7-rasm. Schyotning tashqi ko‘rinishi Schyotlarda mol-mulk va uning manbasining hisobot davri boshi hamda oxiridagi holati aks ettiriladi. Schyotlarga hisobot davrining boshiga ma’lumotlari buxgalteriya balansining aktiv va passiv qismlari moddalaridan olib yoziladi. Ushbu ma’lumotlar qoldiq yoki saldo deb ataladi. Ayrim hollarda ba’zi bir schyotlarda saldo bo‘lmasligi ham mumkin. Debet va kreditda aktiv yoki passsivlarning tarkibidagi o‘zgarishlar aks ettiriladi. Hisobot davri ichida schyotning debet qismida yozilgan summalar debet oborot, kredit qismiga yozilgan summalarni kredit oborot deb ataladi.
Buxgalteriya hisobi schyotlarini turkumlashdan asosiy maqsad amalga oshirilgan xo‘jalik muomalalarini umumlashtirish, olinadigan ma’lumotlarni soddalashtirishdan iboratdir. Shu bilan birga mablag‘lar harakati yuzasidan nazorat ishlarini to‘g‘ri tashkil qilishni ta’minlashdir.
8-jadval Buxgalteriya hisobi schyotlarining turkumlanishi
Doimiy schyotlar - bu hisobot davri oxiriga saldoga ega bo‘lib, buxgalteriya balansida aks ettiriladigan aktivlar, majburiyatlar, sarmoyalar schyotlaridir.
Aktiv schyot (A) - bu aktivlarni aks ettirishga mo‘ljallangan schyot bo‘lib, unda iqtisodiy resurslarning qoldig‘i va ko‘payishi schyotning debetida, kamayish esa kredit bo‘yicha aks ettiriladi.
Passiv schyot (P) - bu majburiyat va sarmoyani aks ettirishga mo‘ljallangan schyot bo‘lib, unda majburiyat va sarmoyaning qoldig‘i va ko‘payish schyotining krediti bo‘yicha, kamayish esa debet bo‘yicha aks ettiriladi.
Kontr-aktiv schyot (KA) - bu u bilan bog‘lik bo‘lgan aktiv schyotning saldosidan chegiriladigan moliyaviy hisobotda aktivning sof qiymatini aks ettiruvchi schyotdir.
Kontr-passiv schyot (KP) - bu u bilan bog‘lik bo‘lgan passiv schyotning saldosidan chegiraladigan moliyaviy hisobotda majburiyat yoki sarmoyaning sof qiymatini aks ettiruvchi schyotdir.
Tranzit schyotlar (T) - bu hisobot davrida foydalaniladigan, lekin yopiladigan Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladigan hisobot davri oxiriga qoldiqqa ega bo‘lmaydigan daromadlar va xarajatlarning vaqtinchalik schyotlaridir.
Balans schyotlari deb, balansda qatnashadigan schyotlarga aytilib, ular bo‘yicha ikki yoqlama yozuv amalga oshiriladi.
Balansdan tashqari schyotlar (BT) - bu korxonaga qarashli bo‘lmagan, lekin vaqtinchalik tasarrufida bo‘lgan, aktivlarning mavjudligi va harakati, shartli huquqlar va majburiyatlar haqidagi axborotni umumlashtirishga mo‘ljallangan schyotlardir. Bu schyotlar boshqa schyotlar bilan o‘zaro bog‘lanmaydi va korxonaning hisobotida aks ettirilmaydi.
Sintetik schyotlar xo‘jalik mablag‘lari va ular manbalari haqida umumiy va qiymat ko‘rinishidagi ma’lumotlarni olish maqsadida hisob yuritishga mo‘ljallangan.
Analitik schyotlar ma’lumotlari xo‘jalik mablag‘lari va ularni manbalarini nafaqat qiymat, balki natura hamda mehnat o‘lchovi birliklarida yuritishga mo‘ljallangandir. Analitik schyotlar bo‘yicha buxgalteriya provodkalari amalga oshirilmaydi.
Korxona ba’zi xo‘jalik mablag‘lari hisobini yuritishda bir necha bahodan foydalanish zaruriyati tug‘iladi. Shunday mablag‘lar va ular tashkil topish manbalari hisobini yurituvchi schyotlar tartibga soluvchi schyotlar deb ataladi.
To‘ldiruvchi schyotlar tegishli mablag‘ va ular tashkil topish manbalari hisobini yuritishga mo‘ljallangan schyot ma’lumotlarini to‘ldirish uchun mo‘ljallangan.
Taqsimlovchi schyotlar. Bu schyotlar korxonaning ba’zi bir xarajatlarini hisobga olish va ularni kalkulyatsiya obyektlari yoki hisobot davrlari o‘rtasida to‘g‘ri taqsimlash maqsadida qo‘llaniladi
Yig‘ib taqsimlovchi schyotlar. Bu schyotlar ma’lum xo‘jalik jarayonidagi xarajatlarni bir oy davomida hisobga olish, bu xarajatlarni iqtsiodiy mazmuniga qarab, guruxlashtirish va ularni kalkulyatsiya obyektlari o‘rtasida oldindan qabul qilingan biror bazisga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlash uchun xizmat qiladi.
Kalkulyatsiya schyotlari korxona faoliyatida mahsulotlar, sotilgan tovarlar, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar tannarxini aniqlash uchun xarajatlar hisobini yuritishga mo‘ljallangan.
Taqqoslovchi schyotlar ayni bir muomalalar yoki korxonaning butun bir moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining natijasini aniqlash uchun ishlatiladi.
Xo‘jalik mablag‘lari turi va joylanishini ko‘rsatuvchi aktiv schyotlarning xususiyati shundaki, mablag‘larning ko‘payishi debet, mablag‘larning kamayishi esa schyotning kredit tomonida aks ettiriladi.
Aktiv schyot xususiyatini quyidagi chizmada yaqqol ko‘rishimiz mumkin: