Qirgʻiziston bilan 2017 yil 6 oktyabrda Kosonsoy suv omboridan davlatlararo foydalanish toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitim imzolandi.
2017-2018 yillarda Katta Namangan, Chap qirgʻoq Norin kanallariga barqaror suv ta’minoti amalga oshirildi, Fargʻona vodiysi viloyatlarining Qirgʻiziston bilan chegara mintaqasida joylashgan suv xoʻjaligi obʼyektlariga xodimlarning oʻtib-qaytish masalasi hal qilindi.
2018 yilgi yozgi sugʻorish mavsumida 600 mln. kVt/soat elektr energiya olinib, Qirgʻizistonning Toʻxtagul suv omboridan qoʻshimcha 495 mlrd.m3 suv chiqarilib, Sirdaryo havzasida joylashgan Fargʻona vodiysi, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi ekin maydonlarining suv tanqisligi sezilarli darajada kamaytirildi.
Bugungi kunda suv xoʻjaligi boʻyicha ikki tomonlama komissiya tuzish ishlari olib borilmoqda.
Suv resurslarini boshqarish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslarini oqilona boshqarish va undan samarali, tejamli foydalanishni tashkil etish, suv xoʻjaligi obʼyektlarini yagona tizim asosida ekspluatasiya qilish maqsadida 2018 yil 12 fevralda Suv xoʻjaligi vazirligi tashkil etildi.
Ushbu vazirlik tarkibiga jami 225 ta suv xoʻjaligi ekspluatasiya tashkilotlari, 73 ta davlat unitar korxonalari hamda Irrigasiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti kiritildi. Bundan tashqari “Oʻzsuvloyiha” AJ va “Suvmash” AJning davlat ulushlarini boshqarish ham vazirlikka yuklatildi. Mazkur vazirlikda bugungi kunda 40 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda.
Vazirlikning asosiy vazifasi etib hududlarni va iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash, yerlarning meliorativ holati yaxshilash, kanal va kollektor tarmoqlarini, suv omborlari, nasos stansiyalari va gidrotexnik inshootlari betalofat ishlashini ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalar va uslublarni joriy qilish kabi muhim yoʻnalishlar belgilab berildi.
Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi kompleksi katta va juda murakkab kompleksdir. Respublikamizda sugʻoriladigan 4,3 mln. gektar maydonning suv ta’minotini amalga oshirish va meliorativ holatini barqaror ushlab turish uchun 180 ming km sugʻorish tarmoqlari, 140 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari, 47 ming 105 dona davlat hisobidagi suv xoʻjaligi inshootlari, shundan 800 tasi yirik inshootlar, 134 ming dona Suv iste’molchilari uyushmasi va fermer xoʻjaliklari hisobidagi gidrotexnik inshootlar, yillik elektr energiyasi sarfi 8,2 mlrd.kVt boʻlgan davlat hisobidagi
1 ming 693 dona nasos stansiyalari, Suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 9 ming 397 dona nasos agregatlari, umumiy hajmi 19,8 mlrd.m3 boʻlgan 55 ta suv ombori, 5 mingdan ortiq tik sugʻorish quduqlari, 3 ming 787 ta tik drenaj va 25 mingga yaqin kuzatuv quduqlari, 3 ming 777 ta turli xildagi meliorativ mashina va mexanizmlar, shu jumladan 1 ming 178 ta ekskavator va 320 ta buldozerlar mavjud.
Mamlakatimizda yildan-yilga suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni, jumladan tomchilatib sugʻorish tizimlarini keng joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
2013-2017 yillar davomida respublika boʻyicha 43 ming gektardan ortiq maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi.
Xabaringiz bor, 2018 yil 28 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrda “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4087-son qarori tasdiqlandi.
Mazkur qarorda quyidagilar gʻoʻza yetishtirishda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilishni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
2019-2020 yillarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan quyidagicha qoʻllab-quvvatlash tartibi belgilandi:
a) paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga 8 mln soʻm subsidiya taqdim etiladi;
b) ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 mln soʻmdan oshmaydigan qismining10 foizli punkti miqdorida qoplanadi;
v) byudjet mablagʻlarini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish talabi paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish boʻyicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi;
g) tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xom ashyo 2021 yilning 1 yanvariga qadar bojxona bojini toʻlashdan ozod etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi ishchi guruhlar tuzildi.
Ishchi guruhlar faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot-tahlil departamenti muvofiqlashtirib boradi. Respublikada Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlardagi qishloq xoʻjaligi boshqarmalari ishchi guruhlarning ishchi organlari hisoblanadi.
Mavjud gidrotexnik inshootlarimiz, kanallar va nasos stansiyalari oʻtgan asrning 60-70 yillarida qurilib, hozirda ularni yangilash va qayta tiklash talab etilmoqda.
Shu sababli yaqin besh yil mobaynida umumiy suv sigʻimi 2,7 mlrd.m3 boʻlgan 14 ta yangi suv omborlarini quriladi hamda mavjud 8 tasi rekonstruksiya qilinadi.
2017-2018 yillar davomida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida mavjud kanallar foydali ish koeffisenti (KPD) 0,64 dan 0,72 ga, lotok tarmoqlarida esa 0,6 dan 0,85 ga yetkazildi hamda loyihalar hududida yillik 850 mln.m3 suvni iqtisod qilinishiga erishildi.
Respublikamizda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, meliorativ tarmoqlarni barqaror ishlashini ta’minlash boʻyicha 2008-2017 yy. Meliorasiya jamgʻarmasidan 2 trln. 575 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar ajratilib, 148 ming 116 km.dan ortiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 9 ming 635 dona vertikal drenaj quduqlari, 452 dona meliorativ nasos stansiyalar, 12 ming 728 dona nazorat quvurlari va boshqa meliorativ obʼyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-tiklash tadbirlari amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida loyihalar hududidagi2,5 mln. gektardan ortiq sugʻoriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi, yer osti sizot suvlari sathi me’yor darajada ushlab turilishiga hamda ularning yomonlashuvining oldi olinishiga erishildi.
Nasos stansiyalarda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari natijasida 50 mln.kVt.soat atrofida elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda, 485 ming gektar nasos stansiyalarga bogʻlangan maydonlar kafolatli suv bilan ta’minlandi.
Shuningdek, bugungi kunda suv xoʻjaligi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.
Gidrotexnik inshootlarda boshqaruvni avtomatlashtirish va masofadan turib boshqarish va ma’lumot uzatish - SCADA tizimi oʻrnatilmoqda.
Masalan, “Qorasuv” kanalining bosh suv olish inshooti hamda “Taxiatosh” gidrouzelida gidrotexnik inshootlarning boshqaruvi toʻliq avtomatlashtirilib, 2018 yilda ishga tushirildi;
Tuyamoʻyin suv ombori «Oʻng qirgʻoq» kanalidan suv oluvchi «Ellikqal’a» va «Boʻston» kanallarida SCADA tizimini oʻrnatish va ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda;
Amu-Buxoro mashina kanali tizimidagi “Amu-Buxoro-1”, “Amu-Buxoro-2”, “Qiziltepa”, “Qiziltepa-1” va “Quyimozor” nasos stansiyalarida SCADA tizimini oʻrnatish va ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining 7,0 mln. dollar grant mablagʻi evaziga «Smart Water» (Aqlli suv) – manbadagi suv sarfini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkonini beruvchi Koreyaning ilgʻor informasion tizimi joriy qilinmoqda.
Loyiha doirasida 61 ta asosiy suv obʼyektlariga Smart Water qurilmasi oʻrnatilib, ushbu obʼyektlardan suv va ob-havo ma’lumotlari (suv sarfi va hajmi, havo harorati, yogʻingarchilik miqdori va h.k.) hamda qurilmaning kuzatuv kamerasidan foto va videolar onlayn rejimda avtomatik tarzda vazirlikning yagona axborot tizimiga uzatiladi.
Bundan tashqari, suv xoʻjaligi vazirligining yagona elektron ma’lumotlar bazasi, Geoaxborot tizimlari dasturiy ta’minotidan foydalangan holda barcha suv xoʻjaligi tarmoqlari va ulardagi inshootlarning raqamli xaritalari ishlab chiqilmoqda.
Yuqorida ta’kidlanganidek Oʻzbekiston yirik suv xoʻjaligi kompleksiga ega boʻlgan mamlakat boʻlib, oʻzining iste’molchilarini suv bilan ta’minlash harajatlarini qariyib toʻlaligicha davlat byudjetidan moliyalashtirmoqda. Jumladan, har bir kub metr suvni iste’molchiga yetkazish uchun oʻrta hisobda 44,5 soʻm, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida 60 soʻmdan 101 soʻmgacha mablagʻ sarflamoqda.
Shunday boʻlsada, qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan maqsadli va samarali foydalanishda maydonlarni koʻllatib sugʻorish, ekinlarining sugʻorish tartib va texnikasiga rioya qilmaslik, suvning qat’iy hisob-kitobini joriy qilinmaganligi, sugʻorishning zamonaviy ilgʻor texnologiyalarini qoʻllanmasligi, suv iste’molchilari tomonidan suvni behudaga kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizib qoʻyilishi, kanallarni tozalanmaganligi va inshootlarni ta’mirlanmaganligi natijasida kanallar foydali ish koeffisiyentining (FIK) past darajada qolayotganligi, Suv iste’molchilari uyushmalarining moddiy-texnik va kadrlar ta’minoti yetarli darajada emasligi, ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida haq toʻlamaslik kabi bir qator muammolar hamon yechimini kutib turibdi.
Qanchalik mashaqqatlar bilan dalalarga yetkazib berilayotgan qimmatbaho suv resurslariga nisbatan xoʻjasizlarcha munosabatning yorqin misollari sifatida birgina slaydlarda koʻrishimiz mumkin.
Bugungi kunda Respublikamizning oʻrtacha suv resurslari 51,0 mlrd.m3 boʻlib, shundan 46,0 mlrd.m3 suv qishloq xoʻjaligida foydalanib kelinayotgan boʻlsa ushbu suvlarning 30 foizi yoki 15,0 mlrd.m3 qismi ichki xoʻjalik tarmoqlarining nosozligi sababli texnik yoʻqotishlarga sarflanmoqda.
Yerlarning meliorativ xolatini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan tadbirlar koʻlami kengligiga qaramasdan koʻpgina xollarda rekonstruksiya qilinganiga 2-3 yil boʻlgan zovur tarmoqlari tashlama suvlarni notoʻgʻri tashlanishi va oʻz boshimchalik bilan qurib olingan toʻgʻonlar natijasida toʻlib qolib ishlamay qolmoqda.
Suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanish boʻyicha kelgusida oldimizda koʻplab amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalar turibdi. Jumladan:
- Suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish;
- Gidrotexnik inshootlarning texnik holatini yaxshilash;
- Suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish;
- Suvning tezkor boshqaruvi va hisob-kitobini yoʻlga qoʻyish;
- Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash;
- Ichki ariqlarni tartibga solish;
- Quloqlarni gidropostlar bilan jihozlash;
- Maydonni sugʻorishga talab darajasida tayyorlash;
- Sugʻorish muddatlari va me’yorlariga amal qilish;
- Suvni tajaydigan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish (kultivasiya, egat oralab va sharbat bilan sugʻorish)
- Suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.
Suv xoʻjaligi tashkilotlarida boshqaruv faoliyatining samaradorligi, qabul qilinayotgan qarorlarga bogʻliq. Korxonadagi butun savol va muammolar zanjiri, ularning aniq yechimi va boshqaruvchiga yuklangan, ishlab chiqarish, texnik, ijtimoiy, iqtisodiy, marketing va huquqiy vazifalar qarorlarni toʻgʻri qabul qilish va oʻz vaqtida bajarilishiga bogʻliq.
Do'stlaringiz bilan baham: |