Matn va uning turlari. Matn sintaksisi tilshunoslikning yangi bo‘limlaridan biridir. «Matn» arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, «yozilgan, ko‘chirilgan yoki bosilgan ijodiy, ilmiy asar, nutq, hujjat va shu kabilar yoki ularning bir parchasi» ma’nosini anglatadi.2
Mazmun tugalligi, tuzilishi, bog‘lanish vositalari, ohang va uslub jihatidan o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan nutq parchasi matn hisoblanadi. Matn nutq ko‘rinishi bo‘lib, vazifasi jihatidan tugal nutqiy butunlikdir.3 Har bir matn murakkab tuzilish va mazmunga ega bo‘lgan og‘zaki va yozma ijod namunasi hisoblanadi.
Matnning shakllanishida til vositalaridan: so‘z, so‘z birikmasi va gap muhim o‘rin tutadi. So‘z ob’yektiv borliqdagi narsa-predmet, harakat-holat, miqdor, belgi-xususiyat kabilar haqidagi tushunchani anglatuvchi lisoniy birlik bo‘lib, nutqqacha mavjud bo‘ladi. Har bir so‘z tovush va ma’no tomoniga ega bo‘lib, uning ma’no nozikliklari nutq jarayonida yuzaga chiqadi.
So‘z birikmalari esa ikki yoki undan ortiq mustaqil so‘zlarning semantik-sintaktik jihatdan tobelie munosabati asosida shakllanadi. So‘z birikmalari nutqqa xos bo‘lib, u muloqot jarayonida hosil qilinadi. So‘z birikmalari gap hosil qilish uchun xizmat qiladi.
Gap matn hosil qilishda faol qo‘llanuvchi lisoniy birlik bo‘lib, u ham nutqiy hodisa hisoblanadi. Gapning rang-barang ko‘rinishlari nutq vaziyati, so‘zlovchi va tinglovchilarning kommunikativ maqsadi asosida hosil qilinadi.
Matn tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1. Makromatn. 2. Mikromatn.
Matn har xil axborotni etkazishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: 1. Badiiy matn. 2. Publitsistik matn. 3. Ilmiy matn. 4. Rasmiy matn.
Makromatn. Makromatn matnshunoslikning o‘rganish ob’yekti hisoblanadi. Yozilgan, aytilgan nutq, kitob, gazeta, jurnal va shu kabilar rasm, jadval bezaklardan boshqa qismi, rasmiy hujjatlarning shart va izohlardan boshqa qismi, musiqa asarlariga asos bo‘lgan so‘zlar, she’rlar makromatnning ko‘rinishlaridir.
Mikromatn. Mikromatn tilshunoslikning o‘rganish ob’yekti bo‘lib, yuqori darajadagi sintaktik butunlik hisoblanadi. Tilshunoslikda mikromatnga yuqori darajadagi sintaktik birlik, murakkab sintaktik butunlik, supersintaktik butunlik sifatida qaraladi. Mikromatn murakkab sintaktik butunlik sifatida tarkibiy qismlari mavzusining umumiyligi bilan ajralib turadi.
Xullas, murakkab sintaktik butunlik bir necha gaplarning semantik-sintaktik yaxlitligi asosida hosil qilinuvchi o‘ta murakkab lisoniy birlik bo‘lib, u yaxlit nutq parchasiga, uning biror qismiga teng kelishi mumkin. Murakkab sintaktik birlik ham mazmunan, ham sintaktik jihatdan yaxlit butunlik bo‘lib, umumiy mavzuni to‘la va batafsil bayon etishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |