So‘z qo‘llash bilan bog‘liq xatolar. So‘zning noto‘g‘ri qo‘llanishi jumlaning umumiy mazmuniga sezilarli ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun «Bandlikka ko‘maklashuvchi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan ijtimoiy xizmatga olingan 17,6 mingdan ziyod yolg‘iz keksa sog‘lomlashtirildi» gapida xizmat so‘zining noo‘rin qo‘llanishi natijasida keksalar xizmatga olingan degan ma’no kelib chiqqan. «Hashar davomida 1700 tup ko‘chat o‘tkazildi» jumlasida ajratilga so‘z aslida «o‘tqazildi» tarzida ishlatilishi kerak.
Orfografik xatolar. Odatda, imloviy kamchiliklar ko‘p tanqid qilinadi. Ammo shunday so‘zlar borki, ularning xato varianti ommalashib ketgan. Bunday so‘zlar sirasiga «tatqiq» (aslida «tadqiq»), «ohangrabo» (aslida «ohanrabo»), «poyafzal» (aslida «poyabzal»), «hech qisi yo‘q» (aslida «hechqisi yo‘q»), «bejizga» (aslida «bejiz»), «avf» (aslida «afv») va boshqalarni kiritish mumkin.
Inson tafakkur qilish borasida har qancha yuksaklikka ko‘tarilmasin, bu boradagi yutuqlari, bilimini so‘z orqali aniq va ochiq-oydin ifodalay olmasa, uning erishganlari sirliligicha qolaveradi. Insonning vazifasi aytadigan fikrining boshqalar tomonidan qabul qilinishiga erishishdan iborat. Qabul qilish jarayoni esa nutqning qay darajada aniq ifoda etilishiga bog‘liq. Demak, nutqning aniqligi – nutqiy madaniyatning, nutq mas’uliyatining muhim sharti.
Nutqning sofligi unda ortiqcha, «begona» so‘zlarning yo‘qligiga qarab aniqlanadi. Albatta, aslida tilda bunday so‘zlar yo‘q, ammo so‘zlovchining ulardan tez-tez va noo‘rin foydalanishi tufayli shunday holat yuzaga keladi. Afsuski, ko‘pchilik o‘z nutqida o‘zining «sevimli» so‘zlaridan foydalanadi. Masalan: deylik, demak, xo‘sh, to‘g‘risini aytganda, ko‘rayapsizmi, tushunarlimi, ha, shunday qilib, tushunasiz-ku, haligi, nima desam ekan va hokazo. Bu tinglovchida juda xunuk taassurot qoldiradi.
Odatiy so‘zlashuv jarayonida bu so‘zlar nutqning sofligiga putur yetkazayotganini baholay olmaslik mumkin, lekin so‘zlovchining ijtimoiy maqomi, makon, zamon va vaziyat nuqtai nazaridan nutqning bunday zararlanishi jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Deylik, omma qarshisida nutq so‘zlamoqdasiz, nutqingizdagi «begona» so‘zlar tufayli nafaqat fikringizga e’tibor qaratishmaydi, balki laqab to‘qish, muhokama qilish, mazaxlash kabi illatlarga ham yo‘l ochib bergan bo‘lasiz.
«Begona» so‘zlar nutqimizda qay tarzda paydo bo‘ladi? Birlamchi sabablardan biri hayajonlanish bilan bog‘liq. Shuningdek, omma oldida so‘zlay olmaslik, fikrini yetkazishda kerakli so‘zni topa olmaslik va nihoyat shaxsiy so‘z boyligining g‘aribligi ham nutq sifatiga ta’sir qiladi. Nutqiy soflikka intilish muloqot ko‘nikmasini yuqori bosqichga olib chiqadi.
Muloqot jarayonida so‘zlovchiga qo‘yiladigan eng muhim talablardan yana biri tushunarlilikdir. Rus olimi Mixail Speranskiyning ta’biricha, «sizni tushunishmadimi, gapirganlaringiz safsatadan boshqa narsa emas».
Nutq uchun tushunarlilik talabi nega muhim? Chunki u bevosita nutqning natijasini belgilaydi.
Lug‘at boyligini qo‘llanish sohasi nuqtai nazaridan ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin:
qo‘llanish sohasi cheklanmagan leksika, unga umum qo‘llanadigan va barcha uchun tushunarli bo‘lgan so‘zlar kiradi;
qo‘llanish sohasi cheklangan leksika. Unga dialektizmlar, jargonizmlar, atamalar, ya’ni muayyan sohada, xususan, hududiy, ijtimoiy, kasbiy jihatdan alohida sohalarda foydalaniladigan so‘zlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |