
Abdulla Qahhor qalamiga mansub “Anor” hikoyasi 30-yillarda sho‘ro istibdodi kuchaygan mafkuraviy tazyiq davrining mahsulidir. “Anor” 30-yillarning, ya’ni sotsrealizmning shafqatsiz zanjirlari ostida badiiylik g‘oya tashuvchisiga aylangan davrning mahsuli. Haqiqiy badiiy asar qaysi davrda yaratilmasin va qaysidir o‘rinda mafkura tazyiqiga bo‘yin eggan bo‘lmasin, u badiiylik qoidalari asosida yaratiladi, bo‘ysunish kerak bo‘lsa, badiiyat qonunlarigagina bo‘ysunadi degan talab bilan yondashganda Qahhorday “har bir so‘zida ijtimoiy ruh ufurib turgan”(O.Sharafiddinov) adibning ixcham bir hikoyasi struktural tahlilning qat’iy andozalariga dosh berarmikin, degan gumon ham yo‘q emas. Qolaversa, hozirgi poststrukturalizm postmodernizmga sinonim sifatida qaralayotgan bir davrda ushbu tahlil usulining imkoniyatlarini yana bir karra esga olmoq mavridimikan, degan shubha ham tug‘ilishi mumkin.
Hikoya janrining xos xususiyatlari haqida jahon hikoyasozlaridan biri Somerset Moem shunday ta’rif beradi: “Hikoya o‘n minutdan bir soatgacha vaqt oralig‘ida o‘qiladigan, tahrirda hech narsa qo‘shib bo‘lmaganidek, undan hech narsani ham uzib olib tashlab bo‘lmaydigan badiiy butunlik ”.
“Anor” hikoyasi ham o‘zining hayotiy voqealari bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi. Hikoyada yoshgina oila tasviri beriladi. Hikoya Turobjonning uyiga shoshilib kelishidan boshlanadi. Uning shoshilishi natijasida yaktagining yengi yirtiladi, erning kelishini orziqib kutgan xotin esa unga shoshilib tuyilayotgan jo‘xorisini to‘kib yuboradi. Zo‘rg‘a kun kechirayotgan oila uchun bu og‘ir ko‘rgulik, biroq bu ikkala yosh bu ko‘ngilsiz hodisaga e’tibor bermaydilar. Turobjon bir necha kundan beri yuzi yorishmagan xotinini quvontirmoqchi, xotini esa, hamma narsadan aziz bilgan mevasini tugunchada ko‘rmoqchi. Er esa tugunchani xotinining qo‘liga tutqazib qo‘ymaydi, uni orqasiga yashirib, tegishdi. Asarda yosh kelin-kuyovning o‘zbekona oilaga xos holati aniq tasvirlanadi.
“Akajon, degin!”- yalintirmoqchi bo‘ldi er. “Akajon! Jo-on aka!...” - Turobjon kutganidan ortiqroq javob berdi xotini. Er kutganiga erishsa ham bo‘sh kelmadi; “Nima berasan!” Xotin bisotidagi borini o‘rtaga soldi; “Umrimning yarmini beraman!...” Umrining qolgan yarmi o‘tib bo‘lgandi, shuning uchun ham dono xotin qolganini eriga bag‘ishlashini aytdi. Er rozi bo‘ldi shekilli: “Tugunchani
berdi. Xotini shu yerning o‘zida, eshik oldida o‘tirib tugunchani ochdi-da, birdan bo‘shashib ketdi... ”. Tugundan xotin kutgan narsa chiqmaydi, balki er noyob deb bilgan asalarining uyasi bo‘ladi. Kambag‘al xotin umrida asal yemagan, aslida buni ko‘rib quvonib ketishi kerak edi, biroq u quvonib ketmadi. Xotinining quvonib ketmaganini ko‘rgan, uni ustiga yerga to‘kilgan jo‘xori, yengi yirtilgan yaktak, hammasini bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazgan Turobjon tutoqib ketadi va xotiniga baqiradi. “Axir boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da! -dedi do‘ppisini qoqmasdan boshiga kiyib, -anor, anor....Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa!”. Bu gap xotiniga yomon ta’sir qiladi. Yozuvchi o‘zbek ayolining xarakterini, milliyligini, oilaning muqaddasligini shu Turobjonning xotini orqali ifodalab beradi. Hikoyada obrazlarning xarakterini qisqa va lo‘nda so‘zlar orqali ko‘rsatib beradi. Ovqatlanish jarayoni, undan keyingi uyning orqa tomoniga o‘tib qayt qilishi, erning tutoqishi, xotin bilan urishish uchun bahona qidirishi o‘zbek erlariga xos tasvirlangan. Ayniqsa, xotinning asalning puliga anor berishini aytganda Turobjonning javobi yanada achinarli tasvirlanadi. “ Berar edi. Anor olmay asal oldim... Ajab qildim, jigarlaring ezilib ketsin!” So‘nggi iboraga adib anchagina badiiy yuk yuklaydi. Ayol kishi, ayniqsa, boshi qorong‘i ayol uchun bundan ortiq haqorat bo‘lmasligini hikoya davomida ikki bor eslatadi.
“Anor” hikoyasi yoshlar obrazi asosan Turobjon , ayollar obraziga esa uni xotinini olish mumkin. Abdulla Qahhorning har bir hikoyasida yoshlar obrazi asosiy rol o‘ynaydi. Turobjon obrazi orqali 30-yillardagi kambag‘al o‘zbek oilasining erkagi tasvirlanadi. Turobjon har qancha harakat qilmasin, xotinini ko‘nglini olmasin, baribir uni yegisi kelgan narsani topib bera olmaydi. Oxiri ayolining ko‘nglini olish uchun o‘g‘irlikka qo‘l uradi. Asarda bir qarasang Turobjon bo‘sh-bayov, qo‘polroq qilib aytganda, lapashang qilib tasvirlanadi. Hikoyani tahlil qilish jarayonida shunga amin bo‘ldikki, Turobjon biz o‘ylaganchalik , lapashang emas, aksincha, mas’uliyatli, erkak sifatida ko‘ramiz, chunki u oilaning, xotinining rayiga qarab, xatto anor o‘g‘irlashgacha boradi. Turobjonning xotini og‘ir, bosiq, sodda o‘zbek ayoli. U faqat erini, oilasini biladi. U uchun oila muqaddas. Biroq boshi qorong‘i xotin uchun faqat anor ko‘rinadi. Shu anorni deb er-xotin o‘rtasida janjal chiqadi. “Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjon buni ta’na deb tushundi.
- Nima, men seni olganimda kambag‘alligimni yashirganmidim? Erkaboyga o‘xshab chimildiqqa birovning to‘ni, kavush-maxsisini kiyib kirganmidim? Bunda yarmoning bo‘lsa hali ham serpulroq odamga teg.
- Ikkita anor uchun xotiningizni serpul odamga oshirgani uyaling! Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. “Jigaring ezilib ketsin” degani xotinga qancha alam qilgan bo‘lsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi.
- E, hoy, anor olib bermadimmi? – dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qo‘rqqulik edi, - sira anor olib kelmadimmi?
- Yo‘q! – dedi xotin birdan boshini burib.
- Turobjonning boshi g‘ovlab, ko‘zi tindi.
- O‘tgan bozor kuni yegan anoringni o‘ynashing olib kelganmidi?!
- O‘ynashim olib kelgan edi!
Turobjon bilolmay qoldi: xotinning yelkasiga tepib, so‘ngra o‘rnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; o‘zini obrezni oldida ko‘rdi. Xotin rangi oppoq, ko‘zlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:
- Qo‘ying... Qo‘ying... Turobjon chiqib ketdi. Birpasdan keyin ko‘cha eshigi ochilib yopildi.”
Ruhiy jarayonlar tasviridagi san’atkorlikni qarangki, shu hodisadan keyin er xotin orasidagi “ziddiyat” keskinlashish o‘rniga birdan bo‘shashib ketadi, xotin eridan kaltak yesa ham undan sira xafa emas, aksincha, eriga qattiq gapirganiga pushaymon, er sho‘rlik bo‘lsa yana xotin ko‘nglini ovlash, ovitish payida nihoyat, u xotinini deb qaltis ishga qo‘l uradi, xotinini ko‘ngli uchun o‘g‘irlik qiladi! Bunday ruhiy holat va xatti-harakat tasviri asar g‘oyasini yana ham ochib yuboradi, inoq oilaning tinchini buzgan, halol odamlarni nojo‘ya ishlarga majbur etgan narsa ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik ekanini yana bir bor tasdiq etadi. Ko‘rinib turibdiki, hikoyadagi har bir holat, xatti -harakat zamirida inson qalbining jilosi yotibdi, shu jilolardan xarakter jamoli namoyon bo‘lyapti, asar ideyasi tug‘ilyapti. Faqat “Anor”dagina emas, mashhur hikoyalarining barchasida yozuvchi inson qalbini, uning qalbidagi ruhiy jarayonlarni ko‘rsatishga katta e’tibor beradi; bu narsa yozuvchini allaqachon e’tiqodiga, ijodidagi bosh estetik prinsiplaridan biriga aylanib qolgan.
“Dahshat” hikoyasining bosh qahramoni Unsin. U ayol, yosh bo‘lishiga qaramay jabrga qarshi dadil bosh ko‘taradi, erk uchun kurashga kiradi, zolim bilan olishadi, garchi, bu olishuvda halok bo‘lsa ham, kurashib, zolimni tahlikada qoldirib, uni ma’naviy jihatdan yengib, so‘ng halok bo‘ladi. Xuddi mana shu narsa qahramondagi aktivlik asardagi dramatizmni o‘tkirlashtiradi, unga shiddatkor tus beradi.
Hikoya shiddatli shamol tasviridan boshlanadi. Yaydoq daraxtlar shoxida chiyillab, g‘uvillab, tomlarda vishillab, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortayotgan kech kuzak shamoli manzarasi chiziladi. Bu manzara g o‘yo bo‘lajak dahshatli hodisaning arakchisiday tuyuladi. Muallif tabiatning dahshatli hodisasi tasviridan darhol odamlar orasidagi munosabatlar tasviriga k o‘chadi, o‘quvchi diqqatini Olimbek dodho dargohiga jalb etadi: “Olimbek dodhoning sakkiz xotini katta kundosh Nodirmohbegimning uyiga yig‘ilib sandal atrofida o‘tirishar edi. Shunda dodho kirib keladi. Hamma to‘zidi: xotinlardan biri uning sallasini oldi, biri chakmoniga qo‘l uzatdi, biri mahsisini tortgani chog‘landi... Kundoshlarning eng kichigi – bu dargohga tushganiga besh oygina bo‘lgan kelinchak –ganjiravonlik Unsinoy chilim solib tutdi.” G‘oyat ixcham lavha. Shu qisqa dramatik lavhaning o‘ziyoq dodho dargohi ayollar uchun zo‘rlik va zulm o‘chog‘i, kontrastlar uyasi ekanligidan dalolat berib turibdi.
Sakkiz xotin, sakkiz xil xarakter. Biroq hammasi dodhoga mute. Shu mutelik ularning zimiston hovlida yashashga majbur qiladi. Ular hayotlaridan nolimaydi, go‘yoki jannatda yashayotgandek, bu mutelikka qarshi hech bir ayol isyon ko‘tarmaydi. Gapdan gap chiqib dodhoning katta xotini Nodirmohbegim bitta qo‘ydan garov bog‘lashib go‘ristonga pichoq sanchib kelaman deb halok bo‘lgan yigit haqidagi voqeani aytib beradi... Bu gap hammaning etini jimillashtiribyuboradi.
Muallif gapni asosiy masalaga olib kelib taqaydi. Mana endi xarakterlar orasidagi bevosita to‘qnashuvlar tasvirida ham muallif vaziyat va holatni birinketin kuchaytirish, tobora keskinlashtirish, bir lavhachadan ikkinchisiga tezkorlik bilan o‘tish yo‘lini tutadi: “Uzoq jimlikdan keyin Unsin yonida o‘tirgan kundoshiga shivirlab:
- O‘lsin, nokas odam ekan; bitta qo‘yni deb... koshki arziydigan narsa bo‘lsa! – dedi.
Bu gapni dodho eshitib qoldi. Uning nafsoniyati qo‘zg‘aldi. Dodhoday odam go‘riston deganda tizzasi qaltirasa, birov “olamga podsho qilaman” degan taqdirda ham bormasa, borolmasa-yu, bu qiz, mushtday boshi bilan “arziydigan narsa bo‘lsa men boraman” desa!
Dodho g‘ashi kelib Unsinni masxara qildi:
- Obbo, tegirmonchining qizi!.. Bitta qo‘yni nazarlari ilmaydi! Nechta qo‘y bo‘lsa arzir edi? Sen o‘zing o‘nta qo‘y bersam pichoq sanchib kelasanmi? Yuzta qo‘y, davlatimning yarmini bersam borasanmi?
Unsinoy bozvontidagi tangalarni o‘ynab:
- Menga davlat kerak emas, davlat kerak bo‘lsa borar edim, - dedi.
Bu gap dodhoga tegib ketdi.
- Nima kerak?
Unsin indamadi. Dodhoning savoli javobsiz qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak yeydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi.
- Javob bersang-chi!
- Tildan qoldingmi?!
Yonida o‘tirgan kundoshi tirsagi bilan biqiniga ikki –uch turtganidan keyin Unsin boshini ko‘tarib, balo-qazoday tikilib turgan dodhoga bir ko‘z tashladi-yu, yana boshini egib, lekin dadil javob berdi:
- Javob bersangiz... Ganjiravonga ketsam... Bitta go‘rga bitta pichoq emas, o‘nta go‘rga o‘nta pichoq sanchib kelaman...”
Muallif bu yerda ham go‘yo voqea dinamikasiga jindek tormoz berib oladi. Unsinning jasorati, dadil gapi shu zamonning o‘zida dodhoga yetib borganida qanaqa jiddiy vaziyat yuz berishi mumkin edi. Shu o‘rinda dodho obraziga ko‘proq diqqat qilishimiz kerak, chunki bitiruv-malakaviy ishimizda oddiy xalq hayotini yoritishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz. Dodho qarib qolgan bo‘lsa ham uni sakkizta xotini bor. Uning bir oyog‘i go‘rda, go‘rdan qo‘rqadi, biroq uning uyida ochilmagan gullar parvona bo‘lib uni parvarishlaydi. U bu yoshida sajdaga bosh qo‘yib, uyida xudo deb o‘tirishi kerak, to‘g‘rirog‘i, oqibati va oxiratini o‘ylashi kerak. U esa qizi tengi qizga uylanib o‘tiribdi, endi esa shu
mushtdekkina qizning o‘zi erkinligi uchun kurashi dodhoga yoqmaydi. Biroq dodho Unsindan bunday gapni kutmagani uchun yanglish tushunadi. Bu ham qarilikning alomati. “Tag‘in nima qilasan Ganjiravonda, borib kelganingga ikki oy ham bo‘lgani yo‘q-ku!” – deydi u Unsinga. Vaziyatning bu xilda o‘ng‘arilishi o‘tirganlarni xursand qiladi: Nodirmohbegim sandal ichidan oyo g‘ini uzatib Unsinning boldirini chimdiladi, “hayriyat , tushunmadi, bas gapirma”, deb ishora qildi”.
Shu o‘rinda Nodirmohbegim obraziga to‘xtalsak, dodhoning eng katta xotini, uni ham keksa avlod vakiliga qo‘shsa bo‘ladi, chunki kundoshlarining ayrimlari uning qizi tengi bo‘ladi. Nodirmohbegim Unsinga ham rahmi keladi, ham achinadi, shuning uchun ham dodho bilan bo‘lgan konfliktda vaziyatni yumshatishga harakat qiladi. Hatto asar oxirida Unsinning o‘limidan keyin, dodhoning birinchi rafiqasi bo‘lishiga qaramay uning kulbasidan butunlay ketadi. Bir so‘z bilan aytganda Nodirmohbegim mehribon ona va mehribon kundosh sifatida tasvirlanadi.
“Unsin jonidan kechgan kishining shijoati bilan dodhoga tik qaradi:
- Yo‘q men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz, demoqchiman. Gapni aytgan Unsinu, boshqalar o‘tirgan joyida yerga qapishib ketdi”. Bunday shijoatni kutmagan dodho lol bo‘lib qoladi. U o‘zini qariganini balkim, shu joyda yaxshiroq xis qilgan bo‘lsa kerak. Biroq muallif bu haqida to‘xtalmaydi. Dodho Unsin bilan muomala usulini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.
U Unsinga qabristonga borib pichoq sanchib kelishmas, balki qumg‘on qaynatib kelishni buyuradi. Unsin rozi bo‘ladi, biroq dodhoga labzidan qaytmasligini aytadi. Dodhoning dami ichiga tushib ketadi. Uning fikricha, bir gadoyvachchaning dargohidan ketishiga oshiqishi xuddi haqorat bo‘lib tuyuladi. Dodho eski zamonning eski odamlaridan, Unsinning erkinlik uchun kurashi unga haqoratdek tuyulsa-da, biroq uni oshkor qilmaydi. Ich-ichidan Unsinning shijoatiga tan beradi. Biroq Unsinning qo‘rqitish usulini bir qanchasini qo‘llaydi. Ayniqsa maymunning qabristonga borishi, Unsinning yelkasiga chiqib olishi asosiy rejalaridan biri edi. Unsin oldida turgan g‘ovlarning eng oxirgisi va jiddiysi bevosita dodho bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi. Bu bilan muallif Unsin boshiga tushgan hamma musibatlarning chinakam aybdori dodho ekanini o‘quvchiga yana bir bor eslatib o‘tadi. Mabodo, Unsinning go‘ristondagi sarguzashti va sarguzasht tufayli tug‘ilgan dramatik holati hikoyadagi bosh ziddiyat bilan – Unsin va dodho orasidagi ziddiyat bilan bog‘liq holda olib qaralmaganda, Unsin musibatlarining aybdori dodho emas, balki tabiat stixiyasidangina iborat qilib qo‘yilganda hikoyadagi dramatizm bu qadar o‘tkir va hayajonli chiqmagan, o‘quvchini bunchalik to‘lqinlantirmagan bo‘lar edi. Asarning oxirida Nodirmohbegim va dodho orasida Unsin tufayli bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv-janjal haqida ma’lumot beriladi, Nodirmohbegimning Unsinga ko‘rsatgan himmati qayd etiladi.
Hikoyada oddiy xalq hayotidan dodho va Nodirmohbegimni ko‘rishimiz mumkin. Asardagi qolgan obraz o‘rta yosh va eng yosh kabi obrazlarga bo‘linadi. Chunki hikoyada asosiy obraz ikkita keksa avlod vakili dodho va uning katta xotini Nodirmohbegim bo‘lsa, dohoning sakkizinchi xotini yosh obraz sifatida, asarning qahramoni bo‘lib gavdalangan Unsin obrazidir. Asarning mavzusi ham, g‘oyasi ham bu uchala obrazga borib taqaladi. Ulardan biri ishtirok etmasa go‘yo asarning mazmun va shakli o‘zgargandek bo‘lib qoladi. Yozuvchi keksa avlod vakillarining xarakterini ochishda bevosita yosh avlod vakillaridan foydalangan.
Agar asarda Unsin bo‘lmaganda, dodhoning ham, Nodirmohbegimning ham xarakteri, hikoyadagi o‘rni ochilmay qolar edi.
“Dahshat” hikoyasi dramatik elementlarning mo‘lligi, syujet dinamikasining keskinligi, kartinalarning aniqligi, xarakterlarning lo‘ndaligi jihatidan boshqa hikoyalaridan ajralib turadi. “Dahshat” muallifning o‘z iborasi bilan aytganda, “o‘tmishning o‘z vaqtida yozilmay qolgan hikoyalari”dan. Unda muallif o‘zbek ayolining burun zamonda ko‘rgan kunini, fojiali taqdirini ko‘rsatmoqchi. Payg‘ambar yoshidan oshib qolgan dodho oilasiga sakkizinchi kundosh bo‘lib kelgan yosh kelinchak Unsinning bu dargoh daxshatidan qutilish yo‘lidagi intilishi va bu intilishning barbod bo‘lishi asarning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Demak, asar qahramoni – tengsizlik qurboni. Yozuvchi 30-yillarda o‘tmish hayotidan qator hikoyalar yozgan, ularda ijtimoiy tengsizlik qurboni b o‘lgan kimsalar taqdirini tasvirlagan edi. Agar “Dahshat”ni o‘sha hikoyalarga solishtiradigan bo‘lsa, bu yerda muallifning anchagina ilgarilab ketganini payqash qiyin emas. Bu narsa hammadan burun asar qahramonining faolligida, xarakterlar to‘qnashuvining keskinligida, dramatizmning o‘tkirligida ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |