Polilog. Ikkidan ortiq ishtirokchilarning nutqidan tuzilgan suhbat polilogdir. Polilog hamma til xususiyatlari jihatidan dialogning o’zidir. Faqat unda suhbatdoshlarning soni ko’proq bo’ladi. So’zlovchi o’rtaga tashlagan muammoga birdan ortiq ishtirokchi o’z fikrlarini bildirishi mumkin.
O’qituvchi sinfda og’zaki nutqning turli shakllaridan foydalanadi. Quyi sinflarda ko’proq nutqning dialog va polilog shakli o’rinlidir, chunki suhbat usuli shunga asoslanadi. Monologik nutqdan o’qituvchi hikoya, tasvir, ta’rif, tavsif xarakteridagi mavzularni bayon etishda foydalanadi. Monologik nutq tarix, adabiyot darslari uchun xos bo’lganidek, dialogik nutq ona tili, matematika darslarida qo’l keladi. O’qituvchi har bir darsda og’zaki nutqning hamma shakllaridan foydalanishi lozim.
O’qituvchi o’rganilayotgan mavzu va material o’quvchilarga to’la yetib borishi, ularning xulqiga ta’sir etishini ko’zda tutgan holda aytilayotganlarga mos harakatlar ham qiladi: ko’z, qosh, qo’l, yuz, bosh, kift harakatlarini ishga soladi. Bunday harakatlar tasdiqni, inkorni yoki mazmunlikni va hokazolarni ifodalashi mumkin. Harakat o’z o’rnida bo’lsa, yoqimli kechsa foyda keltiradi. Ammo hadeb o’rinli-o’rinsiz harakatlar qila berish o’quvchini zeriktirib yuboradi.
Pedagogik vazifani muvaffaqiyatli bajarishi uchun o’qituvchining nutqi ma’lum talablarga javob berishi, ya’ni kerakli kommunikativ sifatlarga mos bo’lishi kerak. Nutq bir necha normalarga mos bo’lishi kerak: zamonaviy normalarga, ifodalilik talablariga va adabiy til normalariga.
Pedagogik nutqning to’g’rilik, aniqlik, moslik, leksik boylik, ifodalilik va tozalik kabi kommunikativ sifatlari o’qituvchi nutqining madaniyatini belgilaydi.
O’qituvchi nutqining muhim fazilatlaridan biri ifodalilikdir. Ifodalilikkina nutqning tinglovchi tomonidan qabul qilinishini ta’minlaydi. Ifodalar sodda, ammo katta mazmunga ega bo’lgan nutq tinglovchida qiziqish uyg’otadi va uning onggiga tez yetib boradi. Ifodalilik nuqtai nazaridan qaralganda kishilarning nutqlari xilma-xildir. Hatto bir mavzuga bag’ishlangan turli kishilarning nutqi turlicha ifodalanishi mumkin. Bunday nutqlarning biriga tinglovchi qiziqib qarasa, boshqasiga nisbatan loqayd munosabatda bo’ladi
O’qituvchi nutqining aniqligi. Aniqlik nutqining muhim fazilatlaridan biri sifatida qadimdan ma’lum. G’arb mutaffakirlari ham, SHarq olimlari ham aniqlikni nutq sifatlarining birinchi sharti hisoblaganlar. Aristotel: «Agar nutq noaniq bo’lsa, u maqsadga erishmaydi»,- degan bo’lsa, Kaykovus: «Ey farzand, so’zning yuz va orqa tomonini bilgil, ularga rioya qilgil, so’zlaganda ma’noli gapir, bu notiqlikning alomatidir. Agar gapirgan vaqtingda so’zning qanday ma’noga ega ekanligini bilmasang qushga o’xshagansan…»-deydi.
Aniq nutq yaratish so’zlovchidan quyidagilarni o’rganish va ularga amal qilishni talab etadi:
a) tilning sinomimik imkoniyatlarini bilish va sinonimik qatorlardan kerakli variantlarni ajratib nutqda qo’llash;
b) nutqda ishlatiladigan so’zning anglatgan ma’nolarini har tomonlama bilish; nojiddiy, tahminiy qo’llashlardan qochish, chunki betayin so’z qo’llash nutqni beburd qiladi;
v) so’zni ko’p ma’noliligiga jiddiy e’tibor berish, ko’p ma’noli so’z nutqda qo’llanganda uning qaysi ma’no qirrasi ko’zda tutilayotganligini aniq tasavvur qilish; fikrning yuzaga chiqishida bu so’zning boshqa ma’no qirralari monelik qilish-qilmasligini ko’z oldiga keltirish;
g) omonimlarning xususiyatlarini bilish, chunki, ularni bilmaslik aniqlikning buzilishiga olib keladi;
d) paronimlarni bilish, ulardagi tovush yaqinliklariga e’tibor berish;
e) tor muhitda ishlatiladigan, chetdan kirgan, kasb-hunarga oid arxaik, eskirgan, dialektizm so’zlarning ma’nolarini yaxshi anglagan holda nutqqa kiritish.
Do'stlaringiz bilan baham: |