Tavsifiy (monologik) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yoxud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi. Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyat ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi. Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, sodda gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan ham keng foydalaniladi.
Ixtisoslikka oid matn tuzishda esa quyidagilarga e’tiborni qaratish lozim:
matnning qaysi nutq uslubida yozilishi kerakligini oldindan bilish;
ixtisoslikka oid so‘z va shartli belgilarni to‘g‘ri tanlay olish va o‘rinli joylashtirish;
so‘z va terminlarni imlo me’yorlariga rioya qilgan holda yozish;
tanish bo‘lmagan yoki faol qo‘llanmaydigan termin, shartli belgi yoki qisqartmalarga qavs ichida izoh berish;
ixtisoslikka oid terminlarni boshqa tillardan o‘zlashtirish va so‘z yasashda milliy tilning tabiatini nazarda tutish;
-terminlarni o‘rinsiz takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularninng ta’sirchanligini oshirish maqsadida leksik, morfologik va sintaktik sinonimiya imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanish va boshqalar.
Umuman ixtisoslikka oid so‘z va terminlarni to‘g‘ri tanlash hamda qo‘llash nutq madaniyatining, kasbiy bilimdonlikning muhim sharti hisoblanadi. So‘z va termin tanlashda quyidagilarga e’tibor berish zarur: so‘zning lug‘aviy ma’nosini bilgan holda tanlash;
tanlangan terminni aniq talaffuz eta olishni nazarda tutish;
so‘zning, terminning tushunarli bo‘lishini hisobga olish;
terminning ma’no xususiyatiga asoslanib, uni maqsadga muvofiq tarzda tanlash;
baynalmilal terminlarni adabiy tilning leksik me’yoriga muvofiq holda tanlash;
terminni matn mazmuniga mos tarzda tanlash;
so‘z va terminni matnning uslubiy xususiyatiga mos ravishda tanlash.
Har qanday matnni unda ifodalangan axborotning hajm belgisiga ko’ra minimal matn va maksimal matn tiplariga ajratish mumkin. Badiiy uslubda yozilgan matnda minimal matn deb biror mavzuni yoritishga bag’ishlangan qatralar, xalq donishmandligini ifodalaydigan maqol, metal va aforizmlar, mimiatyuralar, hajviy asarlar, nomalar, she’r va she’riy parchalar, umuman kichik mavzuni qamrab oluvchi bir necha gaplardan iborat butunlik tushuniladi. Matnning ichki tomonini mazmun yaxlitligi, tashqi tomonini esa turli shakldagi bog’lamalar, sintaktik vositalar birlashtirib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |